Tadbirkorlar ko‘mirni avtomobilda import qilishga ruxsat so‘radi
Ta’kidlanishicha, hozir Qozog‘iston ko‘miri bojxonadan 40 dollardan o‘tib, O‘zbekiston issiqxonalariga 110 dollardan yetib bormoqda.

Qozog‘istonning «Shubarkol» ko‘miri O‘zbekiston bojxonasidan tonnasiga taxminan 40 dollardan rasmiylashtirilayotgan bo‘lsa-da, issiqxona xo‘jaliklariga 110 dollardan yetib bormoqda. Bu haqda 16-noyabr kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan issiqxona egalari va davlat organlari vakillari ishtirokida tashkil etilgan ochiq muloqotda tadbirkor Xurshid Ahmedov so‘z ochdi, deya yozdi «Gazeta.uz» xabar berdi.
Xurshid Ahmedovning so‘zlariga ko‘ra, issiqxona mahsulotlari tannarxi yuqoriligining asosiy omillaridan biri yoqilg‘i narxi bo‘lib qolmoqda. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda ishchi kuchi xarajatlari nisbatan arzon bo‘lsa-da, ayniqsa qish mavsumida issiqxonalarni isitish katta mablag‘ talab qiladi.
«Asosiy sabab — yoqilg‘i. Barchamiz bilamizki, XXI asrda har qanday tovar tannarxi ko‘p jihatdan energoresurslar bilan belgilanadi. O‘zbekistonda ishchi kuchi arzon. Asosiy omil va asosiy muammo — yoqilg‘i», — degan Xurshid Ahmedov.
Tadbirkor Qozog‘istondan import qilinadigan «Shubarkol» markali ko‘mirni misol qilib keltirgan.
«Qozog‘istonning «Shubarkol» ko‘miri bizning bojxonadan 40 dollardan o‘tadi. Bu bojxona ma’lumotlarida ham ko‘rinib turibdi. Lekin ko‘mir issiqxona xo‘jaligiga yetib borgunicha uning narxi oshib ketadi. Nega o‘zbekistonlik tadbirkor buning uchun 110 dollar to‘lashi kerak? Masala shunda», — degan u.
Nashrning qayd etishicha, tadbirkor keltirgan misolda yoqilg‘i narxi tonnasiga 70 dollarga yoki bojxonadagi narxidan 2,75 baravarga oshmoqda. Biroq bu farq to‘liq tashish xarajatlariga to‘g‘ri kelmasligi, balki temir yo‘l logistikasi, tushirish, qayta yuklash, saqlash, stansiyadan avtotransportda yetkazib berish, soliqlar va vositachilarning savdo ustamalarini ham o‘z ichiga olishi mumkin.
Temir yo‘l «vetka»lari va vositachilar muammosi
Xurshid Ahmedov Qozog‘iston ko‘mirining qimmatlashishini temir yo‘l orqali tashish, tushirish va saqlash tizimi bilan ham bog‘ladi.
Uning ta’kidlashicha, tadbirkorlar ko‘mirni Qozog‘istondagi ishlab chiqaruvchilardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olgan taqdirda ham yetkazib berishni har doim mustaqil tashkil eta olmaydi.
U avval O‘zbekistonda ko‘mir tushirish uchun taxminan 66 ta maydoncha — temir yo‘l «vetka»lari mavjud bo‘lganini eslatdi.
«Bu «vetka»larning barchasi bitta kompaniya qo‘lida edi. Prezident juda yaxshi qaror qabul qildi — bu tizimni bekor qilib, barchasini bozorga chiqardi, toki har kim ko‘mir import qilib, ushbu infratuzilmadan foydalana olsin», — degan tadbirkor.
Ahmedov 2022 yilda Qozog‘istondan mustaqil ravishda ko‘mir olib kelishga uringanida vagonlarni tushirishda qo‘shimcha xarajatlarga duch kelganini aytgan.
«2022 yilda ko‘mir olib kelish uchun Qozog‘istonga o‘zim bordim. Pulini o‘zim to‘ladim, valuta konvertatsiya qilib, mablag‘ o‘tkazdim. Lekin shundan keyin ham ko‘mirni tushirish uchun ombor va temir yo‘l «vetka»si egasiga qo‘shimcha pul to‘lashimga to‘g‘ri keldi. Oxirida: mayli, bu ish bilan o‘zingiz shug‘ullanavering, dedim. Tannarx mana shunday sun’iy ravishda oshirilmoqda», — degan u.
