Logo

Bu yil 209 ming kishi talaba bo‘ldi :  grant, kontrakt va o‘tish ballari qanday o‘zgardi?

Bugun 20:205 daqiqa

Bu yil imtihon topshirgan har uch abituriyentdan biri minimal o‘tish balini ham to‘play olmagan bo‘lsa-da, OTMlarga kirish ballari rekord darajada oshdi. Ayniqsa, davolash ishi, iqtisodiyot hamda ingliz tili filologiyasi yo‘nalishlarida raqobat va o‘tish ballari har qachongidan ham yuqori bo‘ldi. Vaqt.uz 2026/2027-o‘quv yili mandat natijalari, davlat granti va kontrakt ko‘rsatkichlari hamda ballar o‘zgarishini bir sahifaga jamladi.

Bu yil 209 ming kishi talaba bo‘ldi :  grant, kontrakt va o‘tish ballari qanday o‘zgardi? © Foto: Sputnik

2026/2027-o‘quv yili uchun OTMlarning bakalavriat yo‘nalishlariga 677 ming 907 abituriyent hujjat topshirdi. Ularning 451 ming 744 nafari yoki 66,6 foizi bu yilgi bitiruvchilar, 226 ming 163 nafari esa avvalgi yillarda o‘qishni tamomlagan abituriyentlardan iborat bo‘ldi.

Jami abituriyentlarning 365 ming 196 nafarini qizlar, 312 ming 711 nafarini yigitlar tashkil etdi. Qizlar soni yigitlardan 52 ming 485 nafarga ko‘p.

Abituriyentlar soni so‘nggi 7 yilda qanday o‘zgardi?

So‘nggi yillar statistikasi OTMlarga hujjat topshirgan abituriyentlar soni doimiy kamayib borayotganini ko‘rsatmoqda.

1787292643614

Masalan, 2020-yilda abituriyentlar soni rekord darajaga yetib, 1 mln 484 ming nafarni tashkil qilgandi. 2026-yilga kelib esa bu ko‘rsatkich 677 ming 900 nafarga tushdi. Ya’ni, 2020-yilgi eng yuqori nuqta bilan solishtirganda, davlat OTMlariga hujjat topshirganlar soni qariyb 54 foizga kamaygan. 2022-yildagi o‘sishni (1,21 mln) hisobga olmasa, ketma-ket to‘rtinchi yil abituriyentlar sonida qisqarish kuzatilyapti.

Bu statistikaga qarab, oliy ta’limga talab pasaydi, degan xulosa qilib bo‘lmaydi. Chunki davlat OTM lariga hujjat topshirganlar kamayganiga bir qancha omillar ta’sir qilmoqda. Masalan, oxirgi yillarda xususiy va xorijiy OTMlar ko‘paygani yoshlarga muqobil imkoniyatlar yaratdi.

Qolaversa, yoshlar an’anaviy diplom o‘rniga IT, zamonaviy kasblar yoki xorijda o‘qishni tanlamoqda.

Shuningdek, yillar davomida imtihondan o‘ta olmay, statistikani oshirib kelgan «stajli abituriyentlar» kamaygan, hozir asosan joriy yil bitiruvchilari hujjat topshirgan. Natijada shunchaki tavakkal qilib hujjat topshiradiganlar kamayib, jarayon real maqsad qo‘ygan yoshlar hisobiga shakllanmoqda.

Talabalar soni oshmoqda

Abituriyentlarning umumiy soni kamayganiga qaramay, talaba bo‘lganlar soni yildan-yilga ortmoqda.  Umuman olganda, so‘nggi 6 yilda talabalikka tavsiya etilganlar  69 mingga ko‘paydi.

Bunga OTMlarda ajratilayotgan qabul kvotalarining kengaytirilgani va yangi yo‘nalishlar ochilgani ham sabab bo‘lishi mumkin. Xususan 2026/2027-o‘quv yili uchun bakalavriat yo‘nalishlariga 209 ming 100 abituriyent talabalikka tavsiya etildi.

Ularning 52 ming 800 nafari davlat granti, 156 ming 300 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya qilindi. Natijada jami abituriyentlarning 25,2 foizi grant, 74,8 foizi kontrakt asosida talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Bu yil davlat granti asosida o‘qishga kirish uchun o‘rtacha o‘tish bali 134,6 ball, to‘lov-kontrakt bo‘yicha esa 93,7 ballni tashkil etdi.

Taqqoslash uchun, 2025/2026-o‘quv yilida grant bo‘yicha o‘rtacha o‘tish bali 121,8 ball, kontrakt bo‘yicha esa 84,9 ball bo‘lgan. Shunday qilib, bir yil ichida grant bo‘yicha o‘rtacha o‘tish bali 12,8 ballga, kontrakt bo‘yicha esa 8,8 ballga oshgan.

Ammo 2026-yilgi qabulni faqat abituriyentlar va qabul qilinganlar soni bilan baholab bo‘lmaydi. Bu yil OTMga kirishda milliy va xalqaro sertifikatlarning ahamiyati ham sezilarli darajada oshdi.

