Logo

Uch yillik moratoriydan garovsiz kreditgacha: ochiq muloqotdan so‘ng biznes uchun nimalar o‘zgaradi?

Bugun 18:568 daqiqa

Davlat rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida biznesni tekshirishdan tortib kredit, eksport, sun’iy intellekt va turizm sohasigacha qator yangi imtiyozlar e’lon qilindi. Vaqt.uz tadbirkorlar uchun qanday imkoniyat va yengilliklar yaratilishini jamladi.

Uch yillik moratoriydan garovsiz kreditgacha: ochiq muloqotdan so‘ng biznes uchun nimalar o‘zgaradi? © Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni Xorazmda tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqot o‘tkazdi. Unda biznes vakillari ko‘targan muammolar muhokama qilinib, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator yangi tashabbus va imtiyozlar ilgari surildi.

Xususan, tadbirkorlik uchun barqaror o‘sish trayektoriyasini ta’minlash, hududlarda biznes imkoniyatlarini kengaytirish, «sun’iy intellekt – boshqaruv samaradorligi – yangi investitsiyalar» ekotizimini yaratish, eksport salohiyatini oshirish va milliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqish hamda biznesga ma’muriy bosimni keskin kamaytirish bo‘yicha yangi yondashuvlar belgilandi.

Vaqt.uz ochiq muloqotda ilgari surilgan asosiy takliflar va tadbirkorlar uchun e’lon qilingan imtiyozlarni bir joyga jamladi.

IMG_2278

Biznes uchun kredit va qo‘llab-quvvatlash tizimi o‘zgaradi

Ochiq muloqotdagi birinchi yo‘nalish tadbirkorlik uchun barqaror o‘sish trayektoriyasini ta’minlashga qaratildi.

Qayd etilishicha, banklar kredit portfelida kichik biznesning ulushi 45 foizdan 63 foizga oshgan. Joriy yilning birinchi yarmida kichik va o‘rta biznesga 76,5 trillion so‘m resurs ajratilgan.

IMG_2275

Yaqinda «Kredit xizmatlari yagona raqamli portali» ishga tushdi. Endi tadbirkor bitta ariza topshiradi, banklar esa mijoz uchun o‘zaro raqobat qiladi. Biznesni endi boshlayotganlar 5 milliard so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, biznesning har bir rivojlanish bosqichiga mos yaxlit ekotizim yaratiladi. Yangi tadbirkorlar uchun «Biznes start», ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganlar uchun «Biznes lift», yangi o‘sish bosqichiga o‘tayotganlar uchun esa «Biznes yuksalish» dasturlari joriy etiladi.

«Biznes start» doirasida tadbirkorlar sun’iy intellekt yordamida loyiha tayyorlash, kredit hujjatlarini rasmiylashtirish va hisobot yuritishni o‘rganadi. Bu maqsadga 100 milliard so‘m ajratilib, tayyor biznes-reja hamda 200 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.

«Tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratamiz», — dedi davlat rahbari.

Garov talablari yengillashadi, davlat aktivlarini sotib olish osonlashadi

Tadbirkorlar uchun «kontr-kafolat» tizimi joriy etiladi. Unga ko‘ra, 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan kreditlarda garovning 30 foizini davlat, 30 foizini Biznesni kafolatlash kompaniyasi, 15 foizini banklar o‘z zimmasiga oladi. Tadbirkorning o‘ziga esa garovning 25 foizini ta’minlash kifoya qiladi.

Davlat aktivlarini sotib olishda ham yangi yengilliklar beriladi. Avans to‘lovi 30 foizdan 15 foizga tushiriladi. Aktiv qiymatini 6 oy ichida to‘liq to‘laganlarga 25 foiz chegirma beriladi. Yarimini to‘lagan xaridor qolgan summani 7 yil davomida foizsiz bo‘lib to‘lashi mumkin.

IMG_2276

3 oy davomida sotilmagan mulklar narxi 10 foizgacha arzonlashtiriladi, auksion muddati esa 2 baravarga qisqartiriladi.