Nashrning yozishicha, bunday sharoit issiqxona egalarini import, temir yo‘l orqali yetkazib berish va yoqilg‘ini sotish bilan shug‘ullanuvchi vositachilarga qaram qilib qo‘yadi.
Uchrashuvda temir yo‘l infratuzilmasidan foydalanishdagi muammolar ham tilga olindi: 2023 yilda issiqxona xo‘jaliklarini markazlashgan holda ko‘mir bilan ta’minlash muhokama qilinganida ham vagonlar va kirish yo‘llari yetishmasligi qayd etilgan.
«2023 yilda bu masalani ko‘tarib, hisob-kitob qilganimizda, shuncha hajmdagi ko‘mirni yetkazib berish uchun zarur bo‘lgan temir yo‘l «vetka»lari va vagonlar bo‘yicha yechim topa olmagandik. Ehtimol, hozir vaziyat yaxshilangandir, lekin markazlashgan yetkazib berishni texnik jihatdan tashkil etish qiyin edi», — degan uchrashuv ishtirokchilaridan biri.
Avtomobil orqali import cheklovi va rasmiy hujjatlar
Xurshid Ahmedov import ko‘mirni tashishga qo‘yilgan cheklovni ham muammo sifatida ko‘rsatdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qozog‘istonlik yetkazib beruvchilar yoqilg‘ini avtotransportda O‘zbekiston chegarasigacha olib kelishga tayyor, biroq bojxonada faqat temir yo‘ldan foydalanish talab qilinadi.
«Toshkentdan atigi o‘n kilometr naridagi Chernyayevkadagi qozog‘istonlik tadbirkorlar bilan bog‘landik. Ular: bizda ko‘mir tonnasi 32 dollar, xohlasangiz furaga, xohlasangiz qoplarga, xohlasangiz «Damas»ga yuklab beramiz, olib keting, deyishyapti. Ammo Toshkent atrofidagi bojxona postlarida cheklov o‘rnatilgan: ko‘mirni faqat temir yo‘l orqali olib kirish mumkin», — degan Ahmedov.
Davlat organi vakili bu talab Qozog‘iston yoki O‘zbekiston tomonidan o‘rnatilganini so‘raganida, tadbirkor «Bu bizning talabimiz», deya javob berdi.
U isitish mavsumida aholi va chekka qishloqlarni ta’minlash ustuvorligi sababli vagonlar yetishmasligini ta’kidladi.
«Hozir temir yo‘lda vagonlar yetishmaydi. Qishda davlat birinchi navbatda chekka qishloqlarni ko‘mir bilan ta’minlashi kerak, shu bois tadbirkorlar ikkinchi planga tushib qoladi», — degan Ahmedov.
U ayrim kichik xo‘jaliklar Qozog‘istonning chegaraoldi hududlaridan cheklangan partiyadagi ko‘mirni o‘zlari olib kelishga tayyorligini bildirdi.
«Gazeta.uz»ning eslatishicha, 2026 yil 26-may kuni prezidentga ko‘mir sanoatini rivojlantirish rejalari taqdimotida sohada bozor mexanizmlarini joriy etish hamda import yoqilg‘iga kaloriyalilik, oltingugurt va boshqa aralashmalar bo‘yicha yangi ekologik va sifat talablarini belgilash e’lon qilingan. O‘shandagi rasmiy xabarda «Kelgusida ko‘mir importi faqat temir yo‘l orqali amalga oshiriladi», deyilgan edi.
Xuddi shunday qoida «O‘zbekko‘mir» saytida 2026 yil 5-sentabrda yangilangan tushuntirishlarda ham keltirilgan.
Nashrning yozishicha, kompaniya havola qilgan Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 30-iyuldagi 418-sonli qarorining e’lon qilingan matnida ko‘mirni yetkazib berish, hisobga olish va temir yo‘l orqali tashish mexanizmlari nazarda tutilgan, biroq avtomobilda import qilishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlovchi alohida norma aniqlanmagan.
Qozog‘iston eksport narxi va ko‘mir sifati taqqosi
«Gazeta.uz» o‘rgangan Qozog‘iston Milliy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil yanvar—sentabr oylarida Qozog‘iston O‘zbekistonga 23,1 million dollarlik qariyb 1,02 million tonna ko‘mir eksport qilgan. O‘rtacha statistik eksport narxi tonnasiga taxminan 22,73 dollarni tashkil etgan. Shu davrda Qozog‘iston jami 536,6 million dollarlik 21,3 million tonnaga yaqin toshko‘mir eksport qilgan (o‘rtacha narx — 25,2 dollar).
