Logo

Keshbeklar qanday qilib firibgarlar biznesiga aylandi?

Kecha 13:5510 daqiqa

O‘zbekistonda soliq keshbeki tizimi yashirin iqtisodiyotni qisqartirish uchun joriy etilgandi. Biroq so‘nggi oylarda fosh etilgan yirik firibgarliklar ayrim guruhlar ushbu mexanizmni davlat budjetidan milliardlab so‘m mablag‘ni noqonuniy o‘zlashtirish vositasiga aylantirganini ko‘rsatmoqda. Vaqt.uz soxta cheklar ortidagi sxema qanday ishlagani, tizimdagi zaif nuqtalar qayerda bo‘lgani va bu kabi firibgarliklarning takrorlanmasligi uchun nimalar o‘zgarishi kerakligini o‘rgandi.

Keshbeklar qanday qilib firibgarlar biznesiga aylandi?

2021-yilda O‘zbekistonda ishga tushirilgan soliq keshbeki tizimi dastlab yashirin iqtisodiyotga qarshi samarali vosita sifatida baholangan edi. Hukumat fuqarolarni xarid cheklarini talab qilishga rag‘batlantirish orqali tadbirkorlarni barcha operatsiyalarni rasmiylashtirishga undash maqsadida joriy etgandi.

Tizim oddiy ishlaydi, xaridor do‘kondan mahsulot sotib oladi, fiskal chekni ilovaga yuklaydi va xarid summasining bir qismini qaytarib oladi. Biroq oradan besh yil o‘tib aynan shu tizim firibgarlar uchun milliardlab pulni «yuvish» vositasiga aylandi.

So‘nggi ikki oy ichida Andijon, Farg‘ona, Navoiy, Jizzax va Toshkentda deyarli bir xil usulda sodir etilgan jinoyatlar fosh etildi.

Bir xil ssenariy, turli viloyatlar

Jinoyat ishlari materiallarini tahlil qilganda deyarli ko‘pchilik holatlarda aynan bir xil sxema qo‘llangani ko‘rinadi.

Avvalo, ishsiz yoki nomiga direktor bo‘lishga rozi bo‘lgan fuqarolar nomiga o‘nlab MCHJlar ochilgan. Keyin ushbu korxonalar bir-biriga yuzlab milliard, hatto trillion so‘mlik elektron hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirgan. Hujjatlarda un, yog‘, shakar yoki go‘sht kabi mahsulotlar sotilgani ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, amalda hech qanday mahsulot mavjud bo‘lmagan.

Qog‘ozdagi ana shu «xaridlar» keyingi bosqich uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Korxonalar nazorat-kassa mashinalari orqali minglab fiskal cheklar chiqaradi. Tizim bularni haqiqiy xarid sifatida qabul qiladi va Soliq ilovasi orqali avtomatik ravishda keshbek hisoblay boshlaydi.

Xususan, Soliq qo‘mitasi yirik miqdordagi keshbek mablag‘larini asossiz qaytarib olishga qaratilgan yirik sxema aniqlangani haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 2026-yil 16-may kuni bir kunning o‘zida «VS» MCHJ «ZSQ» MCHJdan 585,7 milliard so‘mlik, «GWI» MCHJ esa «ABB777» MCHJdan 551,8 milliard so‘mlik hamda «ZSQ» MCHJdan yana 2,7 milliard so‘mlik sariyog‘ mahsulotlarini qabul qilganini hujjatlarda rasmiylashtirgan. Biroq sayyor soliq tekshiruvi davomida qariyb 1,14 trillion so‘mlik ushbu mahsulotlarning omborlar yoki savdo nuqtalarida mavjud emasligi aniqlangan. Ya’ni hujjatlarda mavjud deb ko‘rsatilgan tovarlar amalda topilmagan.

Bundan tashqari, «ZSQ» MCHJda Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasi 2026-yil 9-iyul kuni o‘tkazgan sayyor soliq tekshiruvida 1,82 trillion so‘mlik, «ABB777» MCHJda esa Navoiy viloyati soliq boshqarmasi 1-iyul kuni o‘tkazgan soliq auditida 1,83 trillion so‘mlik kirim qilinmagan tovarlar sotilgani aniqlangan. Boshqacha aytganda, korxonalar hisobiga olinmagan mahsulotlarni realizatsiya qilgan.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, barcha tekshiruv hujjatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilib, ayni vaqtda tekshiruvlar davom etmoqda.

Eng qiziq tomoni shundaki, ko‘plab holatlarda bu cheklar ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolar nomiga biriktirilgan. Chunki ayrim oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha bunday fuqarolarga 12 foizgacha ijtimoiy keshbek qaytariladi. Firibgarlar aynan shu mexanizmdan foydalanib, davlat mablag‘larini o‘zlashtirgan.

