«AKFA Aluminium» ilk marta xalqaro bozorda obligatsiyalar chiqarishni rejalashtirmoqda
«AKFA Aluminium» aksiyalarni dastlabki joylashtirish to‘g‘risidagi qarorni e’lon qildi. Shu bilan birga, Bloomberg nashri kompaniya ilk obligatsiyalar emissiyasi imkoniyatini o‘rganayotgani va 13-iyul kuni Londonda xalqaro investorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazishga tayyorlanayotgani haqida xabar bermoqda.
© wayll.uzO‘zbekistonning eng yirik xususiy kompaniyalaridan biri — «AKFA Aluminium Group» o‘z tarixidagi ilk obligatsiyalarini chiqarish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya 13-iyul kuni Londonda boshlanadigan ikki kunlik investorlar uchun taqdimot uchrashuvlari (road-show)ni tashkil etish uchun «Citigroup» va «JPMorgan»ni jalb qilgan.
«Uchrashuvlar dastlabki bosqichda bo‘lib, obligatsiyalarni yaqin vaqt ichida joylashtirish rejalashtirilmagan», — deyiladi xabarda.
Bloomberg ma’lum qilishicha, «Citigroup» va «JPMorgan» ushbu masala yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan. «AKFA» esa nashrning izoh so‘rab yuborgan bir nechta murojaatiga javob bermagan.
Shu bilan birga, «AKFA Aluminium» 8 may kuni aksiyalarni dastlabki joylashtirish to‘g‘risidagi qaror e’lon qilinganini ma’lum qildi.
Kompaniyaga ko‘ra, mazkur qaror «AKFA Aluminium»ning aksiyadorlik jamiyati sifatidagi rivojlanishida muhim bosqich hisoblanadi. U korporativ shaffoflikni oshirish, boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda axborotni rasmiy oshkor etish amaliyotini mustahkamlashga qaratilgan.
«AKFA» 2000 yilda tadbirkor va Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tomonidan tashkil etilgan. Kompaniya qurilish sanoati uchun alyuminiy va plastmassa mahsulotlari ishlab chiqaradi hamda ularni 30 dan ortiq mamlakat bozorlariga eksport qiladi. «S&P Global Ratings» agentligi 2024 yilda kompaniyaga B+ kredit reytingini bergan bo‘lib, mazkur reyting keyingi ikki yil davomida saqlab qolingan.
Org.info ma’lumotlariga ko‘ra, “AKFA ALUMINIUM” MCHJning ustav fondi 664,8 mlrd so‘mni tashkil etadi. Korxonaning 50% ulushi tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev, qolgan 50%i esa Nigoraxon Ortiqxo‘jayevaga tegishli. Kompaniyaga Bahodir Abdullayev rahbarlik qiladi.
iHAMKOR ma’lumotlarida esa kompaniya 2025 yildagi daromadlari 31,23 mlrd so‘mni tashkil qilgani qayd etilgan. Ammo unga aloqador kompaniyalarda vaziyat quyidagicha:
Kompaniya | 2025-yilda tushum |
|---|---|
AKFA Extrusions | 3 341,26 mlrd so‘m |
AKFA Building Materials | 2 004,67 mlrd so‘m |
AKFA Dream World | 358,71 mlrd so‘m |
AKFA Food | 318,38 mlrd so‘m |
AKFA-Trust | 119,50 mlrd so‘m |
Samoinur AKFA | 63,67 mlrd so‘m |
AKFA Aluminium AJ (bosh kompaniya) | 31,23 mlrd so‘m |
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalarining 31 foizini IPO jarayonlarida qariyb 603,6 mln dollarga sotilgan edi.
Biroq jamg‘arma, shuningdek, 2026 yilning birinchi choragini 417,4 milliard so‘mlik zarar bilan yakunlagan.
Shu bilan birga, KAP DEPO rahbari Farrux Xodjayev mazkur moliyaviy natijalar investorlar tomonidan to‘g‘ri talqin qilinishi kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, birinchi chorakda qayd etilgan 417 milliard so‘mlik zarar sarlavhalarda xavotirli ko‘rinishi mumkin.
«Hozir bozor uchun eng muhim vazifa — fondning moliyaviy hisobotlarini to‘g‘ri talqin qilish va aktivlar qiymatining buxgalteriya bahosi o‘zgarishini operatsion muammolar bilan aralashtirmaslikdir», — deydi u.
Xodjayevning ta’kidlashicha, manfiy natijaning katta qismi investitsiya portfeli qiymatining qayta baholanishi hamda aktivlar almashinuvi operatsiyalari bilan bog‘liq. Ya’ni bu an’anaviy ma’nodagi naqd pul yo‘qotilishi emas.
Uning so‘zlariga ko‘ra, MHXS talablariga binoan aktivlar adolatli qiymatda hisobga olinganda, portfel qiymatidagi o‘zgarishlar hatto aktivlar sotilmagan taqdirda ham foyda yoki zarar ko‘rsatkichlariga ta’sir qiladi. Shu sababli mazkur holatni «qog‘ozdagi zarar» sifatida baholash mumkin.





