Logo

Mojtabo Xomanaiy nega otasining dafn marosimida ishtirok etmadi

Bugun 15:102 daqiqa

Manbalarga ko‘ra, Eron oliy rahnamosining ommaga ko‘rinmasligi xavfsizlik choralari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Mojtabo Xomanaiy nega otasining dafn marosimida ishtirok etmadi © Kollaj

Eron oliy rahnamosi Mojtabo Xomanaiy otasi — marhum Oyatulloh Ali Xomanaiy bilan vidolashuv marosimlarida ishtirok etmadi. Bu haqda The New York Times manbalarga tayanib xabar berdi.

Ali Xomanaiy uchun janoza namozi 5-iyul kuni Tehronda o‘qilishi kutilmoqda. Vidolashuv tadbirlari esa Eronning beshta shahrida o‘tkazilib, 9-iyulgacha davom etadi.

Shu vaqtga qadar marhum rahnamoning o‘g‘li va Eronning amaldagi oliy rahnamosi Mojtabo Xomanaiy omma oldida ko‘rinish bermagan.

Ali Xomanaiyning dafn marosimini tashkil etish qo‘mitasi rahbari Akbar Purjamshidiyon avvalroq Mojtabo Xomanaiyning marosimdagi ishtiroki bo‘yicha qarorni uning o‘zi qabul qilishini bildirgan. Shunga qaramay, Xomanaiy tarafdorlari uni vidolashuv tadbirlarida ko‘rishni kutgan.

Biroq Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusidagi ikki manbaning aytishicha, xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar uning marosimga kelish ehtimolini kamaytirgan. Ularning ta’kidlashicha, Isroil tomonidan uning joylashuvini aniqlash yoki unga qarshi ehtimoliy hujum uyushtirish xavfi hisobga olingan.

Manbalarga ko‘ra, Mojtabo Xomanaiy dafn marosimining ayrim qismlarida qatnashish istagini bildirgan. Xususan, u 9-iyul kuni Mashhad shahridagi Imom Rizo ziyoratgohida o‘tkazilishi rejalashtirilgan marosimda ishtirok etib, otasi xotirasiga duo o‘qishni xohlagan.

Eslatib o‘tamiz, Ali Xomanaiy bilan vidolashuv marosimlari 3-iyul kuni Tehronda boshlangan. Unda O‘zbekiston nomidan Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etgan.

AQSH va Isroil tomonidan 28-fevral kuni Eronga uyushtirilgan aviahujumlarda Ali Xomanaiy halok bo‘lgani aytilgan. Uning o‘limi 1-mart kuni rasman tasdiqlangan va mamlakatda 40 kunlik motam e’lon qilingan.

Dastlab vidolashuv marosimlari mart oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Biroq ko‘p sonli ishtirokchilar kelishi kutilgani va zarur infratuzilmani tayyorlash sababli tadbirlar iyul oyiga qoldirilgan.

Mojtabo Xomanaiy esa 9-mart kuni Eronning yangi oliy rahnamosi etib saylangan. Xabarlarga ko‘ra, u hujumlarda olgan jarohatlari sabab shu kungacha jamoatchilik oldida chiqish qilmagan. Uning murojaatlari televideniye orqali o‘qib eshittirilgan yoki yozma shaklda e’lon qilingan.

Teglar

Mavzuga oid