
«Agar yo‘llarni shunday qilsak, odamlar faqat shanba va yakshanba kunlari mashinasida yuradi» — Prezident
20.10.2025 | 13:1545422
Shavkat Mirziyoyev Shota Rustaveli ko‘chasida joriy etilgan BRT tezyurar avtobus tizimi bilan tanishar ekan, bu loyiha Toshkentda shaxsiy avtomobillardan foydalanishni keskin kamaytirishiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 oktyabr kuni rekonstruksiya qilingan Shota Rustaveli ko‘chasini ko‘zdan kechirdi va poytaxtda ilk bor amalga oshirilgan BRT (Bus Rapid Transit) tizimini yuqori baholadi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, shunday zamonaviy va qulay jamoat transport tizimlari barpo etilsa, odamlar shaxsiy mashinalaridan faqat dam olish kunlaridagina foydalanishga o‘tadi. Bu haqda Prezidenti Shota Rustaveli ko‘chasi bilan tanishgan kuni aytib o‘tdi.
«Agar mana shunday yo‘llar qilsak, bu avtobuslarni qo‘ysak, odamlar faqat shanba, bozor kunlar o‘zining mashinasida yuradi, arzon, xavfsiz, tez. Nima keragi bor mashinasi? Mashinasi shanba va yakshanba kunlari dam olishga olib boradi», , — dedi prezident.
Prezident ta’kidlaganidek, Rustaveli ko‘chasidagi yangi tizim poytaxtning boshqa yirik ko‘chalarida ham joriy etiladi. Loyiha nafaqat tezyurar avtobus yo‘laklarini, balki velosiped va piyoda yo‘laklarini ham o‘z ichiga oladi.
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov davlat rahbariga loyiha tafsilotlarini taqdim etib, ko‘cha bo‘ylab 14 mingdan ortiq daraxt ekilgani, drenaj tizimi to‘liq yangilangani va avtobuslar harakat tezligi ikki barobarga oshganini ma’lum qildi.
Rekonstruksiya doirasida Shota Rustaveli ko‘chasining Miroboddan Choshtepagacha bo‘lgan qariyb 7 kilometr qismi yangilandi. Yo‘l 10 qatnov qismidan iborat bo‘lib, ularning ikkitasi avtobuslar uchun maxsus ajratilgan. Qolgan yo‘laklar avtomobillar harakati va to‘xtashi uchun mo‘ljallangan.
Umumiy qiymati 19,2 million dollar bo‘lgan loyiha natijasida yo‘lovchilar oqimi soatiga 2,5 ming nafardan 6 ming nafargacha oshdi. Yo‘lning o‘tkazuvchanligi esa sutkasiga 40 mingta avtomobilga yetdi. Shuningdek, o‘rtacha tezlik 23 km/soatdan 30 km/soatga ko‘tarildi.
BRT tizimi doirasida 21 ta yangi avtobus bekati qurildi, 463 ta «aqlli» svetofor o‘rnatildi va intellektual transport tizimi joriy etildi. Yo‘l bo‘yida avtomobillar uchun maxsus to‘xtash joylari ham barpo etilgan.





