Logo

«Tolibon» BMT sammitiga chaqirildi. Lekin Afg‘oniston nomidan qaror qabul qilolmaydi

Bugun 23:052 daqiqa

Afg‘onistonning «Tolibon» rasmiylari BMTning iqlim o‘zgarishiga bag‘ishlangan sammitida ikkinchi marta kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi.

«Tolibon» BMT sammitiga chaqirildi. Lekin Afg‘oniston nomidan qaror qabul qilolmaydi © Associated Press

Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tadigan BMTning COP31 iqlim sammitiga «Tolibon» vakillari kuzatuvchi maqomida taklif qilindi. Bu haqda AP xabar berdi.

2021 yilda hokimiyatni egallagan «Tolibon» hukumati Rossiyadan tashqari dunyoning hech bir davlati tomonidan rasman tan olinmagan. BMT Afg‘onistonning Bosh Assambleyadagi o‘rnini «Tolibon» vakillariga topshirmagani sababli, ular Antaliyadagi muzokaralarda Afg‘oniston nomidan rasmiy qaror qabul qilish vakolatiga ega emas. Bu «Tolibon»ning iqlim sammitlaridagi ikkinchi ishtiroki bo‘lib, ular avvalroq 2024 yilda Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tgan COP29 sammitida ham kuzatuvchi sifatida qatnashgan.

Afg‘oniston iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Mamlakatda qurg‘oqchilik, suv tanqisligi, jazirama issiq va kutilmagan suv toshqinlari jiddiy muammoga aylangan. Aholining katta qismi qishloq xo‘jaligiga qaram bo‘lgani uchun, suv yetishmasligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri oziq-ovqat va daromad inqirozini keltirib chiqarmoqda.

Xalqaro migratsiya tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil aprelidan dekabriga qadar iqlim bilan bog‘liq muammolar tufayli 1,6 milliondan ortiq afg‘onistonlik o‘z yashash joyini tark etishga majbur bo‘lgan. «Tolibon» mazkur sammitda ishtirok etish orqali xalqaro iqlim fondlaridan Afg‘oniston uchun moliyaviy yordam undirishni maqsad qilgan.

«Tolibon»ning xalqaro maydondagi ishtiroki turli xil e’tirozlarni keltirib chiqarmoqda. Tanqidchilar ayollarning ta’lim olishi va jamiyatda ishtirok etishini keskin cheklagan hukumatni xalqaro maydonda legitimlashtirishdan ogohlantirmoqda.

Sobiq afg‘on parlamentariysi Favziya Kufiy bu borada shunday savol qo‘ydi: «Aholining yarmini, ya’ni ayollarni jamiyat hayotidan chetlashtirgan hukumat qanday qilib butun mamlakat nomidan gapirishi mumkin?».

Boshqa tomondan, Kobuldagi «Samsoor Watan» nodavlat tashkiloti rahbari Saidmuhammad Sulaymonxil yordam siyosiy rejimga bog‘lanib qolmasligi kerakligini ta’kidlagan. «Iqlim o‘zgarishining oqibatlarini hukumat emas, oddiy afg‘on xalqi boshidan kechiryapti», — deya qayd etdi u.

Xalqaro tashkilotlar oldida eng murakkab vazifa bo‘lib Afg‘oniston aholisiga gumanitar va iqlim bo‘yicha yordam berish jarayonini «Tolibon» hukumatini siyosiy tan olishdan ajratib olish masalasi qolmoqda. Qurg‘oqchilik va tabiiy ofatlar siyosiy tan olinishdan qat’i nazar, oddiy aholining kundalik hayotiga tahdid solmoqda.

Teglar

Mavzuga oid