Rivojlanayotgan mamlakatlarda 800 mln kishi ishsiz qolishi mumkin – Jahon banki
Jahon banki rivojlanayotgan mamlakatlarda investitsiya muhitini yaxshilash orqali ish o‘rinlari yaratishni taklif qilmoqda.
© depositphotosYaqin 10–15 yil ichida rivojlanayotgan mamlakatlarda 1,2 mlrd aholi mehnat yoshiga yetadi. Shu vaqtga kelib, bu mamlakatlar iqtisodiyoti atigi 400 millionta ish o‘rni yarata oladi, natijada taxminan 800 mln kishi ishsiz qolishi mumkin. Bu haqda Jahon banki prezidenti Adjay Banga ma’lum qildi, deb xabar beradi «Reuters».
Prognoz
Banganing ta’kidlashicha, hozirgi paytda qisqa muddatli inqirozlar – COVID-19 pandemiyasidan tortib Yaqin Sharqdagi urushgacha – fonida uzoq muddatli muammolarga e’tibor qaratish qiyin.
Shunga qaramasdan, u bu shoklar oqibatlariga qarshi kurash bilan bir vaqtda strategik vazifalarni, jumladan, yangi ish o‘rinlari yaratishni hal qilish zarurligini aytdi.
«Biz bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifani bajara olishimiz kerak», – dedi u.
Rejalar
Jahon bankining rahbar organi – Rivojlanish qo‘mitasi rivojlanayotgan mamlakatlar bilan investitsiya muhitini yaxshilash va ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda.
Hamkorlik quyidagilarni o‘z ichiga oladi: jarayonlarning shaffofligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, mehnat va yer qonunchiligini isloh qilish, biznes ochishdagi to‘siqlarni bartaraf etish, logistika va savdo cheklovlarini kamaytirish.
«Muammo shundaki, biz buni yolg‘iz o‘zimiz hal qila olmaymiz. 800 mln ish o‘rniga yaqinlashish uchun keng ko‘lamli jarayonni yo‘lga qo‘yishimiz kerak», – deya xulosa qildi Banga.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq «Zoom» kommunikatsiya platformasi bosh direktori Erik Yuan «Fortune» nashriga bergan intervyusida yaqin besh yil ichida an’anaviy besh kunlik ish haftasi o‘tmishga aylanishi va sun’iy intellekt joriy etilishi tufayli uch kungacha qisqarishi mumkin ekanini aytgandi.





