
Venesuela AQSHni harbiy tajovuzda aybladi
Karakasda portlashlar fonida rasmiy hukumat AQSH harakatlarini mintaqaviy tinchlikka ochiqchasiga tahdid deb baholamoqda.

Venesuela hukumati AQSH tomonidan mamlakat hududiga nisbatan harbiy tajovuz amalga oshirilganini ma’lum qildi. Rasmiy bayonotlarda Karakas va bir qator shtatlarda kuzatilgan portlashlar mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy tahdid sifatida baholandi.
Venesuela mudofaa vaziri videomurojaatida AQSH harakatlarini “jirkanch va qo‘rqoqlikka xos hujum” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, bunday harakatlar Lotin Amerikasida tinchlik va barqarorlikni izdan chiqarishi mumkin. Ayrim OAVlarda mudofaa vazirining uyiga zarba berilgani va uning halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi, ammo bu ma’lumotlar rasman tasdiqlanmadi.
Venesuela Tashqi ishlar vazirligi esa alohida bayonot bilan chiqib, AQSHning Karakas shahridagi fuqarolik va harbiy hududlar, shuningdek, Miranda, Aragua va La-Guayra shtatlarida amalga oshirilgan harakatlarini ochiq harbiy tajovuz sifatida qoraladi. Bayonotda bu harakatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomini qo‘pol ravishda buzishi qayd etildi.
Vazirlikning ta’kidlashicha, sodir bo‘layotgan voqealar nafaqat Venesuela, balki butun mintaqa xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, Lotin Amerikasi va Karib dengizi mintaqasida millionlab odamlar hayoti xavf ostida qolishi mumkinligi uqtirildi.
Mamlakatda esa xavfsizlik choralari kuchaytirilib, favqulodda holat e’lon qilindi.





