Logo

Shavkat Mirziyoyev Rustami Imomalini mukofotladi

O‘zbekiston yetakchisi Tojikiston Majlisi oliy Majlisi milliy raisi Rustami Imomalini qabul qildi.

Shavkat Mirziyoyev Rustami Imomalini mukofotladi © Prezident matbuot xizmati

Bugun, 4-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Tojikiston Respublikasi Majlisi oliy Majlisi milliy raisi Rustami Imomalini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida Majlisi milliy raisi davlat rahbariga Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston – Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, jumladan, ikki mamlakat parlamentlari hamkorligi doirasida yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.

Barcha yo‘nalishlardagi hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. O‘zaro savdo va yuk tashish hajmlari ortib bormoqda. Sanoat, qurilish, energetika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Qo‘shma Investitsiya kompaniyasi samarali faoliyat yuritmoqda.

Poytaxtlar va hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish, madaniy-gumanitar, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni kengaytirish muhimligi ta’kidlangan.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlar va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishda qonunchilik organlarining rolini oshirish, bu borada parlamentlararo komissiyalar, do‘stlik guruhlari hamda sohaviy qo‘mitalar faoliyatini faollashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston yetakchisi Rustami Imomalini ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashdagi katta xizmatlari, parlamentlararo muloqotni kengaytirish borasidagi samarali faoliyati uchun mamlakatning yuksak mukofoti – «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlagan.

Teglar

Mavzuga oid