Shveysariya ham YIdan keyin Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni bekor qildi
Mamlakat 33 ta Rossiya banki, uchinchi davlatdagi bitta bank, 17 ta moliyaviy tashkilot va kriptovalyuta xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalar, uchinchi davlatlardagi beshta kompaniya, Rossiyaning to‘rtta aeroporti va ikkita porti bilan operatsiyalar o‘tkazishni taqiqladi. Ukrainada rossiyalik tadbirkorlardan sanksiya olib tashlanishi tanqid qilindi.
© Pinterest.comShveysariya rossiyalik tadbirkorlar Alisher Usmonov va Mixail Fridman, Qrim federal universitetining sobiq rektori Andrey Falaleyev hamda «Redbird Corporate Services Ltd» kompaniyasini sanksiyalar ro‘yxatidan chiqardi. Bundan avval, sentabr oyining oxirida Yevropa Ittifoqi ham shunday qaror qabul qilgandi. Ro‘yxatdan vafot etgan yana uch kishi, jumladan, Davlat dumasining sobiq deputati Yuriy Shvitkin va konstruktor Aleksandr Leonov ham chiqarildi. O‘zgarishlar 5-noyabr kuni kechqurun kuchga kiradi.
Shu bilan birga, Shveysariya hukumati Rossiya va Belarusga qarshi Yevropa Ittifoqining 21-sonli sanksiyalar paketini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi. Xususan, yana 254 nafar jismoniy va yuridik shaxs hamda tashkilotga nisbatan cheklovlar joriy etildi.
Bundan tashqari, Shveysariya 33 ta Rossiya banki, uchinchi davlatdagi bitta bank, 17 ta moliyaviy tashkilot va kriptovalyuta xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalar, uchinchi davlatlardagi beshta kompaniya, Rossiyaning to‘rtta aeroporti va ikkita porti bilan operatsiyalar o‘tkazishni taqiqladi.
Rossiyaning «soya floti»ga aloqador yana 41 ta kemaga ham cheklovlar qo‘yildi. Endi ularni sotib olish, sotish va ularga xizmat ko‘rsatish mumkin emas.
Shveysariya Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga avtomatik ravishda qo‘shilishi shart emas
Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan farqli ravishda, Shveysariya boshqa davlatlar tomonidan joriy etilgan sanksiyalarga qo‘shilish-qo‘shilmaslikni mustaqil hal qiladi. Mamlakat Yevropa Ittifoqiga kirmaydi. Shu sababli sanksiyalar joriy etish uchun o‘zining embargo to‘g‘risidagi qonuniga tayanadi.
Shveysariya Federal kengashi har bir qarorni alohida ko‘rib chiqadi. Bunda uning mamlakat qonunlariga, tashqi siyosiy manfaatlariga va betaraflik tamoyiliga qanchalik mos kelishi hisobga olinadi.
Shunga qaramay, Shveysariya 1998-yildan buyon ko‘p hollarda Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga to‘liq yoki qisman qo‘shilib keladi. Rossiya 2022-yil 28-fevralda Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlaganidan keyin Federal kengash Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi dastlabki sanksiyalar paketlarini qabul qilishga qaror qilgan. Shveysariya rasmiylari bu qaror mamlakatning betaraflik maqomidan voz kechishini anglatmasligini alohida ta’kidlagan.
Bu safargi qarorda hukumat Yevropa Ittifoqining qaroriga muvofiq olti nafar shaxs va bitta kompaniyani sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarganini ma’lum qildi. Biroq Shveysariya qolgan cheklovlarni mustaqil ravishda o‘zgartirish huquqini saqlab qoldi.
Masalan, tashqi siyosiy va huquqiy holatni baholaganidan keyin mamlakat yana ikki rossiyalikni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishdan, shuningdek, uchinchi davlatlardagi 14 ta kompaniyaga nisbatan eksport nazoratini kuchaytirishdan hozircha voz kechdi. Ularning ismlari va kompaniyalar nomlari oshkor etilmagan.
