Toshkentda maktablar sig‘imi ikki baravar oshiriladi: yangi loyiha qanday ishlaydi?
Yangi loyihaga ko‘ra, maktablarda sport zali, oshxona va ustaxonalar yerto‘laga joylashtirilib, yuqori qavatlar to‘liq sinf xonalari uchun ajratiladi.
© XTB matbuot xizmatiToshkent shahrida mavjud hududdan samarali foydalangan holda o‘quvchi o‘rinlari sonini ikki baravarga oshirish imkonini beruvchi yangi turdagi maktablar qurish taklif etilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Yig‘ilishda poytaxtning ayrim hududlarida maktablarga tushayotgan yuklama yuqoriligi qayd etildi. Xususan, Sergelidagi ba’zi ta’lim muassasalari belgilangan quvvatidan 1,5–2 baravar ko‘p o‘quvchi bilan faoliyat yuritayotgani aytildi.
Shu munosabat bilan maktab binolarini yangi yondashuv asosida qurish taklifi ilgari surildi. Unga ko‘ra, sport zallari, oshxonalar va amaliy mashg‘ulot xonalari yerto‘la qismida tashkil etiladi, asosiy qavatlar esa sinf xonalari sifatida foydalaniladi.
Joriy yilda Toshkent shahrining har bir tumanida bittadan maktab va bog‘chada ushbu modelni sinov tariqasida joriy etib, «poytaxt tajribasi» ni shakllantirish topshirildi.
12 ta sun’iy ko‘l quriladi
Shuningdek, shaharda aholi va sayyohlar uchun qulay muhit yaratish maqsadida 12 ta sun’iy ko‘l barpo etish rejalashtirilmoqda. Ularning 3 tasi Sergeli tumanidagi Qo‘shqo‘rg‘on, Sultonobod va Farog‘atli mahallalarida jami 22 gektar maydonda tashkil etiladi.
Ushbu hududlarni shahar iqlimini yumshatishga xizmat qiladigan, aholi sayr qilishi va dam olishi mumkin bo‘lgan maskanlarga aylantirish vazifasi qo‘yildi.
Bundan tashqari, «Jo‘n» kanalining Sergeli va Yangihayot tumanlaridan o‘tuvchi 5 kilometr qismi betonlashtirilayotgani ma’lum qilindi. Yil yakuniga qadar kanal bo‘yida sayilgoh va salomatlik yo‘laklari tashkil etiladi.
Shu bilan birga, Chirchiq daryosining poytaxt hududidan o‘tuvchi 16 kilometr qismida o‘zanni mustahkamlash ishlari boshlanadi. Loyiha doirasida qo‘shimcha 300 gektar maydonda «yashil belbog‘», sayilgohlar, piyodalar va velosiped yo‘laklari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Jinoyatdan holi mahallalar soni ko‘paytiriladi
Yig‘ilishda Toshkentda xavfsiz muhitni shakllantirish masalasi ham muhokama qilindi. Ma’lum qilinishicha, so‘nggi olti oy davomida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni kamaygan.
Poytaxtdagi 230 ta mahallada jinoyat sodir etilmagan, 332 ta mahallada esa jinoyatchilik keskin qisqargan. Kriminogen vaziyati og‘ir deb baholangan mahallalar soni 60 tadan 23 taga kamaygan.
Sergeli tumanida ham ijobiy o‘zgarishlar qayd etildi. Tumanda avval xavfli deb baholangan 29 ta mahalla «yashil» toifaga o‘tkazilgan, 17 ta mahallada esa jinoyat qayd etilmagan.
Davlat rahbari O‘zgarish mahallasi tajribasini keng joriy etish, Sergelidagi qolgan mahallalarni ham «yashil» toifaga o‘tkazish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi yondashuvlarni tatbiq etish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berdi.
Vaqt.uz avvalroq Prezident Mirziyoyev Sergeli tumaniga borgani va Yangi Sergeli ko‘chasida amalga oshirilgan ishlar hamda savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan tanishgani haqida xabar bergandi.
Davlat rahbari yig‘ilishda mutasaddilarga Sergeli va Yangihayot tumanlari aholisini qiynab kelayotgan badbo‘y hid muammosini 1-sentabrgacha bartaraf etish vazifasini topshirgan.





