Yirik miqdordagi to‘lovlar uchun nazorat kuchaytirilishi mumkin
Markaziy bank 10,3 mln so‘mdan ortiq barcha to‘lov va o‘tkazmalar ustidan nazoratni kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Yangi talablarga ko‘ra, banklar tranzaksiyalarda jo‘natuvchi va qabul qiluvchi haqida kengaytirilgan ma’lumotlarni taqdim etishi shart bo‘ladi.

Markaziy bank pul o‘tkazmalari va bank operatsiyalari ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan yangi talablarni joriy etishni rejalashtirmoqda. 10,3 mln so‘mdan yuqori barcha ichki to‘lovlar uchun jo‘natuvchi va qabul qiluvchi haqida qo‘shimcha ma’lumotlar ilova qilinishi mumkin.
Yangi talablarga ko‘ra, jo‘natuvchilar haqida operatsiya raqami, yashash manzili va tug‘ilgan sanasi (jismoniy shaxslar uchun) yoki STIR (yuridik shaxslar uchun) ko‘rsatilishi shart. Qabul qiluvchilar uchun esa operatsiya raqami, joylashgan hudud va yuridik shaxslar uchun STIR talab qilinadi.
Bu talablar BHMning 25 baravariga teng bo‘lgan 10,3 mln so‘m va undan yuqori barcha to‘lovlarga tatbiq etiladi. Hozirgi qoidalarda esa ushbu talab faqat 12,6 mln so‘mdan yuqori elektron o‘tkazmalar uchun amal qiladi.
Shuningdek, banklar tovar va xizmatlar uchun amalga oshiriladigan barcha to‘lovlarga karta raqamlarini ilova qilishi kerak bo‘ladi. Zarur hollarda karta chiqargan bank va xizmat ko‘rsatuvchi bank haqida ma’lumot taqdim etish majburiy qilinadi.
Loyihada transchegaraviy naqd pul yechib olish operatsiyalari bo‘yicha ham qo‘shimcha talablar nazarda tutilgan. Bunda karta ma’lumotlari boshqa bank orqali amalga oshirilgan operatsiyalarda ham taqdim etilishi kerak.
Yana bir yangilik sifatida «paketli o‘tkazma» tushunchasi joriy etilmoqda. U bir nechta to‘lovni o‘z ichiga olgan yagona tranzaksiya bo‘lib, ma’lum holatlarda har bir to‘lov uchun alohida ma’lumot taqdim etish talab etilmasligi mumkin.
Markaziy bank ushbu o‘zgarishlarni xalqaro standartlar, jumladan FATF (Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy chora-tadbirlarni ishlab chiqish guruhi) tavsiyalari asosida ishlab chiqqanini ta’kidlamoqda. Loyiha muhokamasi 4-aprelgacha davom etadi.