Yer sotib olgan tadbirkor qurilishni darhol boshlashi mumkin bo‘ladi

Auksionda yer sotib olgan tadbirkorning qurilishni boshlash uchun 6 oydan 1 yilgacha turli hujjatlarni yig‘ib yurishiga barham berilishi aytildi.

Endi yer uchastkalari qurilish ruxsati, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va tayyor loyiha bilan birga auksionga chiqariladi. Bunday «tayyor paket» asosida yer sotib olgan tadbirkor qurilish ishlarini darhol boshlashi mumkin bo‘ladi.

Infratuzilma yig‘imi uchun to‘lanadigan avans ham 20 foizdan 5 foizga tushiriladi.

Shuningdek, banklar balansidagi 9 trillion so‘mlik 2,5 mingta mulk tadbirkorlarga chegirmali narxda, boshlang‘ich to‘lovsiz va foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilishi mumkin. Bunday mulkni sotib olgan tadbirkor bir yil davomida yer va mol-mulk solig‘ini to‘lamaydi.

Kichik biznesni tekshirishga 3 yillik moratoriy e’lon qilinadi

IMG_2272

Biznesga ma’muriy bosimni kamaytirish masalasi ham asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘ldi. So‘nggi uch yilda soliq yuki 13,4 foizdan 12 foizga tushgani, so‘nggi o‘n yilda yashirin iqtisodiyot ulushi esa 50 foizdan 26 foizgacha qisqargani qayd etildi.

«Iqtisodiyotni “soya”dan chiqarish tekshirish bilan emas, tadbirkorga yo‘l ko‘rsatib, to‘g‘ri ishlashga o‘rgatish orqali bo‘lishi kerak», — dedi Mirziyoyev.

Shu munosabat bilan kichik biznes subyektlarida inson sog‘lig‘i va boshqa tadbirkorlar manfaatiga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tekshiruvga 3 yillik moratoriy e’lon qilinadi.

Moliyaviy jarimalar o‘rtacha 2 barobarga kamaytiriladi

Tadbirkorlar uchun barcha turdagi moliyaviy jarimalar miqdori o‘rtacha 2 barobarga kamaytiriladi. Hozirda 51 ta idora moliyaviy jarima qo‘llash vakolatiga ega.

Ayrim idoralarda jarimalardan tushgan mablag‘ning bir qismi o‘zida qolishi «tekshirsa – qo‘rqadi, qo‘rqsa – to‘laydi» degan noto‘g‘ri yondashuvni yuzaga keltirayotgani tanqid qilindi.

«Jarima mablag‘ yig‘ish uchun emas, sohada tartib-intizom va profilaktika uchun xizmat qilishi kerak», — dedi davlat rahbari.

Bundan tashqari, davlat korxonalari xarid qilgan tovarlar bo‘yicha tadbirkorning zakalat pulini qaytarish avtomatlashtiriladi.

«Tadbirkorning haqligi prezumpsiyasi» joriy qilinadi

2027 yildan tadbirkor va davlat o‘rtasidagi nizolarda «Tadbirkorning haqligi prezumpsiyasi» joriy etiladi.

Unga ko‘ra, tadbirkorning aybi sudda isbotlanmaguncha u aybsiz hisoblanadi va unga jarima yoki boshqa ta’sir chorasi qo‘llanmaydi.

IMG_2274

Shuningdek, «Birinchi xato uchun ogohlantirish» qoidasi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Birinchi marta qoida buzgan, biroq odamlar hayoti, sog‘lig‘i yoki mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorga kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun beriladi.

Nazorat organlari birinchi instansiyadan keyingi har bir sud bosqichida davlat bojini to‘laydi. Savdo-sanoat palatasi huzuridagi ekspert kengashiga bojxona, qurilish, sanitariya, karantin va veterinariya sohalaridagi nizolarni ham ko‘rib chiqish vakolati beriladi.

Davlat xizmatlarida «sukut – rozilik» tamoyili joriy etiladi

Tadbirkorlikka oid davlat xizmatlarining 50 foizi «sukut – rozilik» tamoyiliga o‘tkaziladi.

