Rossiyada 7-qavatdan tushib ketgan bolani qutqarib qolgan o‘zbekistonlik taqdirlandi

23.02.2026 | 21:202 daqiqa

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zbek xalqiga xos yuksak jasorat, qahramonlik va fidoyilik fazilatlarini yaqqol namoyon etgani uchun Ibadullayev Xayrullo Saydullayevichni «Jasorat» medali bilan mukofotladi.

Rossiyada 7-qavatdan tushib ketgan bolani qutqarib qolgan o‘zbekistonlik taqdirlandi

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida sodir bo‘lgan favqulodda va murakkab vaziyatda o‘z joni va salomatligini xavf ostiga qo‘yib, ko‘p qavatli uyning yuqori qismidan qulab tushayotgan yosh bolaga amaliy yordam ko‘rsatgani va uning hayotini saqlab qolgani, o‘zbek xalqiga xos yuksak jasorat, qahramonlik va fidoyilik fazilatlarini yaqqol namoyon etgani uchun Ibadullayev Xayrullo Saydullayevich «Jasorat» medali bilan mukofotlandi.

78.ru nashriga ko‘ra, ko‘p qavatli uyning 7-qavatidan qulagan bola ochiq deraza tokchasida (karniz) o‘tirib, planshet o‘ynayotgan paytda muvozanatni yo‘qotib, tokchaga ilinib qolgan. Shu payt Xayrullo Ibodullayev bolani yiqilishidan avval payqab, unga oynadan uzoqlashishni baqirib aytgan. Bola karnizga osilib turishga kuchi yetmay, qo‘llarini qo‘yib yuborgan paytda erkak uni ushlab qolgan.



erkak bolani pod’ezdga olib kirib, hushiga keltirishga uringan. Ko‘p o‘tmay uni tez yordam olib ketgan. Bolaning onasi hodisa paytida oshxonada bo‘lgan. Uning aytishicha, o‘g‘li autizmga chalingan, maxsus inklyuziv markazga qatnaydi, sport bilan shug‘ullanadi va defektolog bilan ishlaydi. Avvallari ham u xonada yolg‘iz qolgan holatlar bo‘lgan, ammo hech qachon oynani ochmagan. Ayol bolaning yo‘qolganini taxminan 10 daqiqadan keyin payqagan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bola reanimatsiya bo‘limida bo‘lib, ahvoli barqaror. U bir nechta joyidan jarohatlangan, jumladan oyoq qismida sinishlar bor, shuningdek, ichki a’zolari shikastlangan. O‘zbekistonlik ham jabrlangan — uning qo‘l panjalari va qovurg‘alari singan.

Ma’lum qilinishicha, bolani qutqarib qolgan o‘zbekistonlik Xayrullo Ibodullayev 36 yoshda bo‘lib, Sankt-Peterburgda Petrozavodskaya ko‘chasidagi uyga ham xizmat ko‘rsatadigan pudrat tashkilotida ishlaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, deraza tokchasida turgan bolaga uy ichiga qaytishni baqirib aytgan, ammo bola uni eshitmagan. Bola oynadan qulagan paytda erkak uni ushlab qolgan, shu vaqtda bolaning oyoqlari uning ko‘krak qismiga urilgan. Erkak ham yiqilgan.

Shundan so‘ng u bolaning nafas olishi qiyinlashgani sababli unga massaj qilishga uringan. Xayrullo Ibodullayev yordam chaqirgan, konserj eshikni ochgan. Bola tez yordam kelguniga qadar uning xonasida bo‘lgan.

«Agar bolaning ahvoli yaxshi bo‘lsa, men ham yaxshi bo‘laman», — dedi Ibodullayev.

Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, u Sankt Peterburgga O‘zbekistondan to‘rt oy avval kelgan. Uning to‘rt nafar farzandi va bemor ota-onasi O‘zbekistonda qolgan. Ibodullayev ularni ta’minlash uchun ishlayotganini, shuningdek, avtomobil sotib olishni orzu qilishini aytgan.

Mavzuga oid