Logo

Bloger Sirojiddin Odilovga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud tergovi noldan qayta boshlanadigan bo‘ldi

Bugun 10:062 daqiqa

Sud raisining boshqa lavozimga tayinlangani munosabati bilan bloger Sirojiddin Odilovga nisbatan olib borilayotgan jinoyat ishini ko‘rib chiqish yana boshidan boshlanadi.

Bloger Sirojiddin Odilovga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud tergovi noldan qayta boshlanadigan bo‘ldi © vaqt.uz

Bloger Sirojiddin Odilovga oid ishni ko‘rib chiqayotgan sudya Sanjar Rasulov Navoiy viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sud hay’ati raisi lavozimiga tayinlangan. Shu munosabat bilan blogerga oid ish tergovi yana qaytadan boshlanadi.

Ma’lumot uchun, ish doirasida muzokaralar va sudlanuvchining so‘nggi so‘zi tinglanganidan so‘ng sud tergovi tiklangan bo‘lib, sudyaning boshqa ishga o‘tishi ortidan amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq, jinoyat ishi yangi sudya tomonidan noldan qayta o‘rganib chiqilishi kerak.

Sudlanuvchining Vaqt.uz ga gapirgan advokatlariga ko‘ra, yuzaga kelgan vaziyat endi sud jarayonining yanada cho‘zilishiga, o‘nlab guvohlar hamda mutaxassislarni qayta so‘roq qilish zarurati yuzaga kelishiga va sudlanuvchining ehtiyot chorasi ostida qamoqda qolish muddati uzayishiga olib keladi.

Himoya tomoni, shuningdek, Sirojiddin Odilovning tergov va sud tergovi jarayonida salomatligi keskin yomonlashganini hamda yarim yildan ortiq vaqtdan beri qamoqda ushlab turilganini bildirib, unga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini uy qamog‘i yoki boshqa yengilroq muqobil turdagi ehtiyot chorasiga o‘zgartirishni so‘ramoqda.

Eslatib o‘tamiz, Sirojiddin Odilov YouTube’dagi «Sirojiddin Media» kanali orqali tanilgan bloger. U ijtimoiy tarmoqlarda turli mavzulardagi videolar va chiqishlari bilan keng auditoriya to‘plagan.

Odilovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqidagi ilk rasmiy xabar 2026-yil 11-mart kuni tarqalgan. O‘sha paytda Samarqand viloyati IIB ma’lumotiga ko‘ra, Pastdarg‘om tumanida yashovchi fuqaro bloger ustidan shikoyat qilgan. Fuqaro 2024-yil avgustida Sirojiddin Odilovga boshqa shaxs bilan o‘rtasidagi moliyaviy masalani hal qilib berishni so‘rab murojaat qilgan. IIB ma’lumotida Odilov vakolatli shaxs bo‘lmasa-da, masalani hal qilib berishni va’da qilgani va buning evaziga pul olgani, keyinchalik va’dasini bajarmagani aytilgan.

Shundan so‘ng Odilovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi (firibgarlik) hamda 211-moddasi (pora berish) bilan bog‘liq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilingan. Unga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ammo ish sudga yetib kelgach, sudda ko‘rilayotgan ayblovlar boshqa moddalar bilan ko‘rsatilgan.

Sirojiddin Odilov oxirgi vaqtlarda Furqat tumani ichki ishlar bo‘limi sobiq rahbari va yana bir qator xodimlarining qamalishi bilan yakunlangan «Gulira’no Qosimova ishi» bo‘yicha sud jarayonlarini faol yoritib borgandi.

Ilyos Safarov

Ilyos SafarovMaqolalar soni: 134

Barchasi

Mavzuga oid