Qirg‘iziston amaldorlari uchun chet elda hisob raqam ochish taqiqlandi

17.02.2026 | 14:552 daqiqa

Yangi qonun davlat xizmatchilarining moliyaviy shaffofligini oshirish va korrupsiya xavfini keskin kamaytirishni maqsad qiladi.

Qirg‘iziston amaldorlari uchun chet elda hisob raqam ochish taqiqlandi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi va unga muvofiq davlat amaldorlariga xorijiy banklarda hisob raqam ochish hamda ularga egalik qilish taqiqlandi. Hujjat rasman e’lon qilingan 17-fevraldan 10 kun o‘tib kuchga kiradi.

Qonun korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha davlat siyosatini tizimlashtiradi. Unda «korrupsiogen omil», «korrupsiya xavfi», «korrupsiyaga qarshi ekspertiza», «korrupsiyaga qarshi standartlar» kabi tushunchalarga rasmiy ta’rif berildi. Shuningdek, affillangan shaxslar, yaqin qarindoshlar va quda-andachilik aloqalariga oid normalar aniqlashtirildi.

Korrupsiyani oldini olish organi vazifalari

Qonun darajasida ilk bor korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha vakolatli davlat organi belgilandi. U korrupsiyaviy xavf-xatarlarni tahlil qiladi, qabul qilingan choralar samaradorligini baholaydi va har yili mamlakatdagi korrupsiya holati yuzasidan hisobot e’lon qiladi.

Moliyaviy nazorat talablari ham kuchaytirildi. Qonun doirasiga kiruvchi shaxslar o‘z aksiya va ulushlarini ishonchli boshqaruvga topshirishi, daromad va xarajatlari, mol-mulki, jumladan xorijdagi hisobvaraq va kompaniyalarini deklaratsiya qilishi shart. Soliq organlari moliyaviy razvedka bilan birgalikda xarajatlarning rasmiy daromadlarga mosligini tahlil qiladi. Noqonuniy boyish alomatlari aniqlansa, materiallar prokuratura va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.

Davlat va mahalliy xizmatchilarga qarindoshlar biznesiga ko‘maklashish taqiqlandi

Davlat va mahalliy xizmatchilarga qarindoshlar biznesiga ko‘maklashish, affillangan kompaniyalar bilan bitimlarda ishtirok etish, xizmat resurslaridan shaxsiy maqsadlarda foydalanish hamda qimmati belgilangan protokol sovg‘alaridan tashqari mukofot va sovg‘alar olish taqiqlandi. Korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarning himoyasi ham kuchaytirilmoqda.

Qonun, shuningdek, korrupsiyaviy xavflarni majburiy tahlil qilish, normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish va korrupsiyaga oid jinoyatlar yagona reyestrini yuritishni nazarda tutadi. Vazirlar Mahkamasiga olti oy ichida o‘z hujjatlarini ushbu qonunga muvofiqlashtirish topshirildi.

Teglar

Mavzuga oid