Rossiyada FSB talabi bilan internet narxlari 30 foizga qimmatlashadi

Bugun 16:452 daqiqa

Hukumat va xavfsizlik xizmatining yangi talablari sababli Rossiyada uy interneti narxlari keskin oshadi. Provayderlar qanday shartlarni bajarishi kerak?

Rossiyada FSB talabi bilan internet narxlari 30 foizga qimmatlashadi

Rossiyada provayderlar uchun qoidalarning kuchaytirilishi uy interneti narxlarining kamida 30 foizga qimmatlashishiga olib keladi. Bunga Raqamli rivojlanish vazirligi hamda Federal xavfsizlik xizmati (FSB) tomonidan ilgari surilayotgan yangi talablar sabab bo‘lmoqda.

Vazirlik aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalar uchun pullik litsenziyalar (1 mlndan 50 mln rublgacha) joriy etishni taklif qilmoqda. Eng asosiysi, provayderlar endi faoliyatini boshlashidan oldinoq tezkor-qidiruv tadbirlari tizimini (SORM) o‘rnatishga majbur bo‘ladi.

Aynan shu maxsus uskuna yordamida FSB abonentlarning qo‘ng‘iroqlari, internet-trafigi va boshqa shaxsiy ma’lumotlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirish imkonini qo‘lga kiritadi. Oldinlari bu uskunani o‘rnatish tijorat faoliyatini boshlash uchun majburiy shart hisoblanmas edi.

«Agar katta xarajatlarni talab qiluvchi yangi qoidalar joriy etilsa, operatorlar buni albatta bizning — abonentlarning zimmasiga yuklaydi. Natijada internet narxlari kutilgan 10 foiz o‘rniga 30 foizgacha o‘sishi mumkin», — deydi «TelecomDaily» agentligi bosh direktori Denis Kuskov.

Provayderlar uchun zarba

Yangi qoidalar litsenziya va maxsus uskunalarni, shuningdek, minimal ustav kapitalini talab qiladi. Rejali tekshiruvlar bo‘yicha moratoriy bekor qilinadi va qoidabuzarliklar uchun sudsiz litsenziyadan mahrum qilish amaliyoti kiritiladi. Agar bu o‘zgarishlar tasdiqlansa, ular 2026-yil sentabrdan kuchga kiradi.

Mutaxassislarning fikricha, bu o‘zgarishlar kichik provayderlarga qattiq zarba beradi. Ular yirik kompaniyalarga qo‘shilishi yoki biznesini sotishga majbur bo‘ladi. Natijada, bozorda raqobat kamayib, tariflar o‘sishi tezlashadi.

Faqatgina Moskva mintaqasida xizmat ko‘rsatuvchi 1500 ga yaqin kichik provayderlarning faoliyati xavf ostida qolmoqda.

Narxlar o‘sishi davomlidir

Aslida internet narxlarining oshishi kutilayotgan holat edi. 2025-yilda eng arzon tariflar allaqachon 24 foizga oshgan. Joriy yilda esa uskunalar narxining ko‘tarilishi fonida kamida 15 foizlik o‘sish bashorat qilingandi.

Bundan tashqari, provayderlar «Yarovaya qonuni» doirasida foydalanuvchilar ma’lumotlarini saqlash uchun ham katta mablag‘ sarflamoqda. 2026-yil boshidan beri internet xizmatlari o‘rtacha 100-200 rublga qimmatlagan.

Oldinlari mijozlarga bepul taqdim etilgan ko‘plab qo‘shimcha xizmatlar pullik asosga o‘tkazildi. Bu esa iste’molchilarning moliyaviy yukini og‘irlashtirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid