Logo

«O‘zbekneftgaz» dizel va mazut ishlab chiqarish rejasini bajara olmadi

Bugun 12:552 daqiqa

«O‘zbekneftgaz» birinchi yarim yillik natijalarini e’lon qildi. Kompaniyaning moliyaviy ko‘rsatkichlari yaxshilangan bo‘lsa-da, ayrim mahsulotlar ishlab chiqarishida muammolar kuzatilgan.

«O‘zbekneftgaz» dizel va mazut ishlab chiqarish rejasini bajara olmadi © sputnik

«O‘zbekneftgaz» AJ 2026 yil birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha hisobot berdi. Kompaniyada boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda moliyaviy natijalar, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va ikkinchi yarim yillikdagi vazifalar muhokama qilindi.

Ma’lum qilinishicha, kompaniyaning qarz yuki 2025 yil yakunidagi 3,1 barobardan 2,7 barobargacha pasaytirilgan. Avvalgi yillarda jalb qilingan yuqori foizli kreditlarni qayta moliyalashtirish va muddatidan oldin so‘ndirish orqali foiz to‘lovlaridan 219 mlrd so‘m iqtisod qilingan.

Shuningdek, debitor qarzdorlik yil boshidan buyon 1,2 trln so‘mga kamaytirilgan. Tizimda oylik ish haqi oshirilganiga qaramay, xarajatlar rejaga nisbatan 1 trln so‘mga optimallashtirilgan.

Ishlab chiqarish muammolari

Yig‘ilishda ayrim yo‘nalishlardagi muammolar ham muhokama qilindi. Xususan, geosiyosiy vaziyat tufayli xomashyo importi cheklangani sabab dizel yoqilg‘isi va mazut ishlab chiqarish bo‘yicha rejalar bajarilmagani tanqid qilindi.

Mas’ullarga holat sabablarini tahlil qilish, mavjud muammolarni bartaraf etish va yil yakuniga qadar belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish vazifasi qo‘yildi.

Shu bilan birga, neft bazalar faoliyatida o‘sish qayd etildi. 2025 yil birinchi yarim yilligida 36,5 mlrd so‘m zarar bilan ishlagan 14 ta neft baza 2026 yilning shu davrida 5,4 mlrd so‘m sof foyda oldi. Bu davrda 250 ming tonna avtobenzin va 114 ming tonna dizel yoqilg‘isi sotilgan.

Qishga tayyorgarlik rejasi


Yig‘ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalasi ham ko‘rib chiqildi. Kompaniyaga ishlab chiqarish obyektlarining uzluksiz faoliyatini ta’minlash hamda yoqilg‘i-moylash materiallari va avtobenzin zaxiralarini oldindan shakllantirish topshirildi.

Gaz qazib chiqarish sohasida foydalanishdan chiqarilgan quduqlarni qayta tahlil qilish, texnik imkoniyati mavjudlarini ishga tushirish va har bir quduq ishini soatbay monitoring qilish vazifasi belgilandi.

Ikkinchi yarim yillikda elektr energiyasini tejash dasturlarini ishlab chiqish, o‘z energiya manbalarini rivojlantirish hamda Xitoy hamkorlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini tezlashtirish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zbekneftgaz» rahbari Boysundagi texnogen avariyani bartaraf etish muddatini ma’lum qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

«O‘zbekneftgaz» dizel va mazut ishlab chiqarish rejasini bajara olmadi | Vaqt.uz