«Toshkent to‘y oshi» patentlandi
Asrlar davomida shakllangan palov an’anasi rasmiy maqom oldi: «Toshkent to‘y oshi» geografik ko‘rsatkich sifatida tan olindi.
© Всё о ПловеToshkent shahri va Toshkent viloyatiga xos bo‘lgan, o‘zbek pazandachilik san’atining durdonasi hisoblangan «Toshkent to‘y oshi» geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Tarix va texnologiya
Tarixiy va etnografik manbalarga ko‘ra, Toshkent vohasida palov tayyorlash madaniyati asrlar davomida shakllangan. To‘y oshi – bu shunchaki taom emas, balki kimyo, fizika va biologiya qonuniyatlari mujassam bo‘lgan murakkab jarayon bo‘lib, asosan tong saharda yarimsfera shaklidagi qalin devorli cho‘yan qozonlarda pishiriladi.
Huquqiy himoya va sifat
Mazkur maqom «Toshkent to‘y oshi» nomi va an’anaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan himoya qiladi hamda mahsulot sifatining davlat me’yorlariga muvofiqligini kafolatlaydi.
«Toshkent to‘y oshi» – ajdodlar merosi, milliy qadriyatlar va xalq ruhining yorqin ifodasi bo‘lib, bugun gastronomik turizmni rivojlantirish hamda milliy brendni xalqaro miqyosda targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda», – deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, geografik ko‘rsatkich – mahsulotning muayyan hududga mansubligini va uning o‘ziga xos xususiyatlari aynan shu hudud bilan bog‘liqligini tasdiqlovchi intellektual mulk obyektidir.
Qayd etish joiz, bungacha «G‘ijduvon shashlik», «G‘uzor tandir go‘shti», «Samarqand noni», «Xorazm tuxumbaragi», «Andijon do‘ppisi», «So‘qoq somsasi», «Samarqand no‘xat sho‘ragi», «Samarqand qog‘ozi», «Zomin qozon patiri», Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiga xos bo‘lgan «Baliq qarma» milliy taomi va Buxoro «Sofi oshi» ham geografik ko‘rsatkich sifatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi.