Deyarli har haftada yangi jinoyat

So‘nggi ikki oyda deyarli har hafta turli hududlarda aynan bir xil jinoyat aniqlanayotgani firibgarlik holati allaqachon avj olganini ko‘rsatadi.

Eng yirik holatlardan biri Andijonda qayd etildi. Olti nafar fuqaro uch kishining nomiga to‘qqizta korxona tashkil qilib, 1,1 trillion so‘mlik soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirgan. Natijada 100 mingdan ortiq fuqaro nomiga 35,1 milliard so‘m keshbek hisoblangan.

Oradan ko‘p o‘tmay Farg‘onada yana bir sxema fosh etildi. Ikki korxona 1,2 trillion so‘mlik soxta mahsulot aylanmasi yaratib, 125,4 milliard so‘m sun’iy QQS shakllantirishga uringan. Bu holatda mablag‘ to‘lab yuborilishidan oldin sxema to‘xtatilgan.

Navoiyda esa 13 ta korxona 4,5 trillion so‘mlik soxta elektron hisob-fakturalar orqali 34,8 milliard so‘m keshbek olgan. Andijonda aniqlangan ikkinchi holatda yana beshta korxona 38,3 milliard so‘mni o‘zlashtirgani ma’lum bo‘ldi.

Joriy haftada ham bu kabi firibgarlik holati haqida bayonotlar ko‘paygan. Xususan, 20-iyul kuni Bosh prokuratura huzuridagi departament Jizzax viloyatida 1,9 milliard so‘m budjet mablag‘lari keshbek sifatida talon-toroj qilingani haqida ma’lumot berdi.

Tekshiruvda fuqarolar R.A., T.Sh. hamda «B.R.» va «A.A.» MCHJ mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, go‘yoki 16,6 milliard so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilgani haqida soxta ma’lumotlar rasmiylashtirib, fuqarolarga sotilgani haqida 3 106 dona xarid cheklarini chiqargan. So‘ng ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolarga Soliq Mobile ilovasi orqali keshbek sifatida to‘lab berib, 1,9 milliard so‘m budjet mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

21-iyul kuni esa Departament bu kabi holat Toshkent shahrida ham yuz bergani haqida xabar qildi.

Qayd etilishicha, «Ye.P.», «M.M.» va «Ye.S.» MCHJlar mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, go‘yoki 322,4 milliard so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilgani haqida soxta ma’lumotlar rasmiylashtirib, savdodan tushgan pullarni nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilib, fuqarolarga sotgani haqida 3 363 dona xarid cheklarini chiqargan.

Har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Firibgarlar tizimdan bir qadam oldinda

Keshbek firibgarligining muvaffaqiyatli ishlashiga imkon bergan eng muhim omillardan biri — «nazorat va to‘lov jarayonlari o‘rtasidagi vaqt tafovuti» bo‘ldi.

Tizimda keshbek mablag‘lari qisqa muddat ichida hisoblab beriladi. Ammo korxonaning haqiqatan ham mahsulot sotgani, elektron hisob-fakturalarda ko‘rsatilgan tovarlar mavjudligi yoki ular bo‘yicha pul o‘tkazmalari amalga oshirilganini tekshirish ko‘pincha keyinroq — reja asosidagi soliq tekshiruvlari davomida aniqlanadi.

Firibgarlar esa aynan shu «fortochka»dan foydalangan.

Avval bir necha korxona ro‘yxatdan o‘tkaziladi. So‘ng ular o‘zaro yuzlab milliard, hatto trillion so‘mlik soxta elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtiradi. Keyingi bosqichda nazorat-kassa mashinalari orqali minglab fiskal cheklar yaratiladi va ular asosida Soliq ilovasida keshbek hisoblanadi. Mablag‘lar bank kartalariga o‘tkazilib, naqdlashtirilgach yoki boshqa hisob raqamlariga chiqarilgach, korxonalar faoliyati amalda to‘xtatiladi yoki tashlab ketiladi.

Natijada nazorat organlari tekshiruvni boshlagan paytda pul allaqachon tizimdan chiqib ketgan bo‘ladi.

Xalqaro amaliyotda bunday holat «audit lag», ya’ni nazoratning moliyaviy operatsiyalardan ortda qolishi deb ataladi. O‘zbekistonda ham aynan shu vaqt tafovuti firibgarlar uchun eng katta ustunlikka aylangan. Tizim noqonuniy operatsiyani sodir bo‘lishidan oldin emas, aksariyat hollarda mablag‘ budjetdan chiqib ketganidan keyingina aniqlay olgan.

