Markaziy bank 11 ta bankni jarimaga tortdi

Bugun 10:262 daqiqa

Bank nazorati qo‘mitasi fevral oyida jami 7-marta yig‘ilish o‘tkazib, jami 43 ta masalani ko‘rib chiqqan.

Markaziy bank 11 ta bankni jarimaga tortdi

Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning fevral oyidagi yig‘ilishlar (jami 7-marta) davomida 43 ta masala ko‘rib chiqildi va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qildi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar

Ma’lum bo‘lishicha, ko‘rib chiqilgan masalalarning 30 tasi ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishiga to‘g‘ri keldi. Jumladan, 3 ta holatda kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartishlar ro‘yxatdan o‘tkazilgan, 1 ta kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish, 6 ta banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish, 5 ta mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish, 1 ta to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyani qayta rasmiylashtirish, shuningdek, 14 ta tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan.

Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga doir 13 ta masala ham ko‘rib chiqildi. Ularda Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, tijorat banklarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari, bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish, bank va to‘lov tashkilotlarida kiberxavfsizlik talablariga rioya etish hamda tashkilotlarning moliyaviy xizmatlarini “tartibga solish qumdoni” doirasida sinovdan o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Jarimaga tortilgan banklar

Faoliyatini qonunchilik talablariga muvofiq tashkil etmagani, shuningdek inspeksiya va o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar sabab 11 ta bank jarimaga tortildi.

14 bank va 4 ta to‘lov tashkiloti esa prudensial normativ talablariga rioya etilmaganligi, o‘z faoliyatini qonunchilik hujjatlari talablariga belgilangan tartibda muvofiqlashtirmaganligi hamda o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar uchun chora va sanksiyalar qo‘llanilishi mumkinligi haqida ogohlantirish berildi.

Bundan tashqari, 8 ta bank bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarning moliyaviy barqarorlikka salbiy ta’sirini kamaytirish va makroprudensial buferlar shakllantirishni ta’minlash maqsadida aksiyadorlarga oddiy aksiyalar bo‘yicha dividend to‘lash orqali foydani taqsimlamaslik talabi belgilandi.

Teglar

Mavzuga oid