Logo

Buxoro neftni qayta ishlash zavodining modernizatsiya qilishga 328 mln dollar yo‘naltiriladi

Bugun 10:212 daqiqa

Loyiha doirasida zavodning yillik qayta ishlash quvvati ikki baravarga oshirilib, 5 mln tonnaga yetkaziladi. Shuningdek, Yevro-5 standartlariga javob beradigan AI-92 va AI-95 rusumli benzin ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodining modernizatsiya qilishga 328 mln dollar yo‘naltiriladi © Prezident matbuot xizmati

Buxoro viloyatidagi neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarish hajmini oshirish va yuqori sifatli yonilg‘i mahsulotlari ulushini ko‘paytirish rejalashtirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev Qorovulbozor tumaniga borganida shu loyiha taqdimoti bilan tanishdi.

Modernizatsiya natijasida korxonaning yillik qayta ishlash quvvatiga qo‘shimcha 2,5 mln tonna qo‘shiladi. Shu bilan birga, xomashyodan ko‘proq tayyor mahsulot olish uchun uni qayta ishlashning ayrim bosqichlari yangilanadi.

Xususan, zavodda yangi gidrotozalash va izomerizatsiya qurilmalarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Ular yonilg‘i tarkibidagi zararli aralashmalarni kamaytirish va benzinning oktan sonini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa Yevro-5 talablariga mos AI-92 va AI-95 benzin ishlab chiqarishni kengaytirish imkonini beradi.

Korxonaning amaldagi ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida 1,36 mln tonna neft mahsulotlari tayyorlangan. Ularning qiymati 12,1 trln so‘mga teng bo‘lgan.

Shu davrda mahsulot va xizmatlar eksportidan 99,5 mln dollar tushum qayd etilgan. Yil oxirigacha eksport hajmini 116 mln dollarga yetkazish mo‘ljallangan. Zavodda ayni paytda 3,2 ming nafardan ziyod xodim ishlamoqda.

Loyiha amalga oshirilishi hisobiga ichki bozorni yonilg‘i bilan ta’minlash va mahsulot eksportini kengaytirish imkoniyatlari ortishi kutilmoqda.

photo_2026-11-04_10-20-48

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident tashrif davomida yangi uskunalarni mavjud ishlab chiqarish jarayonlariga mos ravishda o‘rnatish, modernizatsiyani o‘z vaqtida yakunlash va korxona faoliyatining uzluksizligini ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroga tashrifi chog‘ida umumiy qiymati 7,8 mlrd dollarlik 145 ta loyihani ishga tushirish va qurilishiga start bergandi.

Teglar

Mavzuga oid