Soliq qo‘mitasidan munosabat

Soliq qo‘mitasi 7-iyul kuni soxta yoki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan fiskal cheklarni rasmiylashtirish orqali asossiz ravishda QQS summalarini qaytarib olishga urinish holatlariga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Respublika bo‘yicha may oyining o‘zida 389 ta korxonalardan soxta cheklar orqali QQSni qaytarib olmoqchi bo‘lgan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»dagi 248,5 ming nafar (122,1 ming nafari aprel oyida) shaxslar shubhali xaridorlar reyestriga kiritilib, 83,1 milliard so‘m (aprel oyida 102,5 milliard so‘m) keshbek summalarini to‘lash vaqtincha to‘xtatilgan.

2026-yil aprel—may oylarida Navoiy viloyatida 13 ta MCHJga tegishli ONKM cheklari orqali 105 524 nafar fuqaro tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan 34,8 milliard so‘m keshbek summasi to‘liq ushlab qolingan va fuqarolarga to‘lab berilmagan.

Farg‘ona viloyatida 5 ta MCHJga tegishli ONKM cheklari orqali 95 ming nafar fuqaro tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan 38,3 milliard so‘m keshbek summasidan 3,9 milliard so‘m to‘lovga tasdiqlangan va 34,4 milliard so‘m keshbek summasi ushlab qolingan va fuqarolarga to‘lab berilmagan.

Andijon viloyatida 100 458 nafar fuqaro tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan 34,1 milliard so‘m keshbek summasidan 5,8 milliard so‘m to‘lovga tasdiqlangan va 23,8 milliard so‘m keshbek summasi ushlab qolingan va fuqarolarga to‘lab berilmagan.

«Shuni ta’kidlash joizki, davlat tomonidan joriy etilgan keshbek tizimini bekor qilish yoki uning amal qilishini cheklash maqsadi ko‘zlanmagan. Aksincha, mazkur mexanizm aholining xarid madaniyatini oshirish, fiskal intizomni mustahkamlash, naqd pulsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga xizmat qilayotgan muhim vositalardan biri hisoblanadi», deyiladi qo‘mita munosabatida.

Soxta cheklar orqali budjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlarini oldini olish maqsadida fuqarolardan Soliq Mobile ilovasida faqat o‘zlari amalga oshirgan xaridlari uchun berilgan cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazish, boshqa shaxslar tomonidan taqdim etilgan cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazmaslik so‘raldi.

Soxta cheklarni sotish yoki xarid qilish holatlariga duch kelganlar Soliq organlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi nazorat bo‘linmalariga murojaat qilishi mumkin.

Qanday yechimlar taklif qilinmoqda?

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, fiskal tahlillar instituti xarid cheklarini Soliq ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun beriladigan 1 foizlik keshbek amaliyotini to‘xtatish haqidagi tashabbus bilan chiqdi.

«Mazkur mexanizmning amal qilishi davlat budjeti hisobidan doimiy moliyalashtirishni talab etadi. Ro‘yxatdan o‘tkazilgan fiskal cheklar soni ortishi bilan bir qatorda, davlat budjeti xarajatlari ham muttasil ko‘payib boradi», — deyiladi IMV huzuridagi institut e’lon qilgan maqolada.

Institut ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda keshbek to‘lovlari hajmi 820 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilda bu ko‘rsatkich 1,8 trillion so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda. Shu bilan birga, aylanmadan olinadigan soliq tushumlarining o‘sish sur’ati keshbek joriy etilgan dastlabki yillarga nisbatan sekinlashgan.

Tahlillarga ko‘ra, to‘lanayotgan keshbekning salmoqli qismi iqtisodiyotning rasmiy sektorida, ya’ni keshbeksiz ham shaffof ishlaydigan yirik savdo tarmoqlarida amalga oshirilgan xaridlarga to‘g‘ri kelmoqda.

Xususan, 2026 yil may oyida to‘langan 146,6 milliard so‘mlik keshbekning 10,7 foizi (15,7 mlrd so‘m) Top-10 savdo tarmog‘i ulushiga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, tovarlar realizatsiya qilinmasa-da, soxta cheklarni shakllantirish orqali noqonuniy keshbek olish holatlari kuzatilmoqda.

«Ayrim holatlarda tovarlar amalda realizatsiya qilinmagan bo‘lsa-da, davlat budjeti hisobidan keshbek olish maqsadida faqatgina soxta hisob-kitob operatsiyalarini rasmiylashtirish orqali fiskal cheklarni shakllantirish sxemalari kuzatilmoqda», — deya ta’kidlanadi tahlilda.

Lotereyalar tizimi va yangi yondashuv

Ommaviy keshbek o‘rniga, tushumlarni yashirish ehtimoli yuqori bo‘lgan sohalarda (masalan, umumiy ovqatlanish korxonalari va kichik chakana savdo obyektlari) fiskal cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazgan xaridorlar o‘rtasida davlat lotereyalarini tashkil etish taklif qilinmoqda. Bunday lotereyalarda avtomobillar, turistik yo‘llanmalar va 5 million so‘mdan yuqori qiymatdagi sovrinlar o‘ynalishi mumkin.

