Logo

Piyoz narxi nega oshdi? Vazirlik mavsumiylik va vositachilarni sabab qilib ko‘rsatdi

Bugun 18:405 daqiqa

O‘zbekistonda piyoz yetishtirish ichki ehtiyojdan 35 foizga ko‘p bo‘lishi kutilmoqda. Ammo ayrim hududlarda narx 4,5 ming so‘mgacha yetdi. Vaqt.uz vazirlik izohi va Markaziy bank ma’lumotlarini tahlil qildi.

Piyoz narxi nega oshdi? Vazirlik mavsumiylik va vositachilarni sabab qilib ko‘rsatdi

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda piyoz narxi oshgani haqida xabarlar tarqaldi. Xususan, ayrim hududlarda mahsulot qimmatlashayotgani muhokamalarga sabab bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ushbu holat yuzasidan munosabat bildirib, narx shakllanishiga mavsumiylik, transport-logistika xarajatlari va vositachilarning savdo ustamalari ta’sir qilayotganini ma’lum qildi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilda respublika bo‘yicha 1,5 million tonna piyoz yetishtirish hisob-kitob qilingan. Bu aholining tibbiy me’yorlar asosidagi iste’mol talabidan 400 ming tonna yoki 35 foizga ko‘p.

Shunga qaramay, ayrim hududlarda mahsulot narxining oshishi kuzatilmoqda. Bu holatni vazirlik hududlardagi hosil yig‘im-terimi, mahsulotni tashish xarajatlari va savdo jarayonlari bilan izohlamoqda.

Surxondaryoda piyoz narxi nega qimmat?

Vazirlik keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida 387,1 ming tonna piyoz yetishtirilgan. Uning 120 ming tonnasi aholi iste’moliga yo‘naltirilgan, 46 ming tonnasi eksport qilingan, qolgan qismi esa respublikaning boshqa hududlariga yetkazib berilgan.

Biroq viloyatning tuproq-iqlim sharoiti piyozni asosan erta muddatlarda, xususan, aprel–may oylarida yetishtirishga moslashgan. Yozgi vegetatsiya davridagi yuqori harorat ta’siri sababli oktabr–noyabr oylarida pishib yetiladigan kechki piyoz katta maydonlarda ekilmaydi.

Shu sababli 2026-yil hosili uchun yetishtirilgan piyozning dalalardagi qoldig‘i tugagan. Hozir Surxondaryo bozorlaridagi talabni qondirish uchun Jizzax va Samarqand viloyatlaridan mahsulot olib kelinmoqda.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Jizzaxda dehqonlardan piyozning bir kilogrammi 2 600–3 300 so‘mdan, Samarqandda esa 2 800–3 000 so‘mdan xarid qilinmoqda.

Biroq mahsulotni tashish xarajatlari ham uning yakuniy narxiga qo‘shilmoqda. Xususan, yuk avtomobillari orqali bir kilogramm mahsulotni Jizzax va Samarqanddan Surxondaryoga yetkazish 350–370 so‘mni tashkil etadi. Masalan, 20 tonna yukni tashish xarajati 7 million so‘mgacha, 10 tonna yukniki esa 3,8–4 million so‘mgacha yetadi.

Transport xarajatlari qo‘shilganda tadbirkorlar uchun piyozning yetkazib berish tannarxi Jizzaxdan keltirilganda 2 950–3 650 so‘m, Samarqanddan keltirilganda 3 150–3 350 so‘mni tashkil etmoqda. Denov tumanigacha yetkazish xarajatlari hisobga olinganda esa bu ko‘rsatkich 3 400–3 500 so‘mgacha bormoqda.

Vazirlik ma’lumotida bugungi kunda Surxondaryo bozorlarida piyozning bir kilogrammi chakana savdoda 4 000–4 500 so‘m atrofida shakllangani qayd etilgan.

Markaziy bank ma’lumotlari ham narxlar oshganini ko‘rsatmoqda

Markaziy bankning narxlar tahlili platformasidagi 2026-yil 28-oktabr holatiga oid ma’lumotlar ham piyoz narxida o‘sish borligini ko‘rsatadi.

1



Unga ko‘ra, respublika bo‘yicha piyozning o‘rtacha narxi bir kilogramm uchun 2 789 so‘mni tashkil etgan. 21-oktabr holatida bu ko‘rsatkich 2 752 so‘m bo‘lgan. Demak, bir hafta davomida piyozning o‘rtacha narxi 37 so‘mga yoki 1,3 foizga oshgan.

Surxondaryo viloyatida esa 28-oktabr kuni piyozning o‘rtacha narxi 3 168 so‘mni tashkil qilgan. Bir hafta avval bu ko‘rsatkich 3 104 so‘m edi. Shunday qilib, viloyatda piyoz narxi bir haftada 64 so‘mga yoki 2,1 foizga qimmatlashgan.

