Shveysariya Gulnora Karimovaning 252,5 mln dollarlik aktivlarini O‘zbekistonga qaytaradi
Mablag‘lar yangi maktablar qurish, bolalar salomatligini muhofaza qilish va tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga yo‘naltiriladi.
© Ijtimoiy tarmoqlar24-noyabr kuni O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida noqonuniy o‘zlashtirilgan aktivlarning navbatdagi qismini qaytarish bo‘yicha bitim tasdiqlandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Bitimga ko‘ra, mablag‘lar «Ishonch — 2030» trast jamg‘armasi orqali O‘zbekistonga qaytariladi. Resurslarni taqsimlash strategiyasining ikkinchi bosqichiga oid hujjat O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fazilkarimov, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi Simone Giger hamda BMTning mamlakatdagi doimiy koordinatori Sabine Mal tomonidan imzolangan.
Mablag‘lar ta’lim va sog‘liqni saqlashga sarflanadi
Qaytariladigan aktivlarni ikki asosiy yo‘nalishga taqsimlash rejalashtirilgan.
Sog‘liqni saqlash sohasida bolalar va o‘smirlarga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, kasalliklarni erta aniqlash, ayrim onkologik kasalliklarni davolash imkoniyatlarini kengaytirish hamda tibbiyot xodimlari malakasini oshirish ko‘zda tutilgan.
Ta’lim yo‘nalishida esa yangi maktablar qurilishini qo‘llab-quvvatlash, ta’limga raqamli texnologiyalarni joriy etish, o‘qituvchilar malakasini oshirish va sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan.
Bunda, ayniqsa, qishloq hududlari va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati cheklangan aholi qatlamlariga e’tibor qaratiladi.
Avvalgi bosqichda 87 mln dollar yo‘naltirilgan
«Ishonch — 2030» trast jamg‘armasi O‘zbekiston, Shveysariya va BMT hamkorligida Shveysariyada musodara qilingan aktivlarni mamlakatga qaytarish va aholi manfaatlari yo‘lida ishlatish maqsadida tashkil etilgan.
Strategiyaning birinchi bosqichida sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga 87 mln dollar ajratilgandi. U onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, perinatal xizmatlarni yaxshilash, ta’lim sifatini oshirish hamda o‘qituvchilarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
Shuningdek, loyihalarni tanlash va amalga oshirishda BMT hamda Jahon banki ishtirok etadi. Mablag‘larning maqsadli sarflanishi va loyihalar natijadorligi ustidan monitoring olib boriladi. Bu esa ehtimoliy korrupsion holatlarning oldini olishga yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gulnora Karimova aktivlaridan moliyalashtirilgan ilk loyiha yakunlangani haqida xabar bergandik. Unga ko‘ra, 2022-yilda Shveysariya bilan qariyb 131 million dollar, 2025-yil fevralida esa yana 182 million dollarni qaytarish bo‘yicha kelishuvlar imzolangan. Shu tariqa, «Ishonch» jamg‘armasi orqali O‘zbekiston aholisi manfaatlariga yo‘naltirilishi belgilangan mablag‘lar 313 million dollarni tashkil etadi.





