«Ayvonlar haqiqatan ham hayratlanarli darajada go‘zal» — Tramp Shavkat Mirziyoyevga sovg‘a uchun minnatdorlik bildirdi
Vashingtondagi bog‘da o‘rnatilgan ayvonlar AQSH mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan sovg‘a qilingan. Tramp ularni shaxsiy mulki sifatida qabul qilmay, Amerika xalqiga taqdim etishga qaror qilganini aytdi.
© Ijtimoiy tarmoqlarAQSH prezidenti Donald Tramp mamlakat mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va o‘zbek xalqi nomidan sovg‘a qilingan ayvonlar uchun minnatdorlik bildirdi. Bu haqda u «Truth Social» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozib qoldirdi.
«Mamlakatimiz mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan menga tuhfa etilgan go‘zal o‘zbek ayvonlari uchun O‘zbekistonning yuksak hurmatga sazovor Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman.
O‘tgan hafta O‘zbekiston elchisi Furqat Sidiqov va AQSH ichki ishlar vaziri Duglas Bergum ishtirokida bo‘lib o‘tgan ayvonlarning ochilish marosimi vaqtida “Marine One” vertolyotida ushbu hudud uzra parvoz qilish men uchun katta sharaf bo‘ldi. Ayvonlar haqiqatan ham hayratlanarli darajada go‘zal!», — deb yozdi Tramp.
AQSH prezidenti o‘zbekistonlik mohir ustalar ushbu ayvonlarni noqulay ob-havo sharoitida o‘rnatganiga alohida e’tibor qaratdi.
«O‘zbek mohir hunarmandlari bir necha oy davomida O‘zbekistondagi oilalaridan uzoqda bo‘lib, murakkab ob-havo sharoitida 200 yillik tog‘ yong‘og‘i daraxtlari yog‘ochidan ushbu ayvonlarni yuksak mahorat bilan bunyod etdilar. Ular chinakam iste’dod sohiblaridir», — deyiladi postda.
Shuningdek, Tramp sovg‘ani «shaxsiy mulk» qoldirmasdan, uni jamoatchilikka taqdim etishga qaror qilganini bildirdi. Ular «xavfsiz va go‘zal poytaxtimizda», Tidal Basin suv havzasi bo‘yida, Tomas Jefferson va Jorj Vashington yodgorliklari manzarasi ochiladigan joyda qad rostladi.
«Bir yildan so‘ng, Milliy qahramonlar bog‘i ochilgach, ushbu ayvonlar turmush qurish takliflarini bildirish, diplomatik qabullar o‘tkazish, sakura gullari festivali davomida fotosessiyalar tashkil etish hamda Tidal Basin hududiga kundalik tashriflar uchun shaharning eng mashhur maskanlaridan biriga aylanadi», — dedi Tramp.
Posti oxirida AQSH prezidenti O‘zbekiston elchixonasi hamda Milliy bog‘lar xizmati (National Park Servicye)ga ham minnatdorlik bildirib, «Biz Vashingtonni har qachongidan ham go‘zal shaharga aylantirmoqdamiz!» deya qo‘shimcha qildi.