E’tiborli jihati, Markaziy bank platformasidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Surxondaryoda piyozning o‘rtacha narxi respublika ko‘rsatkichidan 379 so‘m yoki qariyb 13,6 foiz yuqori bo‘lgan.

2



Bu raqamlar vazirlik keltirgan 4 000–4 500 so‘mlik chakana narxlardan farq qiladi. Sababi, Markaziy bank platformasidagi ko‘rsatkichlar hududlar kesimidagi o‘rtacha narxni ifodalaydi, vazirlik esa Surxondaryo bozorlaridagi chakana savdo narxlari haqida ma’lumot bergan.

Shuningdek, vazirlik ma’lumotida 2025-yil noyabridan 2026-yil oktabrigacha respublika bo‘yicha bir kilogramm piyozning o‘rtacha chakana narxi 2 552 so‘mni tashkil etgani qayd etilgan.

Tannarx va sotuv narxi o‘rtasidagi farq qancha?

Vazirlik tahlillariga ko‘ra, ayrim holatlarda piyozning xarid va yetkazib berish tannarxi bilan bozordagi sotuv narxi o‘rtasida sezilarli farq kuzatilmoqda.

Masalan, minimal tafovut holatida piyoz dehqondan 3 300 so‘mdan xarid qilinib, 350 so‘m transport xarajati bilan yetkazilganda uning tannarxi 3 650 so‘mni tashkil etadi. Bozorda 4 000 so‘mdan sotilganda o‘rtadagi farq 350 so‘m yoki 9,6 foiz bo‘ladi.

Maksimal tafovut holatida esa piyoz dehqondan 2 600 so‘mdan xarid qilinib, transport xarajati bilan 2 950 so‘mga yetkaziladi. Mahsulot bozorda 4 500 so‘mdan sotilganda o‘rtadagi farq 1 550 so‘m yoki tannarxga nisbatan 52,5 foizni tashkil qiladi.

Vazirlik olib-sotar tadbirkorlarning savdo marjasi 25 foizdan 50 foizgacha yetayotganini ham narx shakllanishidagi muhim omillardan biri sifatida ko‘rsatgan.

Shu bilan birga, 2026 yilda bir gektar maydonda piyoz yetishtirish uchun o‘rtacha 65,5 million so‘m xarajat sarflanishi hisoblangan. Bunda o‘rtacha hosildorlik gektariga 35 tonnani tashkil etadi. Natijada bir tonna piyozning yetishtirish tannarxi taxminan 1 million 870 ming so‘mga to‘g‘ri keladi.

Ushbu xarajatlarning 40,5 foizi mehnat haqi, 24 foizi mineral o‘g‘itlar va kimyoviy himoya vositalari, 14,7 foizi urug‘lik yoki ko‘chat xaridi, 12,5 foizi mexanizatsiya va yoqilg‘i-moylash materiallariga to‘g‘ri keladi.

Qish-bahor mavsumi uchun 102,8 ming tonna piyoz zaxira qilinadi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lum qilishicha, hozir respublika hududlarida 2026–2027 yillar qish-bahor mavsumi uchun jami 102,8 ming tonna piyozni zaxiraga jamg‘arish ishlari olib borilmoqda. Shundan 2 750 tonnasi Surxondaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi.

Vazirlik aholi o‘rtasida «piyoz pishdi, hozir arzon, g‘amlab olish kerak» degan kayfiyatning mavjudligi ham mahsulotga talab ortishi va narxlar ko‘tarilishiga ta’sir qilayotganini bildirgan.

Idora zaxiradagi mahsulotlarni ichki bozorga intervensiya qilish va maxsus savdo rastalari orqali arzonlashtirilgan narxlarda sotish imkoniyatlari mavjudligini ta’kidlagan. Bu choralar ichki bozorda piyoz narxini barqaror saqlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, vazirlik mahsulotni qimmatroq sotish maqsadida bozorga chiqarmasdan saqlab turishga urinayotgan ayrim tadbirkorlarni ogohlantirgan. Qayd etilishicha, piyoz uzoq muddat saqlanganda vaznini yo‘qotishi va sifati buzilishi mumkin.

Demak, respublika bo‘yicha piyoz yetishtirish hajmi ichki talabdan yuqori bo‘lishi kutilsa-da, hududlar o‘rtasidagi mavsumiy farq, tashish xarajatlari va savdo ustamalari ayrim bozorlarda narxning yuqoriroq shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. Endi asosiy masala — zaxiradagi mahsulotlarni bozorga o‘z vaqtida chiqarish va hududlardagi talabni barqaror ta’minlashdan iborat.

Teglar

Mavzuga oid