Qozog‘istonda benzin eksporti yana yarim yilga taqiqlanishi mumkin
Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari uchun cheklovlar joriy yilning 22-noyabridan 2027 yilning 22-mayigacha, ittifoqdan tashqaridagi davlatlarga esa 2027 yilning 1-yanvaridan 30-iyunigacha amal qiladi.
© Roman Pimenov / «Peterburgskiy dnevnik»Qozog‘iston Energetika vazirligi benzin, dizel yonilg‘isi va bir qator neft mahsulotlarini eksportiga qo‘yilgan taqiq muddatini yana yarim yilga uzaytirishni taklif qildi.
Rejaga ko‘ra, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari uchun cheklovlar joriy yilning 22-noyabridan 2027 yilning 22-mayigacha amal qiladi. Ittifoqdan tashqaridagi davlatlarga eksport qilish taqiqi esa 2027 yilning 1-yanvaridan 30-iyunigacha kuchda bo‘ladi.
Taqiqlangan mahsulotlar ro‘yxatiga benzin va dizeldan tashqari aviakerosin, gazoyl, yengil distillyatlar, bitum, toluol va ksilol ham kiritilgan.
Shuningdek, cheklovlardan istisnolar mavjud bo‘lib, taqiq gumanitar yordamlar hamda hukumat qarorlari asosidagi maxsus yetkazib berishlarga amal qilmaydi.
Avvalroq, Qozog‘iston rasmiylari Rossiyadan benzin yetkazib berish bo‘yicha rasmiy so‘rov olmaganini ta’kidlab, benzin eksporti haqidagi xabarlarni rad etgan edi.





