SI bo‘yicha xavotirlar qaytdi: «Nasdaq» indeksi 2 foiz yo‘qotdi

13.02.2026 | 17:154 daqiqa

Bozorda sun’iy intellekt joriy etilishi ommaviy ishdan bo‘shatishlar va ko‘plab sohalarda biznes modellarining qayta qurilishiga olib kelishi mumkinligi haqidagi xavotirlar kuchaydi.

SI bo‘yicha xavotirlar qaytdi: «Nasdaq» indeksi 2 foiz yo‘qotdi

12-fevral kuni AQSH aksiyalari o‘tgan haftada kuzatilgan keskin pasayishni qayta boshladi. O‘shanda bozorda «soft-apokalipsis» kayfiyati hukm surgan edi. «Nasdaq» indeksi 2% yo‘qotdi, «Uoll-strit qo‘rquv indeksi» esa psixologik 20 punktlik chegaradan oshdi. Bozorda sun’iy intellekt (SI) joriy etilishi ommaviy ishdan bo‘shatishlar va ko‘plab sohalarda biznes modellarining qayta qurilishiga olib kelishi mumkinligi haqidagi xavotirlar yana kuchaydi.

Indekslardagi holat

CNBCning yozishicha, texnologik sektor indeksi «Nasdaq Composite» bir kunda 2 foizga pasaygan. «Apple» aksiyalari 5 foizga arzonlashgan – bu 2025 yil aprelidan beri eng yomon natija bo‘lgan.

«Ko‘k chiplar» indeksi «Dow Jones Industrial Average» 1,34 foizga tushdi. 5-fevraldan beri ilk bor indeks yopilishda 50 000 punktdan pastga tushdi.

Keng bozor indeksi «S&P 500» 1,57 foizga kamaydi.

«MarketWatch ma’lumotiga ko‘ra, uchala asosiy indeks uchun 12-fevral kungi pasayish 20-yanvardan beri eng kuchlisi bo‘ldi.

Kichik kapitallashuvga ega kompaniyalar indeksi «Russell 2000» 2 foizga tushdi.

«Uoll-strit qo‘rquv indeksi» sifatida tanilgan VIX 18 foizga oshib, 20,82 punktga yetdi. 20 punktdan yuqori daraja yuqori volatillikni anglatadi.

Kun davomida kumushning spot narxi 11,7 foizga tushib, 75 dollardan pastga tushdi. Oltin narxi 4 foizga arzonlashib, bir troy unsiya uchun 5000 dollar darajasidan pastga tushdi.

Aksiyalarga nima ta’sir qildi?

«Bloomberg»ning yozishicha, 12-fevral kuni investorlarning texnologik kompaniyalar foydasi va tabiiy resurslar bozoridagi zaiflik bo‘yicha xavotirlari sababli aktivlarning bir qator sinflari qiymati pasaygan.

CNBC yozishicha, joriy yilda ayrim bozor segmentlari biznesni takrorlay oladigan yoki kamida rentabellikni pasaytiradigan SI-instrumentlar paydo bo‘lganidan so‘ng bosim ostida qolgan. 12-fevral kuni ishsizlik o‘sishi ofis maydonlariga talabni kamaytirishi mumkinligi haqidagi taxminlar fonida tijoriy ko‘chmas mulk kompaniyalari aksiyalari jabr ko‘rdi. Xususan, CBRE aksiyalari 8,8 foizga, «Jones Lang LaSalle» – 7,6 foizga, «Newmark» – 4,5 foizga quladi.

Dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilari aksiyalari ham pasayishni davom ettirdi. Masalan, «Palantir» aksiyalari qariyb 5% yo‘qotdi, «Autodesk» esa 12-fevral kuni 3,9 foizga arzonlashib, yil boshidan buyongi pasayishni 24 foizga yetkazdi. Dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilari aksiyalarini kuzatib boruvchi birja fondi – «iShares Expanded Tech-Software Sector ETF» – 2 foizga tushdi va hozir oktabrdagi eng yuqori nuqtadan taxminan 31% pastda. Texnologik sektorga bosim «Cisco Systems» aksiyalari joriy chorak bo‘yicha ko‘ngilsiz prognoz fonida 12 foizga qulaganidan keyin yanada kuchaydi.

Transport-logistika kompaniyalari aksiyalari ham 12-fevral kuni SI yuk tashish operatsiyalarini optimallashtirib, ayrim daromad manbalariga zarba berishi mumkinligi haqidagi xavotirlar fonida keskin pasaydi. Masalan, «C.H. Robinson» aksiyalari 14,5 foizga quladi.

Investorlar bozorning boshqa segmentlarida himoya izladi. «Walmart» aksiyalari 4 foizga o‘sdi, «Coca-Cola» esa 1 foizdan ortiqqa ko‘tarildi. «S&P 500» tarkibidagi birinchi ehtiyoj tovarlari va kommunal xizmatlar sektorlari taxminan 2 foizdan qo‘shimcha qildi. Endi treyderlar bugun, 13-fevral kuni e’lon qilinishi kutilayotgan inflatsiya bo‘yicha asosiy ma’lumotlarga – iste’mol narxlari indeksi (CPI) – tayyorgarlik ko‘rmoqda.

«Dow Jones» tomonidan so‘rovdan o‘tkazilgan iqtisodchilar yanvar oyida CPI umumiy ko‘rsatkich hamda bazaviy hisobda (ovqat va energiya kabi o‘zgaruvchan narxlar hisobga olinmasdan) 0,3 foizga o‘sishini kutmoqda», – deb xabar berdi CNBC.

Tahlilchilar nima deydi?

«Baird» investitsiya strategiyachisi Ross Meyfildning aytishicha, CPI endilikda biroz kamroq ahamiyatga ega, chunki kuchli bandlik ma’lumotlari Federal zaxiraga foiz stavkalarini uzoq muddatga pasaytirishda tanaffus qilish imkonini beradi.

«Agar CPI yuqori chiqsa, trendni tushunish uchun yana bir-ikki oy ma’lumot kerak bo‘ladi; Federal zaxira tizimi qat’iy qaror qabul qilishga shoshilmaydi», – deydi Meyfild.

Uning qo‘shimcha qilishicha, aksincha, ma’lumotlar zaif chiqsa, bugun, 13-fevral kuni riskli aktivlarga qiziqish qaytishi mumkin, ammo aksiyalar bozoriga sezilarli ta’sir qilish uchun ko‘rsatkich haqiqatan ham juda kuchli bo‘lishi lozim.

«SI – aksiyalarni parabolik o‘sish va multiplikatorlarning haddan tashqari (har holda juda ham emas) darajalarga chiqishiga turtki bo‘lgan omil – endi ularni tiyib turgan sababga aylandi», – deydi «Freedom Capital Markets» bosh bozor strategi Jey Vuds.

«So‘nggi uch yilning katta qismida investorlar SIga «stakan yarim to‘la» nuqtai nazaridan qarab kelishdi. Savol shunday edi: «SI biznes yoki sohada samaradorlikni qanday oshiradi?» Endi esa savol boshqacha qo‘yilyapti: «SI biznes yoki sohaning foydalilik modelini qanday vayron qilishi mumkin?» Natijada, g‘oliblarni izlash o‘rniga investorlar ehtimoliy mag‘lublarni qidira boshladi», – dedi «Interactive Brokers»dan Stiv Sosnik.

Teglar

Mavzuga oid