Ya’ni tadbirkorning arizasi belgilangan muddatda ko‘rib chiqilmasa, u avtomatik ravishda tadbirkor foydasiga hal qilingan hisoblanadi.

Litsenziya olish bo‘yicha ariza rad etilgan har bir holat Biznes-ombudsman tomonidan o‘rganiladi. Asossiz rad javoblarini berish uchun javobgarlik ham kuchaytiriladi.

Litsenziya va ruxsatnomalar soni qisqartiriladi

Tez orada 30 dan ziyod faoliyat turi bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi. Yana 35 turdagi litsenziya va ruxsatnomalarni berish muddati 2–3 baravarga qisqartiriladi, 10 ta ruxsatnoma esa xabardor qilish tartibiga o‘tkaziladi.

Yangi litsenziya yoki ruxsatnoma joriy etilishidan oldin u dastlab uchta hududda 6 oy davomida eksperiment tariqasida sinovdan o‘tkaziladi.

Oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishda talab etiladigan veterinariya, sanitariya va fitosanitariya ruxsatnomalari o‘rniga yagona «Salomatlik sertifikati» joriy qilinadi.

Korxonalar uchun elektr va gaz avansi 15 foizga tushiriladi

Ochiq muloqotda tadbirkorlar elektr energiyasi va gaz uchun 100 foiz oldindan to‘lov qilish talabi aylanma mablag‘larini qisqartirayotganini bildirgan.

Shu munosabat bilan ASKUE va ASKUG tizimlariga ulangan hamda to‘lov intizomini buzmagan korxonalar uchun elektr va gaz bo‘yicha avans to‘lovi 15 foiz etib belgilanadi.

Prezident energetika sohasidagi boshqaruv tizimi ham tubdan o‘zgartirilishini ta’kidladi.

IMG_2271

«Barcha tumanlarda tadbirkorlarning hozirgi ehtiyoji va ertangi rejasiga qarab ishlaydigan yangi tizim bo‘ladi», — dedi davlat rahbari.

Qurilishda pudratchi va loyihachilar xarajatlari qayta hisoblanadi

Kelasi yildan qurilish sohasida pudratchi va loyihachi tashkilotlarning o‘sishini rag‘batlantirishga qaratilgan yangi yondashuv joriy etiladi.

Yangi tartibga ko‘ra, qurilish qayerda amalga oshirilishidan qat’i nazar, har bir ishchi-soat uchun eng kam ish haqining 5 foizi miqdorida mablag‘ rejalashtiriladi.

Davlat obyektlari smetasida pudrat korxonalari uchun 7 foiz foyda nazarda tutiladi. Qurilishning murakkabligiga qarab, loyihalash ishlari uchun obyekt qiymatining 4–7 foizigacha mablag‘ ajratiladi.

Eksportchilarga tashqi bozorga chiqishda yordam beriladi

To‘rtinchi yo‘nalish eksport salohiyatini oshirish va milliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqishga qaratildi. Prezident tashqi bozorlarda eksportning har bir dollari uchun kuchli raqobat ketayotganini ta’kidladi.

O‘rganishlarga ko‘ra, eksportchilarning 40 foizi xorijlik mijoz topishda, 36 foizi standart va sertifikatsiya talablariga moslashishda qiyinchilikka duch kelmoqda. Tadbirkorlarning 37 foizida qulay moliyaviy instrumentlar yetishmasa, 33 foizida bozor, marketing va brendni rivojlantirish bo‘yicha ko‘nikmalar yetarli emas.

Shu bois, tashqi bozorga chiqishning barcha bosqichlarida kompleks xizmat ko‘rsatadigan «Eksport navigator» tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Xorijiy bozorlarda talab yuqori bo‘lgan 100 ta mahsulot ro‘yxati shakllantiriladi. Har bir mahsulot bo‘yicha tashqi bozordagi raqobatchilar, tarif tizimi va logistika yechimlari ishlab chiqiladi.

