Logo

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy muzeyining qurilishiga ramziy tamal toshini qo‘ydi

27.08.2025 | 19:404 daqiqa

Muzey ishga tushsa, atrofidagi Abulqosim madrasasi, Xalqlar do‘stligi saroyi va O‘zbekiston Milliy bog‘i bilan bir joyda yaxlit me’moriy kompozitsiyaga aylanishi aytilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy muzeyining qurilishiga ramziy tamal toshini qo‘ydi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni Toshkentda quriladigan O‘zbekiston Milliy muzeyiga tamal toshi qo‘ydi. Mazkur inshoot mamlakat tarixida ilk bor bunday ko‘lamda barpo etilayotgani bilan ahamiyatli hisoblanadi. Muzey Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan, Yaponiya va Germaniya arxitektura kompaniyalari hamkorligida loyihalashtirilgan. Qurilish jarayoni Xitoyning «CSCEC International Construction» kompaniyasiga topshirilgan. Muzey aylana, to‘rtburchak va uchburchak shakllari uyg‘unlashgan tarzda qurilib, Sharq va G‘arb madaniyati ramzini aks ettiradi. Majmuada 3 qavatli muzey, 2 qavatli yerto‘la va yordamchi binolar bo‘ladi. Prezident ta’kidlaganidek, yangi muzey xalqimizning uch ming yillik boy merosini dunyo hamjamiyatiga yetkazishga xizmat qiladi. Ayni vaqtda Toshkentdagi 30 ta muzeyda 1 milliondan ziyod eksponat saqlanmoqda, ammo ko‘rgazma zallari cheklangani bois ularning katta qismi omborlarda qolib ketmoqda. Yangidan barpo etiladigan majmuada 10 mingga yaqin eksponatni bir vaqtning o‘zida namoyish qilish imkoniyati yaratiladi. 40 ming metr kvadrat maydonda quriladigan inshootda zamonaviy ko‘rgazma zallari, kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va eksponatlarni saqlash xonalari joylashadi. Shuningdek, konferensiya zallari, auditoriyalar, restoranlar va bolalar maydonchalari ham tashkil etiladi. Muzey ishga tushgach, u Abulqosim madrasasi, Xalqlar do‘stligi saroyi va O‘zbekiston Milliy bog‘i bilan birga yaxlit me’moriy kompozitsiyani hosil qiladi. Kelajakda u dunyoga mashhur Luvr va Britaniya muzeylari kabi yirik markazlar bilan hamkorlik qilishi, noyob eksponatlarni olib kelish va xalqaro ko‘rgazmalar tashkil etishi kutilmoqda. Shavkat Mirziyoyev so‘zlariga ko‘ra, Milliy muzey xalqqa va kelajak avlodlarga xizmat qiladigan ilm-ma’rifat maskaniga aylanadi. Prezident majmua poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilish ishlarini rasman boshlab berdi.

Teglar

Mavzuga oid