Logo

“Tolibon bilan hali biror kelishuv yo‘q, yangi ko‘l esa davlatning o‘z loyihasi” — Suv xo‘jaligi vaziri bilan intervyu

Bugun 17:196 daqiqa

Shavkat Hamrayev Afg‘onistonda qurilayotgan «Qo‘shtepa» kanali bo‘yicha «Tolibon» harakati bilan rasmiy kelishuvlar mavjudligi masalasiga aniqlik kiritdi. Shuningdek, vazir Buxoro cho‘li ortida to‘satdan paydo bo‘lgan va ijtimoiy tarmoqlarda turli shubhali tijoriy loyihalarga bog‘langan ulkan ko‘lning asl egasi kimligi hamda manbasi haqidagi o‘tkir savollarga javob berdi.

19-iyun kuni O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi binosida Vazir Shavkat Hamrayevning OAV vakillari bilan ochiq muloqoti o‘tkazildi. Tadbirda Vaqt.uz muxbiri ham ishtirok etdi va vazirga Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali bo‘yicha Tolibon bilan ikki tomonlama huquqiy kelishuvlar bor-yo‘qligi va Buxoroda paydo bo‘lgan yangi ko‘l manbasi borasidagi bir necha savol bilan murojaat qildi.

— Afg‘oniston transchegaraviy suv taqsimoti bo‘yicha na xalqaro hujjatlarga va na mintaqaviy suv kelishuvlariga a’zo. Shuni hisobga olsak, ertaga Qo‘shtepa kanali ishga tushishi natijasida quyi oqimda suv hajmi keskin kamaysa, biz Qobuldan muayyan suv limitini talab qila oladigan biror-bir yuridik hujjat shu vaqtgacha imzolandimi? Yoki ikki tomonlama munosabatlar hali ham oddiy ishchi uchrashuvlar darajasida qolyaptimi?

Shavkat Hamrayev (Suv xo‘jaligi vaziri):

— Afg‘oniston tomoni bilan Qo‘shtepa kanali bo‘yicha doimiy muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, u yerdagi Energetika va suv xo‘jaligi vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbariyati, ularning suv masalalari bo‘yicha mas’ul o‘rinbosarlaridan iborat ishchi guruh bilan muntazam aloqadamiz.

Alohida ta’kidlash joizki, Afg‘onistonni qiynayotgan eng katta muammolardan biri — Amudaryo qirg‘oqlarining yemirilishi va bu ularning hududiga jiddiy talofat yetkazayotgani edi. Hukumatimiz sa’y-harakatlari bilan ushbu hududga ko‘plab ekskavator va zarur texnikalar safarbar etildi. Elektr tarmoqlari tortilib, loyni suruvchi maxsus zemsnaryadlarimiz yordamida daryo o‘zanini burish va qirg‘oqlarni yuvish oqibatlarini kamaytirish ishlari olib borilmoqda. Afg‘oniston muvaqqat hukumati bu ko‘makni yuqori baholab, o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Umuman olganda, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aylanma 2 milliard dollardan oshdi. Geologiya, elektr energiyasi ta’minoti, transport koridorlari va temir yo‘l sohalaridagi integratsiya jarayonlari suv masalasidagi muloqotlarimizga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Qo‘shtepa kanalining o‘ziga kelsak, ularning o‘zlarida ham moliyalashtirish va texnik qiyinchiliklar mavjud. Kanalning avval qazilgan ba’zi joylari qum bilan ko‘milib qolish holatlari kuzatilyapti. Bu qurilish to‘xtadi degani emas, balki amaldagi ish ko‘lami rejalashtirilganidan ancha murakkabligini anglatadi. Dastlab ular loyihani 2028 yilgacha tugatib, keyin suv olishni reja qilishgandi. Hozircha u yerga katta hajmda suv olinayotgani yo‘q; shlyuz orqali qo‘yib yuborilgan suv faqatgina kanal o‘zanini qum va changdan saqlab, yo‘nalishni ushlab turish uchungina xizmat qilmoqda.

— Demak, hali hech qanday rasmiy hujjat yo‘q-a? Ertaga Afg‘oniston suv olishni boshlaganda, munosabatlarimizni tartibga soluvchi biror-bir ikki tomonlama shartnomaga erishilganmi o‘zi?

Shavkat Hamrayev:

— Hozircha rasmiy yuridik hujjat mavjud emas, munosabatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar asosida boshqarilmoqda. Afg‘oniston tomoni ham bu muloqotlarni «yuridik hujjatlardan ustun qadriyat» sifatida e’tirof etmoqda. Ular hamma davlatlar bilan ham bunday muloqotga kirishavermaydi. Hatto AQSHning yuqori lavozimli vakillari biz bilan gaplashganda, mana shu suv muzokaralarida ishtirok etish istagini bildirishgan, biroq Qobul ularni jarayonga yaqinlashtirmagan. Shu bois, O‘zbekiston bilan munosabatlar kun sayin ijobiy tomonga rivojlanyapti.

Qurg‘oqchilik yillariga kelsak, bunday davrlar ma’lum suv sikli asosida takrorlanib turadi. Bunga tayyorgarlik sifatida hududlarimizda suv omborlari va yirik lokal tizimlar barpo etilgan. Davlat katta xarajatlardan qochmasdan, suvni yer ostidan maxsus nasoslar orqali 400 metr va undan ham baland nuqtalarga ko‘tarib, aholi va qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlash choralarini ko‘rmoqda.

