Chiqindi tariflari oshdi: sifat qachon yaxshilanadi

Kecha 17:404 daqiqa

Chiqindi xizmatlari tariflari keskin oshdi, ammo sifat o‘zgarmadi. Elektrga bog‘langan tizim va iste’molchilar muammolari tahlil qilinadi.

Chiqindi tariflari oshdi: sifat qachon yaxshilanadi

Toshkent viloyatida 1-apreldan boshlab chiqindi xizmatlari uchun to‘lov oshiriladi. Bu haqda viloyat hokimligi kengashi qarori e’lon qildi. Bu yil tariflar keskin oshirildi, ya’ni chiqindi xizmatlari narxi 38,6 foizga qimmatladi.

Unga ko‘ra, fuqarolar uchun qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish narxi oyiga bir kishi uchun QQSsiz 9 ming 700 so‘m, QQS bilan 10 ming 864 so‘mni tashkil etadi.

Yuridik shaxslar, ya’ni budjet va xo‘jalik tashkilotlari uchun 1 metr kubga QQSsiz 6 ming 890 so‘m, QQS bilan 97 ming 316 so‘m qilib belgilandi.

11

2026-yil uchun tarif

Oxirgi marta Toshkent viloyati hokimligi 2025 yil 1-yanvarda chiqindi tashish tariflarini oshirgan edi. Bunda QQS bilan jismoniy shaxslar uchun bir kishiga oyiga 7 ming 840 so‘m, yuridik shaxslar uchun 1 metr kub uchun 82 ming 88 so‘m etib belgilangandi.

1

2025-yil uchun tarif

Qizig‘i, o‘tgan yilda ham O‘zbekistonda kommunal xizmatlar bo‘yicha narxlar oshishi estafetasini Toshkent viloyati boshlab bergandi. Bu yil ham bu an’ana takrorlanish ehtimoli yuqori.

«Chiqindi tashishdan keyin elektr va gaz, keyin suv, issiq suv va isitish monopolistlari bir-birini yetaklab tariflarni inflatsiyadan yuqori darajada oshirishni boshlashadi», — deb yozmoqda iqtisodchi Otabek Bakirov.

Milliardlab asossiz pul undirishlar

Avvalroq, Raqobat qo‘mitasi Toshkent, Farg‘ona, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Samarqand, Namangan, Xorazm viloyatlaridagi 64 ta xo‘jalik subyektlari ustun muzokara kuchiga ega deb e’lon qilingan edi.

Bundan tashqari, chiqindi tashish korxonalaridan norozilar ham talaygina. Jumladan, 2025 yil dekabrda 5 ta chiqindi tashish korxonasi tomonidan 250 mingga yaqin iste’molchilardan 8,8 mlrd so‘mdan ortiq asossiz mablag‘ olingani aniqlangan edi. Bunda xonadonlarda umuman chiqindi olib ketilmagan bo‘lsa-da, ularga to‘lovlar hisoblangan.

Shu bilan birga, xizmat sifati talab darajasida bo‘lmagani ham qayd etilgan. Ya’ni tizim na xizmat ko‘rsatadi, na sifat beradi, ammo pul undirishda davom etadi.

2025 yil 1-noyabrdan esa yangi tizim ishga tushdi-yu, holat yanada og‘irlashdi. Ya’ni Toshkentda chiqindi tashish xizmatlari bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda elektr energiyasi uchun to‘lovlarga cheklovlar kuchga kirdi.

Birinchi haftaning o‘zida 25,1 ming kishi 2,24 mlrd so‘mlik qarzdorlik haqida ogohlantirish oldi. Ulardan 6 ming nafari atigi 5 kun ichida qarzni yopmagani uchun elektr bo‘yicha cheklovlarga duch keldi.

O‘zbekiston bo‘ylab bu tizim dekabr oyidan ishlay boshladi. Bunda 231 ming abonent «Hududiy elektr tarmoqlari»da 20,1 mlrd so‘mlik qarzdorlik haqida ogohlantirish olgan, shundan dastlabki 5 kunda 9,4 mlrd so‘m to‘lagan.

2026 yil 5-fevral holatiga ko‘ra esa chiqindini olib chiqib ketish bo‘yicha «Hududiy elektr tarmoqlari» tomonidan xabarnoma olgan abonentlar 1,17 mln nafarni tashkil qilsa, ularning qarzlarining umumiy miqdori 108,9 mlrd so‘m bo‘lgan.

