«Real Sanjik» ishida kutilmagan burilish: sud tergovi qayta boshlandi
Avtobloger va tadbirkor Sanjar Karimovga oid jinoyat ishi Toshkent shahar sudining JIB sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilmoqda. 21-avgust kuni sudlanuvchiga so‘nggi so‘z berildi, biroq majlis yakunida kutilmagan qaror qabul qilindi — sud tergovi qaytadan boshlandi.
Sanjar Karimov so‘nggi so‘zida o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha e’tirozlarini bildirdi. U suddan ishdagi dalillarni qayta ko‘rib chiqish, tintuv jarayonining qonuniyligiga baho berish va o‘zining aybsizligi haqidagi vajlarini inobatga olishni so‘radi.
Sudlanuvchi, xususan, ish bo‘yicha muhim deb hisoblagan audioyozuvlar, hujjatlar va boshqa dalillarga e’tibor qaratdi. U tintuvlar o‘tkazilishi jarayonida konstitutsiyaviy huquqlari buzilganini ta’kidlab, ayrim dalillarni nomaqbul deb topishni so‘radi. Karimov sudga murojaatida o‘zining giyohvandlik vositalarini sotish yoki tarqatish bilan shug‘ullanmaganini, bunday niyati bo‘lmaganini aytdi. U ayblovning ayrim qismi taxminlarga asoslanganini bildirdi.
So‘nggi so‘zda fleshka taqdim etildi
Sud majlisining eng muhim jihati esa Sanjar Karimov so‘nggi so‘zida sudlov hay’atiga ish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan yangi dalil — flesh-xotira qurilmasi va undagi ma’lumotlarga oid stenogrammani taqdim etgani bo‘ldi.

Sudya ma’lum qilishicha, yangi dalillar bilan bir qatorda, sud muzokaralarida ishtirok etgan 10 nafar advokat tomonidan bildirilgan vajlarni ham ushbu dalillar bilan bog‘liq holda qo‘shimcha ravishda, har tomonlama va xolisona o‘rganish zarurati yuzaga kelgan.
Shundan so‘ng sudlov hay’ati Jinoyat-protsessual kodeksining 452-moddasiga asosan sud tergovini yangidan boshlash haqida ajrim chiqardi. Ya’ni, ish bo‘yicha sud muzokaralari yakunlangan, sudlanuvchi so‘nggi so‘zini aytgan bo‘lsa-da, yangi dalil taqdim etilgani sababli ish yana sud tergovi bosqichiga qaytdi.
Sud majlisida tanaffus e’lon qilindi
Sudya yangi dalillarni tekshirish, ulardagi ma’lumotlarni ishda mavjud boshqa dalillar bilan solishtirish va ularga huquqiy baho berish uchun qo‘shimcha vaqt kerakligini ma’lum qildi. Shu sababli sud majlisida noma’lum muddatga tanaffus e’lon qilindi. Shunday qilib, «Real Sanjik» ishi bo‘yicha apellyatsiya sudi yakunlanishi kutilgan paytda jarayon yana bir bosqichga qaytdi. Endi sudlov hay’ati yangi taqdim etilgan flesh-xotira va undagi ma’lumotlarni tekshiradi hamda ularning ishdagi boshqa dalillar bilan bog‘liqligiga huquqiy baho beradi.

Teglar