2 mingta korxonaning ishlab chiqarish jarayoni tashqi bozor va xaridor segmentiga moslashtiriladi.

Milliy brend va eksport xarajatlarining bir qismi qoplanadi

Tadbirkorlarga xorijiy brendmeykerlarni jalb qilish xarajatlarining yarmi, biroq 500 ming dollargacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi.

Milliy brendni tashqi bozorda targ‘ib qilish va xalqaro talablarga moslashtirish uchun 50 ming dollargacha subsidiya ajratiladi.

Marketpleyslarda mahsulotlarni omborga joylashtirish va sotish xarajatlarining yarmi, xalqaro tenderlar uchun konsalting xarajatlarining 80 foizi kompensatsiya qilinadi.

Eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashning yagona tizimiga kamida 1 milliard dollar yo‘naltiriladi.

10 ming korxonaga sun’iy intellekt joriy qilinadi

Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazida birinchi superkompyuter klasteri ishga tushirildi. Kelasi yili uning quvvatini 3 karra oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, tadbirkorlar uchun «10 ming korxona uchun — sun’iy intellekt hamkor» dasturi boshlanadi. Dastur doirasida korxonalarga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi kompensatsiya qilinadi.

Yangi mahsulot uchun sun’iy intellekt modelini yaratishda tadbirkorlarga superkompyuterdan bepul foydalanish imkoniyati beriladi. Ilmiy-tadqiqot xarajatlarini ham budjet hisobidan qoplash ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, tadbirkorlar foydalanishi uchun tayyor sun’iy intellekt dasturlari ochiq platformaga joylashtiriladi. Dasturning birinchi bosqichiga kamida 100 million dollar ajratiladi.

IPOga chiqmoqchi bo‘lgan biznes ham qo‘llab-quvvatlanadi

Ochiq muloqotda kapital bozoriga ham alohida e’tibor qaratildi. Har yili daromadi 1 trillion so‘mdan yuqori bo‘lgan 50 ta korxona tanlab olinadi.

Ularni IPOga tayyorlash, xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga o‘tish va investitsiya banklari bilan ishlash xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi.

Hukumat hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu mexanizm orqali xususiy sektorga yiliga kamida 1 milliard dollar xorijiy kapital jalb etish rejalashtirilmoqda.

Turizm biznesi uchun 50 million dollarlik resurs

Turizm sohasidagi tadbirkorlar uchun ham yangi imtiyozlar beriladi. Yil boshidan beri O‘zbekistonga 8 million nafar xorijlik sayyoh tashrif buyurgani, ularning mamlakatda o‘rtacha qolish muddati 8 kungacha uzaygani qayd etildi.

Mehmonxona qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun 50 million dollarlik resurs ajratiladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan tadbirkorlarga 10 yil muddatga, milliy valutada yillik 16 foizli kreditlar beriladi.

Mehmonxonalar uchun subsidiya va soliq imtiyozlari uzaytiriladi

3, 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar qurish uchun subsidiya berish muddati yana 2 yilga uzaytiriladi.

Shu bilan birga, subsidiya olish uchun mehmonxona toifasini tasdiqlashda xorijiy kompaniya xulosasini talab qilish amaliyoti bekor qilinadi.

Mehmonxonalar uchun yer va mol-mulk solig‘ini 10 barobar kamaytirilgan stavkada to‘lash imtiyozi 2030 yilgacha amal qiladi.

50 tadan ortiq joylashtirish o‘rniga ega mehmonxonalarga naqd valuta qabul qiladigan bankomatlar banklarning o‘zi tomonidan o‘rnatiladi.

Shuningdek, turoperatorlarning xorijlik sayyohlarga ko‘rsatgan xizmatlari eksportga tenglashtiriladi va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.

Turistik avtobus, elektrobus va mikroavtobuslarni olib kelishdagi bojxona imtiyozi yana 1 yilga uzaytiriladi. Bunday transport vositalari uchun utilizatsiya yig‘imi ham undirilmaydi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 185

Barchasi

Mavzuga oid