«Putin qasri» qurilishidan qolgan 6,5 mlrd rubl «qaytim» Alina Kabayevaga o‘tkazib berilgan — Navalniy jamoasi surishtiruvi
Bu mablag‘lar xayriya niqobi ostida qimmatbaho soatlar xarid qilish va prezidentning farzandlari uchun maxsus «yopiq» yig‘inlar tashkil etishga sarflangani aytilmoqda.

Gelendjikdagi «Putin saroyi» qurilishi tugagach, ishlarni moliyalashtirish bilan shug‘ullangan kompaniya hisobida 6,5 milliard rubl ortib qolgan. Bank tranzaksiyalarini o‘rgangan Navalniy jamoasining surishtiruvida ta’kidlanishicha, ushbu pullar Alina Kabayevaga o‘tkazib berilgan.
Sxema qanday ishlagan?
Navalniy jamoasi eslatishicha, Gelendjikdagi «Putin saroyi» kompaniyalar zanjiri orqali «Investitsionnыye resheniya» firmasiga tegishli. Uning aksiyadorlari — Putinning uch nafar qadimiy do‘sti: yurist Nikolay Yegorov, tadbirkor Ilgam Ragimov va sobiq kursdosh Viktor Xmarin. Bu kompaniya Britaniya Virgin orollaridagi ofshorlardan qarzlar olgan va pullarni keyingi zanjir orqali saroy qurilishiga yo‘naltirgan.
Barcha ishlar 2023 yilga kelib tugagach, «Investitsionnыye resheniya» hisoblarida 6,5 milliard rubl qoldi. Bu mablag‘ning bir qismi — 3 milliard rubl — Alina Kabayeva jamg‘armasiga xayriya qilingan. Shu bilan birga, Navalniy jamoasi ta’kidlashicha, jamg‘arma hisobotlarida mos miqdordagi xarajatlar yo‘q. U pullarni sportchi qizlarni qo‘llab-quvvatlash, «Alina» badiiy gimnastika festivali va Qrimdagi ibodatxona rekonstruksiyasiga sarflagan, ammo gap milliardlar emas, o‘nlab millionlar haqida ketgan. Navalniy jamoasi asosiy mablag‘ni Kabayeva depozitga joylashtirgan va undan foiz olib kelayotganini aytmoqda.
Saroydan qolgan mablag‘ning yana bir qismi (3,5 milliard rubl) Kabayevaning yana bir jamg‘armasi — «Nebesnaya gratsiya»ga o‘tkazilgan, u shu nomli badiiy gimnastika turnirini o‘tkazadi. Tekshiruvchilar jamg‘arma xarajatlari orasida Imperator Petergof fabrikasi mahsulotlari uchun 30 million rubldan ziyod sarf-xarajatni aniqlagan, bu fabrika qimmat soatlar ishlab chiqaradi. Bunday soatlar Vladimir Putinda ham bor — kamida ikki model.
Bundan tashqari, Alina Kabayeva jamg‘armasi olgan pullar Valdayda — Putin rezidensiyasidan bir yarim kilometr uzoqlikda o‘tkazilgan sport gimnastikasi yig‘inlarini tashkil etishga sarflangan.
«Bu yig‘inlarning maqsadi bitta edi — Putin va Kabayevaning rezidensiyada deyarli chiqmay yashaydigan bolalarini tengdoshlari bilan muloqot orqali ko‘nglini ochish», — deydi tekshiruvchi Georgiy Alburov. Navalniy jamoasi videosida yig‘inlar yoqqanini aytayotgan bola ham ko‘rsatiladi — u Putinning o‘g‘li Ivan ekani ta’kidlanadi.
Hozirda «Nebesnaya gratsiya» fondi mablag‘larining katta qismi depozitlarda saqlanmoqda. 2024 yilning o‘zida fond bank foizlari sifatida 435 million rubl daromad ko‘rgan. Navalniy jamoasi Kabayevaning ushbu jamg‘armalarini Putinning do‘stlari tomonidan «xayriya niqobi ostida shaxsiy xaridlar va ko‘ngilochar maqsadlar uchun pul o‘tkaziladigan maxsus hamyonlar» deb atamoqda.