Shveysariyada qancha aktiv muzlatilgan?
Shveysariya banklar uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda mamlakat banklari umumiy qiymati 9,73 trln shveysariya franki bo‘lgan aktivlarni boshqargan. Ularning taxminan 2,36 trln franki xorijlik mijozlarning xususiy mablag‘lariga to‘g‘ri kelgan.
«The Insider» nashri o‘rgangan Shveysariya Iqtisodiyot masalalari bo‘yicha davlat kotibiyati (SECO) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-iyul holatida mamlakatda sanksiyaga uchragan jismoniy va yuridik shaxslarning 8,5 mlrd franklik moliyaviy aktivlari muzlatilgan.
Bundan tashqari, 14 ta ko‘chmas mulk obyekti, avtomobillar, samolyotlar, san’at asarlari va boshqa qimmatbaho buyumlar ham bloklangan.
Usmonov va Fridmanning sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarilishi ularning aynan shu cheklovlar sababli muzlatilgan aktivlarini qaytarish uchun asos bo‘lishi mumkin. Biroq Shveysariya rasmiylari har bir tadbirkorning qancha mablag‘i muzlatilganini oshkor qilmagan.
Yevropa Ittifoqi nima uchun sanksiyalarni bekor qildi?
Yevropa Ittifoqi 22-sentabr kuni Usmonov va Fridmanni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqargan edi. Ular bilan birga Qrim federal universitetining sobiq rektori Andrey Falaleyev va «Redbird Corporate Services Ltd» kompaniyasi ham ro‘yxatdan chiqarildi.
Qaror Yevropa Ittifoqi Kengashining maxsus reglamenti bilan rasmiylashtirilgan. Hujjatda sanksiyalar ro‘yxati qayta ko‘rib chiqilgani aytilgan, biroq ikki tadbirkorga nisbatan cheklovlarni bekor qilishning aniq sabablari tushuntirilmagan.
14-sentabr kuni «Financial Times» nashri o‘z manbalariga tayanib, Fransiya hukumati Ozarboyjon bosimi ostida asli O‘zbekistondan bo‘lgan rossiyalik oligarx Alisher Usmonovga nisbatan Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini bekor qilishga harakat qilayotgani haqida yozgan edi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, sanksiyalarni bekor qilish Ozarboyjonda hibsga olingan Fransiya fuqarolarini ozod qilish bo‘yicha kelishuvning bir qismi bo‘lgan.
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev josuslikda ayblanib, 10 yilga qamalgan Fransiya fuqarosi Martin Rayanni afv etgan. Shundan so‘ng Rayan ozodlikka chiqarilib, Fransiyaga qaytgan.
Fransiya Tashqi ishlar vazirligi uning ozod etilishini Ozarboyjon rasmiylari bilan olib borilgan «sabr-toqatli va konstruktiv» muloqot natijasi deya baholagan.
Ozarboyjon tomoni esa Fransiyaga bosim o‘tkazishga uringani haqidagi ayblovlarni rad etgan.
«Financial Times» manbalariga ko‘ra, Fridmanga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni Luksemburg so‘ragan. Tadbirkor muzlatilgan aktivlari uchun ushbu mamlakatdan qariyb 16 mlrd dollar kompensatsiya talab qilmoqda.
Ukrainaning munosabati
Ukrainada Yevropa Ittifoqining bu qarori tanqid qilindi. Prezident Vladimir Zelenskiy ayrim rossiyalik oligarxlarga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish haqidagi xabarlarni «samarasiz qadam» deya baholadi. Uning ta’kidlashicha, Moskvaga nisbatan bosimni yumshatish emas, aksincha, kuchaytirish kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq milliarder Alisher Usmonov Yevropa Ittifoqiga qarshi Germaniya sudida muhim g‘alabaga erishgani haqida yozgan edik.