Nashr bu ko‘rsatkichlar umumiy tovar toifasiga tegishli ekanini, alohida «Shubarkol» markasini ifodalamasligini hamda keyingi logistika, ombor va savdo ustamalarini o‘z ichiga olmasligini qayd etgan.
Uchrashuvda tadbirkorlar mahalliy ko‘mir sifatidan ham shikoyat qilib, ayrim turlarda kul, chang va boshqa aralashmalar ko‘pligini aytgan.
Ishtirokchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, 60 tonna sifatsiz ko‘mirdan taxminan 10 tonna kul va yonmaydigan qoldiq chiqishi mumkin, bu esa filtrlar va suvli tozalash tizimlariga yuklamani oshiradi.
Nashr turli konlar ko‘mirining pastki yonish issiqligi, namligi va kulliligi bo‘yicha rasmiy ko‘rsatkichlarni keltirgan:
• Angren qo‘ng‘ir ko‘miri («O‘zbekko‘mir» AJ): pastki yonish issiqligi markasiga qarab 2200 dan 3560 kkal/kg gacha (2BZR — 3200 kkal/kg, 2BOMSSH-B2 — 2200 kkal/kg). Ayrim markalarning o‘rtacha namligi 35 foizgacha, ruxsat etilgan eng yuqori kullilik esa 60 foizgacha yetadi.
• «Shubarkol» ko‘miri (Qozog‘iston): «Shubarkol komir» ma’lumotlariga ko‘ra, yonish issiqligi 5500–6000 kkal/kg, ishchi namligi 14–15 foiz, oddiy qazib olishda kullilik 15 foizdan, selektiv usulda esa 7 foizdan oshmaydi. «Shubarkol Premium» esa issiqlik berish qobiliyati 5800–6000 kkal/kg, namligi 14 foizdan va quruq holatda kulliligi 10 foizdan oshmasligini bildirgan.
• Qora-Keche ko‘miri (Qirg‘iziston): «Qirg‘izko‘mir»ning Bishkek IES uchun 2020–2021 yilgi mavsumdagi sinovlarida o‘rtacha namlik 22–23 foiz, kullilik 20 foizgacha bo‘lgan. 2026 yilgi davlat xaridlaridagi partiyalardan birida namlik 29,5 foiz, kullilik 6,5 foiz va pastki yonish issiqligi 4370 kkal/kg deb ko‘rsatilgan.
• Sharg‘un toshko‘miri (O‘zbekiston): ayrim markalarining yonish issiqligi 5200–6200 kkal/kg ga yetadi va Qozog‘iston yoqilg‘isi ko‘rsatkichlari bilan taqqoslanadi.
Nashr keltirgan hisob-kitoblarga ko‘ra, 5500 kkal/kg issiqlik berish qobiliyatiga ega bir tonna Qozog‘iston ko‘miri 1,7 tonna Angrenning 2BZR markali yoki 2,5 tonna 2BOMSSH-B2 markali ko‘miri bilan deyarli teng issiqlik energiyasiga ega.
Ko‘mir narxlari erkinlashtirilishi va tekshiruvlar
«Gazeta.uz»ning yozishicha, 2026 yil 1-iyundan O‘zbekistonda mahalliy ko‘mirning ulgurji va chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilingan. Hozirda narxlar bozor talabi va taklifi asosida shakllanadi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsuloti esa birja savdolari orqali sotiladi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibga solish bekor qilinganidan so‘ng aholi uchun ko‘mir narxlari ikki baravardan ziyod oshgan.
Shu bilan birga, 2026–2027 yillarda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga maxsus platforma orqali ko‘mir xarid qilganda tonnasiga 300 ming so‘mdan (yiliga 600 ming so‘mdan oshmagan miqdorda) kompensatsiya to‘lash nazarda tutilgan.
20-noyabr kuni Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ko‘mir narxlari, savdo ustamalari va qayta sotishdagi qo‘shimcha xarajatlar asosliligini o‘rganishi ma’lum bo‘ldi. Tekshiruv asosan aholi va budjet tashkilotlariga yetkazib berish jarayoniga qaratilgan.
Shuningdek, nashrning ma’lum qilishicha, ushbu uchrashuvda Toshkent shahri va viloyati issiqxonachilari 1-dekabrgacha yangi ekologik talablarni bajarishga ulgurmayotganini aytib, muddatni uzaytirishni so‘ragan. Ular chiqindilarni monitoring qilish uskunalari yuzlab million so‘m turishini va qozonxonalarni modernizatsiya qilish katta mablag‘ talab qilishini bildirgan.





