
Tramp va Pauyell mojarosi: AQSHda Fed raisiga nisbatan jinoiy tergov boshlandi
AQSH Federal rezerv tizimi raisi Jerom Pauyell unga nisbatan Tramp ma’muriyati jinoiy tergov boshlaganini ma’lum qildi. Donald Tramp anchadan beri Jerom Pauyellni ishdan olishga harakat qilib keladi.

Uzoq vaqtdan beri AQSH prezidenti Donald Tramp Federal rezerv tizimiga (Fed) tahdid qilib keladi. Tramp prezidentlik saylovida g‘alaba qozonganidayoq Fed raisi Jerom Pauyellni ishdan olishga harakat qilishi kutilgan edi.
Jerom Pauyell Vashington vaqti bilan 11-yanvar kuni bayonot bilan chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, Tramp bosimi ostida AQSH Adliya vazirligi Federal rezervga nisbatan jinoiy tergov boshlagan.
Bunga sabab qilib Pauyellning o‘tgan yozda Kongressda bergan bayonati ko‘rsatilgan. O‘shanda Fed’ga qarashli tarixiy ofis binolarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha ko‘rsatma berilgandi.
Jerom Pauyell bo‘layotgan tahdidlar aslida na uning ko‘rsatmalariga, na Fed binolarini rekonstruksiya qilishga bog‘liq ekanini aytdi.
“Jinoiy ayblovlar tahdidi Federal rezerv tizimining prezident xohishlaridan ko‘ra, jamoatchilikka nima to‘g‘riligini maksimal baholagan holda foiz stavkalarini belgilayotgani natijasidir”, — deydi u.
Donald Tramp esa ajablanarli tarzda jinoiy tergov haqida bilmasligini aytib, shunday deydi: “Men bu haqda hech narsa bilmayman. Lekin Pauyell Fed raisi sifatida ham, binolar qurishda ham unchalik yaxshi emasligi aniq”.
Tramp anchadan beri Fed’ga foiz stavkalarini tezroq pasaytirish bo‘yicha bosim qilib keladi. Iyul oyida AQSH prezidenti foiz stavkalari o‘sha paytda 4,25-4,5 foiz oralig‘idan 3 foiz pastroq bo‘lishi kerakligini aytgandi. Shundan beri foizlar 0,75 foizga pasaytirildi.
Video bayonot so‘nggini Jerom Pauyell shu tarzda tugatdi: “Men Federal rezerv tizimida to‘rtta ma’muriyat, respublikachilar va demokratlar davrida xizmat qilganman. Har bir holatda ham o‘z vazifamni siyosiy qo‘rquv va iltifotsiz bajardim, faqat narxlar barqarorligi va maksimal darajada bandlikni ta’minlash bo‘yicha vakolatimizga e’tibor qaratdim.
Davlat xizmati ba’zan tahdidlarga qarshi qat’iy turishni talab qiladi. Senat tomonidan tasdiqlangan ishimni halollik va Amerika xalqiga xizmat qilishga sodiqlik bilan bajarishda davom etaman. Rahmat”.
Pauyellning chiqishidan so‘ng AQSH Adliya vazirligining mustaqilligi bo‘yicha shubhalar ko‘paydi. Holat global moliya bozorlariga ham ta’sir qilmay qolmadi.
S&P 500 indeksi 0,5 foizga pasaygan bo‘lsa, oltin narxlari 1 foizga ko‘tarilib, unsiyada 4 600 dollarlik ramziy ko‘rsatkichga yaqinlashdi. Kumush esa 4 foizga qimmatlab, 84 dollarga chiqdi.
O‘zbekistonda ham oltin quymalari 1 gr uchun 1 mln 800 ming so‘mdan oshib, 2026 yil hisobidan birinchi bor yangi rekord qayd etildi.
Jerom Pauyell 2018 yildan beri AQSH Federal rezerv tizimi raisi sifatida ishlab kelmoqda. U 2017 yilda aynan Donald Trampning birinchi prezidentligi davrida bu lavozimga tayinlangan edi. Biroq, keyinchalik 2018 yildayoq ularning orasiga sovuqchilik tushgandi.
2025 yilda AQSH prezidentligiga ikkinchi muddatga saylangan Tramp bir necha bor Pauyellni lavozimidan ozod qilishga harakat qildi. Lekin, huquqiy jihatdan Fed raisini tayinli sababsiz bo‘shatishning imkoni yo‘q.
Jerom Pauyellning Fed raisi sifatida muddati 2026 yilning may oyida tugaydi. Video bayonot davomida Pauyell tahdidlarga qaramay, o‘z vazifasini qilishda davom etishini aytdi.
Shunga qaramay, AQSHda Pauyellning o‘rniga Donald Tramp o‘z odamini tayinlashi, bu esa populistik qarorlar ortidan salbiy iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi bo‘yicha xavotirlar kuchaymoqda.
Teglar






