O‘zbekistonda har to‘rtinchi korxona savdo sohasida faoliyat yuritmoqda
2026 yil boshida O‘zbekistonda faol korxonalar soni 576,8 mingga yetdi, ularning eng katta qismi savdo sohasi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

2026 yil 1-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda jami 576,8 mingta korxona va tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, iqtisodiy faoliyat turlari orasida eng katta ulush savdo sohasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu yo‘nalishda 156 796 ta korxona ish olib borayotgan bo‘lib, bu umumiy ko‘rsatkichning qariyb 25 foizini tashkil qiladi.
Agrar sektorining iqtisodiyotdagi o‘rni
Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi ikkinchi o‘rinni egallab, mazkur sohada 127 071 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu esa agrar sektor hanuz iqtisodiyotda muhim o‘rin tutayotganini anglatadi.
Sanoat sohasida 61 062 ta korxona ishlayotgan bo‘lsa, qurilish tarmog‘ida 31 372 ta tashkilot faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida 31 350 ta korxona qayd etilgan.
Tashish va saqlash sohasida 17 737 ta, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlarda 14 538 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Axborot va aloqa sohasida esa 12 391 ta korxona ishlamoqda.
Qolgan 124 477 ta korxona boshqa turli iqtisodiy faoliyat yo‘nalishlariga to‘g‘ri keladi. Ushbu raqamlar mamlakat iqtisodiyotida xizmat ko‘rsatish sohalari, ayniqsa savdo tarmog‘i yetakchi o‘rinni egallab borayotganini ko‘rsatadi.




