Toshkent viloyatidagi qurilishda budjet mablag‘lari talon-toroj qilindi
Nurafshon shahridagi oqova suv tozalash inshooti qurilishida hujjatlarda qayd etilgan summa bilan bajarilgan ishlar qiymati o‘rtasida milliardlab so‘mlik tafovut bor.
© ijtimoiy tarmoqlarToshkent viloyatining Nurafshon shahrida oqova suv tozalash inshooti qurilishida 13,9 mlrd so‘m budjet mablag‘i talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Departamentning Zangiota tumani bo‘limi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda qurilish ishlari bo‘yicha hisobotlarda haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar kiritilgani ma’lum bo‘ldi.
Qayd etilishicha, qurilishi ishlari «Suv ta’minot va oqova suv obyektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi» DUK Toshkent hududiy boshqarmasi va Toshkent viloyati «Suvoqova» DUK o‘rtasidagi shartnomaga ko‘ra olib borilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Nurafshon shahrida qurilayotgan oqova suv tozalash inshootida amalda bajarilgan 73,3 mlrd so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan. Lekin hujjatlarda 87,2 mlrd so‘mlik ishlar bajarilgan deya soxtalashtirilgan. O‘rtadagi 13,9 mlrd so‘mlik budjet mablag‘lari esa o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida bank mintaqaviy markazi bo‘lim boshlig‘i yer maydonlarini rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 4,25 mln dollar talab qilgani haqida xabar berilgandi.





