Prezident ma’lum qilgan ikkinchi AES loyihasi, shaffoflik talabidan o‘tolmagan O‘zbekiston va erkaklardan ko‘proq jamg‘arma yig‘ayotgan ayollar — 20-avgust dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Prezident: O‘zbekistonda ikkinchi AES qurilishi uchun tayyorgarlik boshlanadi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatidagi tadbirda mamlakatda ikkinchi atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi bo‘yicha tayyorgarlik ishlari boshlanganini ma’lum qildi. Davlat rahbari Jizzax viloyatida barpo etilayotgan birinchi loyihani yodga olib, navbatdagi stansiya bo‘yicha katta tayyorgarlik ketayotganini ta’kidladi. Biroq hozircha ikkinchi AESning qayerda joylashishi, quvvati va qachon amalga oshirilishi haqida aniq rasmiy ma’lumotlar ochiqlanmagan.
Prezident energetika sohasidagi bunday yirik loyihalarni mamlakatga investitsiya jalb qilish hamda investorlarni kafolatli va arzon elektr energiyasi bilan ta’minlash zarurati bilan izohladi. Uning qayd etishicha, xorijiy sarmoyadorlarni birinchi navbatda energiya narxi va uzluksizligi qiziqtiradi. Eslatib o‘tamiz, «O‘zatom» agentligi rahbariyati avvalroq Jizzaxdagi maydon yana ikkita yirik energoblokni joylashtirish imkonini berishi haqida to‘xtalib o‘tgan edi.
O‘zbekistonda pul yig‘ishda ayollar yetakchi — Markaziy bank
Markaziy bankning moliyaviy ommaboplik bo‘yicha hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda mablag‘ jamg‘arish bo‘yicha ayollar yetakchilik qilmoqda. Mamlakat bo‘yicha voyaga yetgan aholining 4 foizida jamg‘arma yoki muddatli hisobvaraq mavjud bo‘lsa, ayollar orasida bu ko‘rsatkich 6 foizni tashkil etadi. Shuningdek, xotin-qizlarning 86 foizi asosiy bank hisobvarag‘iga ega bo‘lib, ajratilgan yangi chakana kreditlar hajmining 35 foizi hamda chakana kredit portfeli qoldig‘ining 38 foizi ularning hissasiga to‘g‘ri keladi.
Hisobotda aholining kreditlash holati va qishloq hududlaridagi moliyaviy faollik ham tahlil qilingan. Unga ko‘ra, mamlakatda qariyb har uchinchi qarz oluvchida (29 foiz) bir vaqtning o‘zida bir nechta kredit mavjud bo‘lib, har bir mijozga o‘rtacha 1,7 ta kredit to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, qishloq aholisi orasida jamg‘armalardan foydalanish darajasi juda past ekanligi qayd etildi: qishloqda yashovchilarning atigi 1 foizigina muddatli hisobvaraqqa ega va bu o‘rtacha respublika ko‘rsatkichidan to‘rt barobar kam demakdir.
AQSH Davlat departamenti O‘zbekistonda moliyaviy shaffoflik yetarli emasligini qayd etdi
AQSH Davlat departamentining «Fiscal Transparency Report 2026» (Fiskal shaffoflik hisoboti)da O‘zbekiston minimal talablarga javob bermagan 67 ta davlat qatoriga kiritildi. Jami baholangan 139 ta hukumatdan 73 tasi belgilangan mezonlarni bajargan bo‘lib, Markaziy Osiyo mintaqasidan Qozog‘iston va Qirg‘iziston minimal talablarni bajardi, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston esa mazkur talablarga javob bera olmadi.
Hisobotda O‘zbekiston tomonidan budjet hujjatlari va uning ijrosi o‘z vaqtida e’lon qilingani, budjetdan tashqari mablag‘lar ochiqlangani hamda oliy moliyaviy nazorat organining mustaqilligi ijobiy baholangan. Biroq davlat va yirik davlat korxonalarining qarz majburiyatlari to‘liq oshkor etilmagani, suveren kreditlar shartlari, tabiiy resurslardan olinadigan daromadlar va davlat xaridlari sohasidagi shartnomalar e’lon qilinmagani O‘zbekistonning minimal talablarga javob berishiga to‘sqinlik qildi.
Turistik startaplar uchun 1 mlrd so‘mgacha subsidiya ajratiladi
O‘zbekistonda turizm sohasida yangi xizmatlarni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etayotgan startaplar uchun davlat subsidiyasi ajratiladi. Hukumat qarori bilan tasdiqlangan yangi tartibga ko‘ra, loyiha xarajatlarining 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi, biroq bir loyiha uchun ajratiladigan mablag‘ 1 milliard so‘mdan oshmaydi. Ushbu moliyaviy ko‘mak har yili avtomatik tarzda emas, balki saralash natijalariga asosan eng yaxshi 10 tagacha turistik startap loyihasiga taqdim etiladi.
Subsidiya olishni istagan talabgorlar Davlat xizmatlari markazlari yoki «my.gov.uz» portali orqali ariza topshirishlari mumkin. Arizalar Turizm qo‘mitasi huzurida tuzilgan maxsus komissiya tomonidan suhbat, loyihaning turistlar uchun dolzarbligi hamda bozorga yangi yechim taklif qilishi kabi mezonlar asosida baholanadi. Komissiyaning xarajatlarni qoplash to‘g‘risidagi qarori chiqqandan so‘ng, mablag‘lar 7 ish kuni ichida talabgorning tijorat bankidagi hisobvarag‘iga o‘tkazib beriladi.
Sug‘urta kompaniyalari yarim yilda 505,5 mlrd sof foyda oldi
2026 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 35 ta sug‘urta kompaniyasining jami sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 61,3 foizga oshib, 505,5 mlrd so‘mni tashkil etdi. Soha foydasining 96 foizi (484 mlrd so‘m) umumiy sug‘urta tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Bozordagi umumiy sof foydaning 51 foizdan ortig‘i (259 mlrd so‘mdan ortiq) atigi ikki yirik kompaniya — 153,9 mlrd so‘m foyda bilan yetakchi bo‘lgan «Apex Insurance» hamda 105 mlrd so‘mlik ko‘rsatkichga ega «Euroasia Insurance» tomonidan ta’minlandi. Keyingi o‘rinlarni «Mosaic Insurance Group» (33,4 mlrd so‘m) va «O‘zbekinvest» (31,8 mlrd so‘m) egalladi.
Hayot sug‘urtasi bilan shug‘ullanuvchi 7 ta kompaniyaning jami sof foydasi esa qariyb uch barobar oshib, 21 mlrd so‘mga yetdi va bu yo‘nalishda «TBC Sug‘urta» (20,5 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. Hisobot davrida «Neo Insurance» va «Temiryo‘l-Sug‘urta» kabi kompaniyalarda sof foydaning minglab foizlik keskin o‘sishi kuzatilgan bo‘lsa-da, ayrim ishtirokchilar davrni salbiy natija bilan yakunladi: «Prestige Insurance» 5,6 mlrd so‘m, «Alskom» esa 2,2 mlrd so‘m moliyaviy zarar ko‘rdi, shuningdek, yana to‘qqizta sug‘urta tashkilotining foydasi kamaydi.





