Logo

Tramp NATO sammitida yana Grenlandiyani talab qildi

Bugun 09:002 daqiqa

AQSH prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatish masalasi AQSHning NATO bilan aloqalariga putur yetkazgan.

Tramp NATO sammitida yana Grenlandiyani talab qildi

AQSH prezidenti Donald Tramp Ankarada o‘tayotgan NATO sammiti doirasida Grenlandiya Daniyaning emas, balki AQSH nazoratida bo‘lishi kerakligini yana bir bor bildirdi. Bu haqda «Reuters» agentligi xabar berdi.

Nashrning ta’kidlashicha, Trampning Daniyaning yarim muxtor hududi hisoblangan Grenlandiyani AQSH sotib olishi yoki o‘z nazoratiga olishi kerakligi haqidagi da’volari anchadan buyon NATOning ikki asoschi davlati — Vashington va Kopengagen o‘rtasidagi munosabatlarga, qolaversa, AQSHning Yevropa bilan aloqalariga soya solib kelmoqda. Endi bu masala diplomatik muzokaralar darajasiga ko‘chgan.

«Bu hudud AQSH tomonidan nazorat qilinishi kerak, Daniya tomonidan emas», — dedi Tramp Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan uchrashuv vaqtida jurnalistlarga bergan izohida.

Daniya rad javobini berdi

Bir necha soat o‘tgach, Ankarada so‘zga chiqqan Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen ittifoqchilar Daniya qirolligi suverenitetini hurmat qilishiga hamda Grenlandiya sotilmasligini tan olishiga umid bildirdi.

«Qo‘shma Shtatlarning Grenlandiyaga egalik qilish va uni o‘z nazoratiga olish istagi barchaga ma’lum. Umid qilamanki, buning hech qachon amalga oshmasligi ham hamma uchun xuddi shunday ma’lum», — dedi u.

Frederiksenning ta’kidlashicha, Ankarada Grenlandiya, Arktika yoki shimoliy hududlar bo‘yicha alohida muzokaralar rejalashtirilmagan.

Grenlandiya tashqi ishlar vaziri Mute Egede esa «Facebook» sahifasidagi postida orol kelajagi faqat uning aholisi tomonidan belgilanishi kerakligini bildirdi.

«Bu doim shunday bo‘lgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi», — dedi u.

Arktika uchun kurash

Trampning so‘zlariga ko‘ra, Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatish masalasi AQSHning NATO bilan aloqalariga putur yetkazgan.

«NATO bilan munosabatlarimga aynan shu narsa putur yetkazdi, chunki Grenlandiya Daniyaga foyda keltirmaydi. Daniya Grenlandiyaga haqiqiy yordam ko‘rsatish uchun pul sarflamaydi, ammo bu orol Qo‘shma Shtatlar uchun muhim hudud. Qolaversa, uning atrofini Xitoy va Rossiya kemalari o‘rab olgan, bunga esa yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», — dedi u.

«Biz ularga Rossiya masalasida yordam berish uchun shuncha mablag‘ sarflayotgan bo‘lsak ham, ular (Daniya) bunga rozi bo‘lishmadi», — deya qo‘shimcha qildi Tramp.

AQSH davlat kotibi Marko Rubio avvalroq Vashington, Daniya va Grenlandiya o‘rtasida bu boradagi muloqotlar davom etayotganini ma’lum qilgan.

Teglar

Mavzuga oid

Tramp NATO sammitida yana Grenlandiyani talab qildi | Vaqt.uz