— Buxoro viloyati respublikada suv tanqisligi eng yuqori bo‘lgan, vaziyat murakkab hududlardan biri hisoblanadi. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ham shov-shuv bo‘ldi, o‘zimiz ham borib katta videoreportaj tayyorlab keldik — Buxoro cho‘lining qoq markazida ulkan ko‘l paydo bo‘lgan. Odamlar orasida bu tadbirkor Baxtiyor Fozilovning shaxsiy biznesi ekani, u yerda eko-shaharcha yoki yirik baliqchilik xo‘jaligi tashkil etilayotgani haqida gap-so‘zlar yuribdi. Shunday bo‘lsa, butun viloyat suvdan qiynalayotgan bir paytda, xususiy biznes uchun millionlab kub metr suv qayerdan va qanday mablag‘lar hisobiga yo‘naltirilmoqda?

— Savolingiz uchun rahmat. Buxoro cho‘lida paydo bo‘lgan ushbu havza tabiiy yog‘ingarchilik mahsuli emas. Shuni qat’iy ta’kidlashim kerakki, bu yerda xususiy biznes yoki qaysidir oligarxning loyihasi haqidagi gaplar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu — davlat tomonidan xalqimiz uchun amalga oshirilgan yirik ekologiik va meliorativ loyiha natijasidir.

Aslida vaziyat qanday? Buxoro viloyatidan chiqadigan kollektor-drenaj (sho‘r zah) suvlari ilgari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Amudaryoga tashlanar edi. Bu suvlar kerakli darajada tozalanmagani bois, daryo suvining sifatiga jiddiy zarar yetkazayotgan edi. Bu bo‘yicha O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida maxsus kelishuvlar mavjud. Biz daryo suvini toza saqlash loyihasini dastlab Qoraqalpog‘istondan boshlaganmiz. Ilgari Beruniy tumanidagi «Qizilqum» va «Beruniy» meliorativ nasos stansiyalari iflos zah suvlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Amudaryoga quyardi. Vaholanki, shu daryodan quyi oqimdagi Xorazm, Qoraqalpog‘iston va Turkmanistonning Toshhovuz viloyati aholisi ichimlik suvi sifatida foydalanadi.

Daryo ekologiyasini asrash maqsadida Jahon bankining 60 million dollarlik krediti hisobiga 300 kilometrlik yirik kollektor (Janubiy Qoraqalpog‘iston magistral kollektori) qurildi. Natijada zah suvlari Amudaryodan burib yuborildi va u yerdagi nasos stansiyalari to‘xtatilib, suv o‘z oqimi bilan cho‘lga yo‘naltirildi.

Xuddi shu tajriba Buxoroda ham qo‘llanildi. Viloyatdagi zah suvlarining yillik hajmi 1 milliarddan 1,5 milliard kub metrgacha yetadi. Birinchi bosqichda juda murakkab sharoitlarda cho‘l ichidan 126 kilometrdan ortiq masofaga kanal qazilib, o‘sha sifatsiz suvlar Amudaryodan cho‘l bag‘riga burildi. Natijada mana shu ko‘l paydo bo‘ldi.

— Loyihaning ikkinchi bosqichida baliqchilik va suv turizmi markazlari tashkil etilishi aytilmoqda. Bu ko‘l keyinchalik qurib qolmaydimi?

— Yo‘q, ko‘l aslo qurib ketmaydi. Chunki u yerga yiliga kamida 1 milliard kub metr atrofida zah suvlari oqib kelmoqda. To‘g‘ri, shimilish (filtratsiya) va bug‘lanish hisobiga hozircha havzaga 400 million kub metr atrofida suv yetib boryapti. Biroq yillar davomida suv sathi ko‘payib, hatto havzaga sig‘may qolish xavfi ham bor. Agar suv haddan tashqari ko‘paysa, uni kelgusida Qoraqalpog‘iston hududidagi pastliklarga qarab uzaytirishni rejalashtirganmiz.

Keyingi bosqichlarda Qashqadaryodagi «Dengizko‘l» (sig‘imi qariyb 3 mlrd kub metr, ammo tarkibida oltingugurt balandligi sababli jonzot yashamaydigan o‘lik ko‘l) va yuqoridagi «Sichanko‘l» havzalarini Buxoro kanali tagidan sifon orqali o‘tkazib, ushbu tizimga ulamoqchimiz. Natijada zah suvlarining doimiy harakati ta’minlanadi.

Olimlarimiz bilan birgalikda bu suvlarni biologik va mexanik usulda jonlantirish ustida ishlayapmiz. Tajribadan ma’lumki, suv uzoq masofaga harakat qilganda, turli tuproq qatlamlari va qamishzorlardan o‘tib, kislorod bilan to‘yinadi va o‘z-o‘zini tozalaydi («suv yetti dumalasa toza bo‘ladi» maqoli bejiz emas).

— Demak, hozirning o‘zidayoq u yerda baliq paydo bo‘lgani rost ekan-da?

— Ha, bu rost. Hozircha suvning sho‘rlanish darajasi (mineralizatsiyasi) bir oz yuqori, lekin suv hajmi ortishi bilan bu ko‘rsatkich me’yorlashadi. Eng muhimi, cho‘l bag‘ridagi ushbu suv yo‘li atrofiga minglab daraxtlar ekildi, u yerga yovvoyi qushlar va hayvonlar kelib suv ichmoqda. Odamlar u yerda hayot va yangi ekotizim paydo bo‘lganini aytyapti.

Xulosa qilib aytganda, bu yerda xususiy tadbirkorlik yoki turizm majmuasi yo‘q. Bu — Amudaryo suvining tozaligi va sifatini saqlashga qaratilgan, davlat budjetidan 1 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan yirik millionlik davlat loyihasidir.

Teglar

Ilyos Safarov

Ilyos SafarovMaqolalar soni: 107

Barchasi

Mavzuga oid