Fuqarolarga qarzni yopish uchun atigi 5 kun berilgan. Shu muddat ichida 12,7 mlrd so‘m to‘langan bo‘lsa-da, muddat tugashi bilan 198 ming 858 nafar iste’molchiga nisbatan 15,8 mlrd so‘mlik qarzdorlik bo‘yicha elektr ta’minotiga cheklovlar joriy etilgan.

Raqamlarda ko‘rish mumkinki, faqatgina vaziyat yomonlashgan. Tizim muammoni hal qilmagan, aksincha bosimni kuchaytirgan. Endi iste’molchi xizmat sifati past bo‘lsa ham yoki umuman xizmat ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham, elektrdan uzilish bilan jazolanmoqda. Ammo iste’molchi xizmat sifati uchun ta’sir kuchiga ega emas. Shikoyat qilish esa oylab, ayrim hollarda yillab vaqt olishi tayin.

 

«Chiqindini elektrga bog‘lash — absurd»

«Avval iqtisod» dasturida iqtisodchi Otabek Bakirov kommunal to‘lovlarni bir-biriga bog‘lash orqali undirish amaliyotini keskin tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, bunday yondashuv muammoni hal qilmaydi, aksincha tizimdagi kamchiliklarni yashirishga xizmat qiladi.

Bakirovning fikricha, aholining to‘lov qilmasligi intizomsizlik emas, balki xizmat sifati va tizimdagi muammolar bilan bog‘liq.

«Qaysidir undirilmayotgan tarifni undirilayotgan xizmatga bog‘lash — bu tizim ishlamayotganining belgisi. Demak, o‘sha joyda bozor yo‘q, sifat yo‘q. Odamlar nima uchun to‘lamaydi? Xizmat ko‘rsatmagani uchun to‘lamaydi. Xizmat sifati pastligi uchun to‘lamaydi yoki lozim darajada shartnomaviy munosabatlar qo‘yilmagani uchun to‘lamaydi», — deydi u.

Bakirov, ayniqsa, chiqindi xizmatlarini elektr energiyasiga bog‘lash amaliyotini keskin qoraladi. Uning aytishicha, bu yondashuv kelajakda boshqa to‘lovlar ham majburan bog‘lanishiga olib kelishi mumkin.

«Chiqindini elektrga bog‘lash — absurd. Agar bu davom etsa, boshqa to‘lovlar ham shunday bog‘lanadi. Asl yechim esa yagona billing tizimini to‘liq joriy qilishdir. Aks holda, biz Pandora qutisini ochib qo‘ydik va bu jarayon chuqurlashib boradi. Qaytish yo‘q endi», — deya ogohlantiradi Bakirov.

Shu o‘rinda, iqtisodchi Otabek Bakirov chiqindi tariflari inflatsiyadan yuqori sur’atda oshishda davom etishi, xizmat sifati esa pasayishini ta’kidlab, bu holatga ko‘nikish yoki tizimdan voz kechish zarurligini qayd etadi.

«Bundan buyog‘iga chiqindi tariflarining inflatsiyadan karrasiga yuqori qimmatlashishi, xizmat sifati esa yanada quyiga intilishiga ko‘nib borish kerak yoki bo‘lmasa, chiqindi to‘lovini elektrga bog‘lashdek antiijtimoiy va hech bir normal davlat amaliyotida yo‘q yomon tajribadan voz kechish kerak», — deb yozmoqda iqtisodchi.

 

Narx oshadi, muammosi esa o‘sha-o‘sha

Toshkent viloyatida chiqindi tariflarining keskin oshirilishi yana bir bor shuni ko‘rsatdiki, kommunal sohada narxlar oshishi allaqachon tizimli jarayonga aylangan. Buning ortidan boshqa xizmatlar narxlari oshishi ehtimoldan xoli emas.

Biroq keskin oshirilayotgan tariflar na xizmat sifati yaxshilanishiga, na raqobatni oshirishga ta’sir qiladi. Mavjud muammolar — asossiz undirishlar, past xizmat sifati, monopoliyalashuv — saqlanib qolaveradi. Ustiga ustak, elektrni uzib qo‘yish orqali jazolash tizimdagi kamchiliklarni yopish vositasiga aylanib, iste’molchilarga ikki karra bosim beradi. Bu esa aholining umumiy xarajatlarini keskin og‘irlashtiradi.

Shu bois asosiy savol ochiq qolmoqda: tizimni o‘zgartiramizmi yoki narxlar ortidan ergashib yashashga majbur bo‘lamizmi? Aks holda, bugungi qarorlar ertaga yanada katta muammolarga olib kelishi turgan gap.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 90

Barchasi

Mavzuga oid