Urushning ekologik paradoksi: raketa zarbalari va sanoat vayron bo‘lishi Ukraina havosini qanday o‘zgartirdi?

26.02.2026 | 13:552 daqiqa

Tadqiqot o‘q otishlardan so‘ng darhol ifloslanish darajasi keskin oshganini qayd etgan, biroq olimlar ilk qarashda g‘alati tuyuladigan holatni aniqlagan.

Urushning ekologik paradoksi: raketa zarbalari va sanoat vayron bo‘lishi Ukraina havosini qanday o‘zgartirdi?

Ukraina Milliy fanlar akademiyasi va Ukraina gidrometeorologiya instituti olimlari tadqiqot o‘tkazdi. Uning natijalari nufuzli xalqaro «Environmental Science and Pollution Research» jurnalida e’lon qilindi. Ukraina Milliy fanlar akademiyasi «Facebook»dagi sahifasida xabar berishicha, bu butun mamlakat atmosferasiga keng ko‘lamli harbiy harakatlar ta’sirini kompleks baholagan dunyodagi ilk tadqiqotdir.

Raketa hujumlari: mahalliy apokalipsis

Minglab portlashlar tahliliga asoslangan tadqiqot o‘q otishlardan so‘ng darhol ifloslanish darajasi keskin oshganini qayd etdi.

Raketa va dronlar kelib tushgan hududlarda zaharli moddalar konsentratsiyasi 100–400 foizgacha ko‘tarilgan. Ayrim holatlarda monitoring datchiklari me’yordan 1000 foizdan ortiq oshishni qayd etgan.

Sog‘liq uchun eng katta xavfni nafaqat portlash mahsulotlari, balki keng ko‘lamli yong‘inlar oqibatlari va blekautlar paytida dizel generatorlardan ommaviy foydalanish ham keltirib chiqarmoqda.

«Urush paradoksi»: havo tozalandimi?

Olimlar ilk qarashda g‘alati tuyuladigan holatni aniqladi: uzoq muddatli istiqbolda yirik shaharlar va front chizig‘i bo‘ylab azot dioksidi (NO₂) umumiy darajasi 10–30 foizga pasaygan. Biroq mutaxassislar ekologik optimizmga berilmaslikka chaqirmoqda.

«Bu ekologik yaxshilanish emas. Bu sanoat gigantlarining vayron bo‘lishi, iqtisodiyot to‘xtashi va transport soni qisqarishining bevosita oqibatidir», – deyiladi Milliy fanlar akademiyasi bayonotida.

Nega bu tadqiqot kelajak uchun muhim?

«Sentinel-5 Precursor» sun’iy yo‘ldoshi va yer usti stansiyalari orqali olingan ma’lumotlar nafaqat ilmiy ahamiyatga ega. Ular urushning ekologik oqibatlarini hujjatlashtirish, xalqaro kompensatsiyalarni asoslash, urushdan keyingi tiklanish strategiyalari va havo sifati boshqaruv tizimini modernizatsiya qilishni shakllantirish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid