Qurilish bozoridagi o‘sish va nazorat tizimidagi o‘zgarishlar
Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekistonda qurilish ishlari hajmi 339,3 trln so‘mga yetdi. Lekin shu davrda 3 ming 166 ta noqonuniy obyekt buzdirilgan. Yangi qonunlar bunday salbiy holatlarni kamaytira oladimi?
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaO‘zbekistonda 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida 339,3 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,3 foiz ko‘p.
Shundan 241,2 trln so‘mi yoki 71,1 foizi bino va inshootlar qurilishiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu yo‘nalishda qurilish ishlari hajmi 6,3 foizga oshgan.
Fuqarolik obyektlari qurilishida 63,8 trln so‘mlik ishlar bajarilgan. Bu jami hajmning 18,8 foizini tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 29,3 foizga o‘sgan.
Ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari esa 34,3 trln so‘mga yetgan. Uning jami hajmdagi ulushi 10,1 foizni, o‘sish sur’ati esa 33 foizni tashkil etgan.
Yirik qurilish tashkilotlari tezroq o‘smoqda
2026-yil yanvar–sentabr oylarida kichik korxonalar va mikrofirmalar 142,2 trln so‘mlik qurilish ishlarini bajargan. Bu jami qurilish ishlari hajmining 54,8 foiziga teng. Yirik qurilish tashkilotlari hissasiga 66,7 trln so‘mlik, aholi tomonidan o‘z kuchi bilan bajarilgan ishlar hissasiga esa 50,5 trln so‘mlik qurilish ishlari to‘g‘ri kelgan.
O‘tgan yilning shu davriga nisbatan eng yuqori o‘sish yirik qurilish tashkilotlarida kuzatildi, ularning ish hajmi 18,8 foizga oshdi. Kichik korxonalar va mikrofirmalarda o‘sish 10,9 foiz, aholi tomonidan bajarilgan ishlarda esa 6,2 foiz bo‘ldi.
Ammo yanvar–sentabr oylarida jami 339,3 trln so‘mlik qurilish ishlarining 78,1 trln so‘mi yoki 23 foizi norasmiy sektor hissasiga to‘g‘ri keldi.
Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22,6 trln so‘mga ko‘p. Biroq norasmiy sektorning jami qurilish ishlaridagi ulushi 24,7 foizdan 23 foizga kamaygan.
Materiallar ishlab chiqarish
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, qurilish materiallari sanoati 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida 50 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqardi. Tarmoq eksporti 1,1 mlrd dollarga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 45 foizga oshdi. Shuningdek, Milliy statistika qo‘mitasining Vaqt.uz’ga ma’lum qilishicha, shu davr mobaynida yirik sanoat korxonalari tomonidan 16,2 mln tonna sement ishlab chiqarilgan. Bir yil ichida sement ishlab chiqarish 0,5 mln tonnaga oshgan.
Qurilishda nazorat qanday olib boriladi?
O‘zbekistondagi barcha qurilish obyektlarini nazorat qiluvchi Qurilish inspeksiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–sentabr oylarida 28 ming 708 ta qurilish obyekt nazoratga olingan.
Ulardan 301 ming 272-marta monitoring o‘tkazilib, aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun 215 ming 907 ta majburiy yozma ko‘rsatma berilgan. Shuningdek, 3 ming 166 ta qoidabuzarlik buzdirish ishlari orqali bartaraf etilgan. Ko‘p qavatli uylar o‘rganilganda esa 23 ming 121 ta binoda 9 ming 804 ta qonunbuzilish aniqlangan. Ularning 6 mingdan ortig‘i bartaraf etilgan, 1 ming 457 tasi bo‘yicha sudga da’vo kiritilgan.
Qoidabuzarliklar orasida ruxsatsiz qo‘shimcha qavat qurish va tasdiqlangan loyihadan chetga chiqqanlar ham bor. Masalan, Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi «Sokin House» turarjoy majmuasida qurilish tashkiloti dastlabki loyihadan chetga chiqib, qo‘shimcha qavatlar qurgani aniqlangan. Inspeksiya ishlarni to‘xtatish haqida majburiy ko‘rsatma bergan. Biroq qurilish to‘xtagani uchun xonadonga pul to‘lagan xaridorlar uylarini yillar davomida ololmay kutgan.
Yana bir misol Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi «New Port» majmuasi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, to‘qqizta blokdan uchtasida ekspertiza xulosalari va qurilishni boshlash uchun ro‘yxatdan o‘tilgan. Qolgan oltitasida ishlar belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmay olib borilgan. Inspeksiya kompaniyaga bir necha marta majburiy ko‘rsatma bergan, biroq talablar bajarilmagani uchun mas’ul xodimlar ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Qurilishdagi yangi qoidalar
Qurilish sohasidagi qoidabuzarliklarning oldini olish uchun yangi talablar belgilanmoqda. Ular binolarning seysmik xavfsizligini tekshirish, qurilish materiallari sifatini nazorat qilish va ruxsatsiz qurilish uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutadi.
Bu boradagi muhim hujjatlardan biri 2025-yil 1-dekabrda qabul qilingan PF-236-son prezident farmonidir. Unga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab ikki va undan yuqori qavatli ko‘p kvartirali uylarning texnik holatini maxsus asbob-uskunalar yordamida tekshirish tartibi belgilangan. Bunday tekshiruvlar natijalari «Shaffof qurilish» tizimida qayd etiladi. Tekshiruv xulosasi ijobiy bo‘lmasa, binodan foydalanishga ruxsat berilmaydi.
Farmonda qurilishi boshlangan ko‘p kvartirali uylarga keyinchalik qo‘shimcha qavat qo‘shish yoki balandligini oshirishni yangi hujjatlar orqali rasmiylashtirish ham taqiqlangan. Ya’ni qurilish boshlanganidan keyin dastlabki loyihada ko‘rsatilmagan qavatlarni qo‘shib, buni qayta hujjatlashtirish orqali qonuniylashtirib bo‘lmaydi.
Shuningdek, 2025-yil 1-dekabrdagi PQ-365-son prezident qarorida, 2026-yil 1-martdan boshlab xavfsizlik talablariga javob bermaydigan qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi korxonalar elektron reyestrga kiritilishi belgilangan. Reyestr «Texnik tartibga solish» va «Shaffof qurilish» tizimlari orqali yuritiladi. Bunday korxonalar davlat xaridlarida ishtirok etolmaydi, ular haqidagi ma’lumotlar esa jamoatchilikka ochiq bo‘ladi. Bu orqali qurilishda sifatsiz materiallardan foydalanishning oldini olish va ularni yetkazib beruvchilar faoliyatini ham nazorat qilish ko‘zlangan.
2026-yil 28-sentabrda qabul qilingan O‘RQ-1179-son qonun bilan qurilishni boshlash tartibi va ruxsatsiz qurilish uchun javobgarlik o‘zgartirilmoqda. Qonun 2026-yil 30-dekabrdan kuchga kiradi. Unga ko‘ra, qurilish-montaj ishlarini boshlashdan oldin hududiy qurilish nazorati inspeksiyasidan ruxsatnoma olish talab etiladi. Ya’ni avvalgi xabarnoma yuborish tartibi ruxsat olish tartibiga almashtiriladi.
Qonunda ruxsatnomasiz ko‘p kvartirali uy qurish uchun jarimalar ham belgilangan. Bunday holatda fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari, mansabdor shaxslarga esa 450 baravari miqdorida jarima solinadi. Bunday qoidabuzarlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin noqonuniy qurilish yana takrorlansa, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin. Agar qoidabuzarlik odam o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, jazo besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.
Eslatib o‘tamiz, Vaqt.uz avvalroq uy-joy xaridida aldanib qolmaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida yozgandi. Chunki xonadon sotib olishda faqat uning narxi va joylashuvini hisobga olish yetarli emas. Qurilishning qonuniyligi, ruxsat hujjatlari va quruvchi kompaniyaning faoliyati ham muhim. Zero bu jihatlarga e’tiborsizlik keyinchalik uyga egalik qilish yoki undan foydalanish bilan bog‘liq muammolarga yuzaga keltirishi mumkin.
Teglar