Sertifikatga ega abituriyentlar soni 2,3 barobarga oshdi

Umumta’lim fanlari bo‘yicha sertifikatga ega 193 ming 186 abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. O‘tgan yili esa bu ko‘rsatkich 85 ming 140 kishi edi. Bir yil ichida sertifikatga ega abituriyentlar soni 108 ming 46 nafarga yoki qariyb 2,3 barobarga ko‘paygan.

Chet tillari bo‘yicha sertifikatga ega abituriyentlar soni ham yuqorilgan. 2026-yilda 125 ming 354 abituriyentda shunday sertifikat bor edi.

Sertifikatning qabuldagi ahamiyati test sinovlaridan ozod qilinganlar sonida ham ko‘rinadi. Bu yil barcha fanlardan tegishli milliy yoki xalqaro sertifikatga ega 12 ming 997 abituriyent test topshirishdan ozod qilinib, tanlovning keyingi bosqichida qatnashgan. 2025-yilda esa bunday abituriyentlar soni 678 nafar edi. Demak, bir yil ichida testdan ozod qilinganlar soni qariyb 19 barobarga oshgan.

Shunday qilib, 2026-yil qabulida abituriyentlarning umumiy soni kamaygan bo‘lsa-da, sertifikatga ega bo‘lganlar soni aksincha sezilarli ko‘paydi. Kelgusi yillarda sertifikatsiz davlat grantiga (budjetga) kirish ancha qiyinlashadi.

Boshqacha aytganda, sertifikatli abituriyentlar imtihondan avval ma’lum fanlardan maksimal ballni naqd qilib qo‘yadi. Grant o‘rinlari esa chegaralangan. Natijada yuqori o‘rinlarni, tabiiyki, «tayyor balli» abituriyentlar egallaydi.

Sertifikat olmaganlar esa imtihonda har qancha yaxshi qatnashmasin, grantga yetadigan ball to‘plashi qiyinlashaveradi.

Har uch abituriyentdan bittasi minimal ball  to‘play olmadi

Shu bilan birga, test sinovlarida qatnashgan abituriyentlarning 37,5 foizi 56,7 ballik minimal chegaradan ham o‘ta olmagan. Ya’ni, testda qatnashganlarning qariyb har uch nafardan biri belgilangan minimal natijani to‘play olmagan.

Biroq statistikaga nazar tashlasak, bu ko‘rsatkich so‘nggi yillarda yaxshilanib bormoqda. Masalan, minimal ballni yig‘a olmaganlar ulushi 2023/2024-o‘quv yilida 46 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024/2025-o‘quv yilida 43 foizga, 2025/2026-o‘quv yilida 41 foizga, joriy qabulda esa 37,5 foizgacha pasaygan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov ushbu ijobiy o‘zgarishni abituriyentlarning tayyorgarlik darajasi oshgani hamda test sinovlaridagi natijalar yildan-yilga yaxshilanib borayotgani bilan izohladi.

Biroq minimal ko‘rsatkichlar yaxshilangani va umumiy abituriyentlar soni kamaygani OTMga kirishdagi raqobat pasayganini anglatmaydi. Bunda o‘tish bali faqat hujjat topshirganlar soniga emas, balki abituriyentlarning real test natijalari, tanlangan yo‘nalishdagi talab hamda yuqori ball to‘plaganlar (xususan, sertifikatli abituriyentlar) soniga bevosita bog‘liq.

Ayniqsa, bu yil abituriyentlar orasida qaysi OTM va yo‘nalishlarga talab yuqori bo‘lgani ham tanlovdagi raqobatni ko‘rsatadi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, abituriyentlar eng ko‘p tanlagan OTMlar qatorida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va O‘zbekiston Milliy universiteti yetakchilik qilgan.

Ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha esa eng yuqori qiziqish «Davolash ishi», «Iqtisodiyot» va «Filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili» yo‘nalishlariga kuzatilgan.

 Imtiyozlar asosida nechta abituriyent talaba bo‘ldi?

2026/2027-o‘quv yilida umumiy tanlovdan tashqari ayrim toifalar uchun qo‘shimcha grant va alohida qabul o‘rinlari ham ajratildi. Ular nogironligi bo‘lgan shaxslar, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganlar, harbiy xizmatchilar farzandlari hamda «Ijtimoiy reyestr»ga kiritilgan oilalar farzandlarini qamrab oldi.

 

imtiyoz_jadvali

Bundan tashqari, Qurolli kuchlar va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari farzandlari, o‘rmonchilar va ularning farzandlari uchun ham alohida qabul kvotalari belgilangan. Xorijdagi yosh vatandoshlar uchun esa 30 ta davlat granti ajratilgan.

Qabul parametrlari doirasida ayrim yo‘nalishlarga ham qo‘shimcha e’tibor qaratildi. Xususan, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti kvotalari 35 foizga oshirildi. Maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash va san’at sohalari uchun ham maqsadli qabul o‘rinlari ajratilgan.

Qabul yakunlariga ko‘ra, imtiyozlar va alohida qabul ko‘rsatkichlari asosida 20,5 ming abituriyent talabalikka tavsiya etildi. Bu umumiy tanlov natijalaridan alohida ko‘rsatkich bo‘lib, imtiyozli toifalar bo‘yicha yakuniy tavsiya etilganlar sonini bildiradi.

Teglar

Mavzuga oid