«Ish yo‘q deymiz, lekin viloyatda 3 ming bangladeshlik ishlayapti». Zoyir Mirzayev ishsizlik va migratsiya haqida
Hokim aholi ish haqini ko‘proq to‘lashni talab qilayotganini aytdi. Uning aytishicha, ishlashni xohlamasdan turib, ko‘proq shart qo‘yadiganlar ham bor.

Joriy yilda Toshkent viloyatida 476 mingta ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, uning qariyb 280 mingtasini boshqa hududlardan kelganlar band qilgan. Bu haqda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Vaqt.uz’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
U mehnat bozoridagi ziddiyatli holatlar, poytaxtdan ko‘chirilayotgan korxonalar va investitsiya masalalariga to‘xtalar ekan, hududda 6200 nafar xorijlik migrant mehnat qilayotgani aytdi. Viloyat rahbarining ma’lum qilishicha, aholi orasida ishsizlikdan nolish holatlari ko‘p kuzatilsa-da, amaldagi raqamlar butunlay boshqa manzarani ko‘rsatmoqda.
«Shu yilning o‘zida 476 mingta ish o‘rni qilgan bo‘lsak, unga kimlar joylashdi? 280 mingga yaqin boshqa viloyatdagilar kelib joylashdi. Odamlarimiz ishni tanlayapti, ish haqini ko‘proq to‘lashni talab qilyapti. Ishlashni xohlamasdan turib, ko‘proq shart qo‘yadigan kategoriya ham bor. Biz ish yo‘q deymiz, lekin bir narsani aytaman: hozir Toshkent viloyatida 6200 nafar boshqa davlat fuqarosi migrant bo‘lib ishlayapti. Masalan, birgina tekstil sohasining o‘zida 3000 dan ziyod bangladeshliklar mehnat qilyapti. Hindiston, Koreya va Rossiya fuqarolari ham bor», — dedi Zoyir Mirzayev.
Hokim shuningdek, dunyoda ishsizlik darajasi 0 foziga teng bo‘lgan birorta davlat yo‘qligini, bunday davlat borligi haqida bilmasligini ham aytib o‘tdi.
Mulozimning urg‘ulashicha, yana bir muhim moliyaviy-sanoat o‘zgarishi — Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan, ekologiyaga zarar yetkazadigan va chiqindi suvlari xavfli bo‘lgan 86 ta sanoat korxonasining viloyatga ko‘chirilishidir.
«Ushbu korxonalarni Ohangaron va viloyatning chekka hududlariga joylashtirish bo‘yicha ro‘yxatimiz bor. Ularning o‘zi uchun alohida lokal tozalash inshootlari quriladi. Birgina shu ko‘chish ortidan hududda 27 ming ish o‘rni yaratiladi», — deya ta’kidladi hokim.
Shuningdek, hozirning o‘zida Yuqori Chirchiq tumanining bitta hududida 23 ta tekstil fabrikasi qurilayotgani ham ma’lum qilindi.
Investitsiya hajmi salkam 3 barobarga oshdi
Suhbat davomida mamlakatga kiritilayotgan sarmoyalar hajmi haqida ham so‘z bordi. O‘tgan yilning mos davrida hududga 1 milliard atrofida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, hozirgi kunda bu ko‘rsatkich 2 milliard 800 millionni tashkil etmoqda.
Toshkent viloyatida xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 2900 taga yaqinlashgan bo‘lib, ular 58 ta mamlakat hissasiga to‘g‘ri keladi. Oxirgi yilning o‘zida ro‘yxatga Eron va Filippin kabi yana 11 ta yangi davlat investorlari kirib kelgan. Shuningdek, turizm infratuzilmasini rivojlantirish doirasida Parkent tumanining o‘zida yaqin oylarda jami 700 o‘rinli yangi mehmonxonalar ishga tushirilishi kutilmoqda.





