Zelenskiy o‘zining maxfiy bunkerini ko‘rsatdi

24.02.2026 | 20:113 daqiqa

Ukraina prezidenti urushning to‘rtinchi yilida Bankovadagi maxfiy bunkeridan dunyoga murojaat yo‘lladi.

Zelenskiy o‘zining maxfiy bunkerini ko‘rsatdi © Фото: УНИАН

Bugun, 24-fevral kuni Ukraina Prezidenti Voladimir Zelenskiy Rossiya bosqinining to‘rt yilligi munosabati bilan xalqqa murojaat qildi va urushning ilk oylarida faoliyat yuritgan Bankova ko‘chasidagi maxfiy bunkerini namoyish etdi. U yerda prezident dunyo yetakchilari bilan muzokaralar olib borgan va mamlakat mudofaasini boshqargan.

Zelenskiy o‘z nutqida urushning ilk kunlaridagi voqealarni yodga oldi. Xususan, AQSH Prezidenti Jo Baydenning xavfsizlik nuqtai nazaridan Ukrainani tark etish taklifiga javoban bergan «Menga taksi emas, qurol kerak» degan mashhur iborasini ta’kidlab o‘tdi.

Quyida Zelenskiy murojaatining to‘liq matnini keltiramiz:

«Bugun Putin «Kiyevni uch kunda olaman» deganiga roppa-rosa to‘rt yil to‘ldi. Va bu bizning qarshiligimiz, Ukraina shuncha vaqtdan beri qanday kurashayotgani haqida ko‘p narsani anglatadi. Bu so‘zlar ortida millionlab odamlarimiz turibdi. Bu so‘zlar ortida — ulkan jasorat, juda og‘ir mehnat, chidam va Ukraina 24-fevraldan beri bosib o‘tayotgan katta yo‘l yotibdi.

Bu kabinet, Bankovadagi bunkerdagi mana shu kichkina xona — urush boshida jahon yetakchilari bilan ilk suhbatlarim aynan shu yerda bo‘lgan edi. Men shu yerda prezident Bayden bilan gaplashganman va aynan shu xonada: «Voladimir, xavf bor, siz zudlik bilan Ukrainani tark etishingiz kerak. Biz bunda yordam berishga tayyormiz», degan gapni eshitganman. Men esa shu yerda unga menga taksi emas, qurol kerakligini aytganman.

Hammamiz — tirik insonlarmiz, va o‘sha kuni barcha ukrainaliklarga ham qo‘rqinchli, ham og‘riqli edi. Ko‘pchilik shok holatida edi va nima deyishni bilmasdi, lekin qandaydir ko‘rinmas darajada hammamiz bilardikki — bizda boshqa Ukraina yo‘q. Bu bizning uyimiz va nima qilish kerakligini hammamiz tushunardik.

Bu tanlov edi. O‘shanda millionlab ukrainalik erkak va ayollar qilgan tanlov. Bizning odamlar oq bayroq ko‘tarishmadi, balki moviy-sariq bayroqni himoya qilishdi. Va bu yerda ularni gullar bilan kutib olishadi deb o‘ylagan bosqinchilar, harbiy komissariatlar oldidagi turnaqator navbatlarni ko‘rishdi. Xalqimiz qarshilikni tanladi.

Men shu yerda, bunkerda ishladim, keyin tepaga chiqardim va sizlarga, xalqqa murojaat qilardim. Shu yerda bizning jamoa, hukumat edi, harbiylar bilan har kunlik majlislar, qo‘ng‘iroqlar, yechimlar izlash — Ukraina bardosh berishi uchun zarur bo‘lgan hamma narsa shu yerda edi. Rostini aytsam, har xil vaziyatlar bo‘ldi, bu yerda ham rasmiy til, ham noadabiy (so‘kinish aralash) til yangradi. Chunki har bir yordam paketini, Rossiyaga qarshi har bir sanksiyani, har bir qurol partiyasini — bularning hammasini haqiqatda tish-tirnog‘imiz bilan sug‘urib olishimiz kerak edi. Dunyo Ukrainaga ishonishi uchun hamma narsani qilishimiz kerak edi.

Bu chaqiriqlar ish berdi, chunki ukrainaliklar nafas olishni ham unuttiradigan darajada shijoat bilan kurashishdi. Va bu qarshilik hatto koinotdan ham ko‘rinib turardi. Bu mutlaqo ilhomlantirardi, shuning uchun tez orada hamma mana shu moviy-sariq dengizni — Yevropa va dunyo maydonlarida bizning bayroqlarimiz bilan chiqqan minglab odamlarni ko‘rdi.

Shu tariqa asta-sekin, qiyinchilik bilan, qadamma-qadam Ukraina bardosh berishga imkon bergan o‘sha tayanchni tikladi. Hayotimizdagi eng uzoq davom etgan urushning birinchi kunida dosh berdik. Keyin yana bir kun. Va yana bir kun. So‘ngra bir hafta. Ikki hafta. Keyin esa — bir oy. Va biz bahorni ko‘rdik, vaholanki bu fevral hech qachon tugamaydigandek tuyulgan edi. Biz katta urush davridagi ilk bahorimizni oldik. Bu burilish nuqtasi edi va o‘shanda ilk bor hammaning xayolidan «Qila olamiz, Ukraina qila oladi!» degan fikr o‘tdi.

Teglar

Mavzuga oid