Logo

Uy-joy bozori: Toshkentdagi eng qimmat uylar qaysi tumanlarda?

Toshkentda uy-joy narxlari iyun oyida barqaror saqlandi. Biroq eng qimmat va arzon tumanlar o‘rtasidagi tafovut hali ham sezilarli darajada qolmoqda

Uy-joy bozori: Toshkentdagi eng qimmat uylar qaysi tumanlarda? © Ijtimoiy tarmoqlar

Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi Toshkent shahridagi turar va noturar joylarning iyun oyi bo‘yicha o‘rtacha bozor narxlarini tahlil qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtda aholi soni o‘sishiga qaramay, ko‘chmas mulk bozorida keskin narx o‘zgarishlari kuzatilmagan. Aksariyat hududlarda narxlar barqaror saqlanib, o‘sish mo‘’tadil darajada davom etmoqda.

1-iyul holatiga ko‘ra, Toshkentda ko‘p kvartirali uylarda xonadonlarning o‘rtacha narxi 1 kvadrat metr uchun 16,5 million so‘mni tashkil qildi. Bu iyun oyiga nisbatan 0,6 foizga yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Qimmat tumanlar

Poytaxtda ko‘p kvartirali uylar segmentida eng yuqori narx Shayxontohur tumanida qayd etildi. Bu hududda 1 kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha bahosi 25,3 million so‘mga yetgan.

Keyingi o‘rinlarda Mirobod tumani 23,2 million so‘m va Yakkasaroy tumani 20,5 million so‘m ko‘rsatkich bilan joylashdi.

Eng arzon xonadonlar esa Yangihayot, Sergeli va Bektemir tumanlarida kuzatildi. Ushbu hududlarda 1 kvadrat metr uy-joy narxi mos ravishda 11 million, 11,45 million va 11,5 million so‘mni tashkil etdi.

Hovlili uylar narxlari qanday?


Yakka tartibdagi uy-joylar bozorida ham kichik o‘sish qayd etildi. Bir oy davomida 1 sotix yerning o‘rtacha qiymati 912,9 million so‘mdan 916,9 million so‘mga ko‘tarildi.

Bu segmentda eng qimmat hudud Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘ldi. Bu yerda 1 sotix yerning o‘rtacha narxi 1,72 milliard so‘mni tashkil qildi. Yakkasaroyda ushbu ko‘rsatkich 1,64 milliard so‘m, Yunusobodda esa 1,44 milliard so‘m bo‘ldi.

Eng arzon yer narxlari Bektemir va Yangihayot tumanlarida qayd etildi. Xususiy uy-joylar narxi bir oyda eng ko‘p Uchtepa, Yashnobod va Bektemirda oshgan.

Noturar joylar bozori


Toshkentda noturar obyektlar narxi ham deyarli barqaror saqlandi. Ularning o‘rtacha qiymati 1 kvadrat metr uchun 16 million so‘mni tashkil etib, bir oyda 0,5 foizga oshdi.

Eng qimmat noturar obyektlar Mirzo Ulug‘bek tumanida qayd etildi — 1 kvadrat metr uchun 24,4 million so‘m. Keyingi o‘rinlarda Mirobod, Yakkasaroy, Shayxontohur va Yunusobod tumanlari joylashdi.

Arzon narxlar esa Bektemir, Yangihayot va Sergelida saqlanib qolmoqda. Mutaxassislarga ko‘ra, hududlar o‘rtasidagi farq infratuzilma, joylashuv va talab darajasi bilan bog‘liq.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq uy-joy xaridida aldanib qolmaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida ma’lumot bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid