Alimentning eng kam miqdori oshishi mumkin

Kecha 12:552 daqiqa

O‘zbekistonda alimentning eng kam miqdorini oshirish va ajrashishda yarashish muddatini 1 yilgacha uzaytirish taklif qilinmoqda.

Alimentning eng kam miqdori oshishi mumkin

O‘zbekistonda oila munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan yangi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Unda aliment to‘lovlari va nikohdan ajratish tartibiga qator muhim o‘zgartishlar kiritish taklif etilmoqda.

Aliment miqdori

Xususan, har bir bola uchun undiriladigan alimentning eng kam miqdorini oshirish rejalashtirilgan. Amaldagi tartibga ko‘ra, bu miqdor mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi belgilangan bo‘lib, hozirda 336 815 so‘mni tashkil etadi.

Yangi tahrirga muvofiq, ushbu ko‘rsatkich minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga bog‘lanadi. Bugungi kunda bu summa 715 ming so‘mni tashkil etmoqda. Bu esa aliment to‘lovlarining sezilarli oshishiga olib kelishi mumkin.

Yarashish muddati

Qonun loyihasida nikohdan ajratish jarayoniga ham o‘zgartish kiritilmoqda. Jumladan, sud tomonidan er-xotinga beriladigan yarashish muddatini amaldagi olti oydan bir yilgacha uzaytirish taklif etilgan.

Shu bilan birga, sud yarashish uchun muddat belgilagan holatlarda bu haqdagi ma’lumotni uch kun ichida «elektron hukumat» tizimi orqali yuborishi shart qilib belgilanmoqda.

Qo‘shimcha talablar

Bundan tashqari, voyaga yetmagan farzandlari bo‘lmagan er-xotinlar uchun ajrashish tartibiga yangi cheklov kiritilmoqda. Endi ular FHDY orqali sudsiz ajrashishi uchun kamida bir yil nikohda bo‘lgan bo‘lishi shart qilinadi.

Ayni paytda, ushbu cheklov oilaviy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxslarga tatbiq etilmaydi. Bu orqali ularning huquqlari himoya qilinishi nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasi 26-mart kuni jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi va hozirda takliflar yig‘ilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid