Tramp Anqarada: U Turkiyaga nisbatan sanksiyalarni bekor qildi
Shuningdek, u Turkiyaga F-35 samolyotlarini sotish imkoniyati ko‘rib chiqilishini bildirdi.

AQSH Turkiyaga nisbatan 2020 yilda CAATSA («Amerika dushmanlariga sanksiyalar orqali qarshi kurashish to‘g‘risida»gi) qonuni doirasida joriy etilgan sanksiyalarni bekor qiladi, shuningdek, Anqaraga F-35 qiruvchi samolyotlarini sotish imkoniyatini ko‘rib chiqadi. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp bugun, 7-iyul kuni Anqaradagi NATO sammiti doirasida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuvidan oldin jurnalistlarga ma’lum qildi.
Donald Tramp 7-iyul kuni NATO sammitida ishtirok etish uchun Turkiya poytaxtiga yetib keldi. Samolyot trapi oldida uni shaxsan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an kutib oldi. AQSH rahbari faxriy qorovulga qarata turk tilida «Merhaba asker!» deb salomlashdi. Kutib olish marosimida AQSHning Turkiyadagi elchisi Tom Barrak, NATOdagi doimiy vakili Mett Uitaker hamda Qurolli kuchlar shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi general Den Keyn ishtirok etdi.
Trampning mazkur tashrifi so‘nggi 11 yil ichida AQSH prezidentining Turkiyaga ilk tashrifi hisoblanadi.
Sanksiyalarning bekor qilinishi va F-35 masalasi
«Biz sanksiyalarni olib tashlaymiz», deya ta’kidladi Tramp. U mazkur masala ustida Davlat kotibi va Moliya vaziri ishlayotganini qo‘shimcha qildi. Tramp Turkiyani sodiq ittifoqchi deb atab, F-35 samolyotlarini sotish imkoniyati ko‘rib chiqilishini bildirdi. Shu bilan birga, yuridik to‘siqlar sababli ushbu kelishuv aynan qanday amalga oshirilishiga aniqlik kiritilmadi.
Kongress tomonidan qabul qilingan amaldagi qonunchilikka ko‘ra, Turkiyada Rossiyaning S-400 tizimlari mavjud bo‘lgan taqdirda unga F-35 samolyotlarini sotish taqiqlangan. Chunki mazkur tizim AQSH jangovar samolyotlari uchun xavfsizlikka tahdid sifatida ko‘riladi.
Manbalarga ko‘ra, so‘nggi haftalarda S-400 tizimlarini uchinchi davlatga berish varianti muhokama qilinmoqda, biroq bu kelishuv hali tasdiqlanmagan va qurol savdosida oxirgi foydalanuvchi majburiyatlarini talab qiladigan Rossiyaning bunga munosabati noma’lumligicha qolmoqda.
Ma’lumot uchun, AQSH 2020 yilda Turkiya tomonidan (2019 yilda) Rossiyaning S-400 mudofaa raketa tizimlarini sotib olgani sababli Anqaraga qarshi sanksiyalar kiritgan va uni F-35 dasturidan chiqarib tashlagan edi. Trampning Anqaraga tashrifi Vashingtonning NATO bilan munosabatlari hamda alyansga a’zo davlatlarning mudofaa xarajatlarini yetarlicha oshirmayotgani bo‘yicha tanqidlari fonida kechmoqda.