Buning uchun yiliga 100 trillion so‘mgacha mablag‘ yo‘naltirish yetarli deb hisoblanmoqda, bu esa davlat budjeti xarajatlarini qariyb 20 barobarga qisqartirish imkonini beradi. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan shaxslarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish (QQS keshbeki) amaliyoti esa manzilli ijtimoiy xususiyatga ega bo‘lgani uchun saqlab qolinadi.

12 foizlik keshbek saqlanib qoladi

Qo‘shimcha qilinishicha, ijtimoiy reyestrga kiritilgan shaxslarga ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlarni xarid qilganda 12 foizlik QQSni qaytarish mexanizmini bekor qilish nazarda tutilmayapti. Chunki bu mexanizm manzilli xususiyatga ega bo‘lib, yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga emas, aholining ehtiyojmand qatlamlari uchun soliq yukini kamaytirishga qaratilgan.

Soliq qo‘mitasi: keshbek tizimini bekor qilish yoki uni cheklash rejalashtirilmagan

Soliq qo‘mitasi esa mazkur rag‘batlantirish mexanizmi aholining xarid madaniyatini oshirish, fiskal intizomni mustahkamlash, naqd pulsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga xizmat qilayotgan muhim vositalardan biri ekanini ta’kidladi.

«Aniqlangan holatlar keshbek tizimining o‘ziga emas, balki undan noqonuniy manfaat ko‘rishga uringan ayrim shaxslar va tadbirkorlik subyektlarining harakatlariga tegishlidir. Maqsad – keshbek tizimini to‘xtatish emas, balki uning adolatli va manzilli ishlashini ta’minlashdan iborat», — deyiladi xabarda.

Firibgarlar sabab tizimdan hamma jabr ko‘rmasligi kerak

Soliq ilovasidagi keshbek ko‘pchilik uchun oddiy rag‘bat emas, balki kundalik xaridlarning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Oyiga bir necha o‘n ming yoki yuz minglab so‘m qaytishi oilaviy budjetga kichik yordam bo‘la oladi.

Albatta, davlat budjetidan noqonuniy ravishda milliardlab so‘m mablag‘ni o‘zlashtirishga uringan guruhlarga qarshi qat’iy choralar ko‘rilishi shart. Ammo bu firibgarliklar sabab tizimdan halol foydalanayotgan millionlab fuqarolar rag‘batdan mahrum bo‘lishi qanchalik adolatli?!

Ko‘rinib turibdiki, muammo keshbekning o‘zida emas. Muammo — uni suiiste’mol qilganlarda va bunday sxemalarni vaqtida aniqlay olmagan nazorat mexanizmlarida. Aslida yuqoridagi firibgarlik holatlari raqamlashtirishning o‘zi firibgarlikni to‘xtatmasligining isboti bo‘la oladi. Tizim sun’iy intellekt va ma’lumotlar tahliliga tayanib, real vaqt rejimida xavflarni aniqlashi, firibgarlikni pul budjetdan chiqishidan oldin to‘xtata olishi kerak.

Yana bir jihat bor. O‘zbekistonda rag‘batlantirish tizimlari avval ham turli sabablarga ko‘ra o‘zgargan yoki to‘xtatilgan. Masalan, bir vaqtlar katta qiziqish uyg‘otgan «10 ming qadam» loyihasida dastlab fuqarolarga har kuni 10 ming qadam yurgani uchun pul to‘lab berilgan, keyinchalik loyiha moliyalashtirish va mexanizmlarni takomillashtirish vajlari bilan to‘xtatilgandi. Oradan bir necha yil o‘tib loyiha boshqa formatda qayta tiklanishi belgilandi, biroq uni amalda ishga tushirish ham texnik muammolar sabab cho‘zilmoqda.

Xususan, 25-mart kuni imzolangan ““Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarorida “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi uchun har yili Maxsus jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 10 milliard so‘m ajratilishi belgilangan.

Shuningdek, qarorda SSV, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Sport vazirligiga platformada rag‘batlantirish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirilgan.

Biroq loyiha may oyida ishga tushirilmagan, Ekologiya qo‘mitasining rasmiy izohida texnik ishlar hanuz tugatilmagani keltirilib, qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytilgan. Shunga qaramay, iyul oyida ham ushbu loyihaning ishga tushirilishi masalasida biror xabar berilmadi.

Shu bois ayrim kuzatuvchilar keshbek tizimi bilan ham shunga o‘xshash holat yuz berishidan xavotirda. Dastlab firibgarliklar sabab ayrim cheklovlar joriy etilishi, keyinchalik esa ommaviy keshbek mexanizmi bosqichma-bosqich qisqarib borishi ehtimoldan holi emas.

Teglar

null null

MaftunaMaqolalar soni: 75

Barchasi

Mavzuga oid