Logo

Toshkentda yer usti metro yo‘nalishlari ostida savdo hududlari tashkil etiladi

Loyiha amalga oshirilsa, Yashnobod, Sergeli va Yangihayot tumanlaridan o‘tuvchi metro liniyalari atrofida 400 ga yaqin tadbirkor faoliyat boshlab, 3 mingta yangi ish o‘rni yaratishi mumkin.

Toshkentda yer usti metro yo‘nalishlari ostida savdo hududlari tashkil etiladi © transphoto.org

Toshkentda yer usti metro yo‘nalishlari ostidagi bo‘sh maydonlardan samarali foydalanish orqali savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 4-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yangi tizimga ko‘ra, davlat yerdan foydalanish huquqini auksionga chiqaradi hamda hududning loyihasi va zarur infratuzilmasini tayyorlab beradi. Savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish esa tadbirkorlar tomonidan amalga oshiriladi.

Dastlab ushbu tajribani Sergeli tumanida kengaytirish rejalashtirilgan. Metro liniyasi ostidagi yana 8,5 kilometr hududda loyihalar yakuniga yetkazilsa, 137 ta savdo va servis obyekti ishga tushiriladi.

Natijada tumanda 1–1,5 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi, mahalliy budjetga esa 20–25 mlrd so‘m qo‘shimcha tushum kelib tushishi kutilmoqda.

Umuman, Yashnobod, Sergeli va Yangihayot tumanlaridan o‘tuvchi 23 kilometrlik yer usti metro hududida shunday loyihalar amalga oshirilishi mumkin.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu orqali 400 ga yaqin tadbirkor o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, 3 mingta yangi ish o‘rni tashkil etish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Vaqt.uz avvalroq shaharda aholi va sayyohlar uchun qulay muhit yaratish maqsadida 12 ta sun’iy ko‘l barpo etish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergandi. Ularning 3 tasi Sergeli tumanidagi Qo‘shqo‘rg‘on, Sultonobod va Farog‘atli mahallalarida jami 22 gektar maydonda tashkil etiladi.

Ushbu hududlarni shahar iqlimini yumshatishga xizmat qiladigan, aholi sayr qilishi va dam olishi mumkin bo‘lgan maskanlarga aylantirish vazifasi qo‘yildi.

Teglar

Mavzuga oid