Logo

Turkiyada 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanmoqda

Kecha 22:381 daqiqa

Yangi qoidalar 15–18 yoshdagi o‘smirlarning shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanishni ham cheklaydi. Endi ijtimoiy tarmoqlar ular haqida to‘plangan ma’lumotlar asosida boshqa akkauntlarni tavsiya qila olmaydi.

Turkiyada 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanmoqda © yahoo.com

Turkiyada 1-noyabrdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi taqiqlanadi. Bu haqda mamlakat prezidenti administratsiyasi huzuridagi Kiberxavfsizlik boshqarmasi ishlab chiqqan qoidalarga tayanib, «Resmî Gazete» rasmiy nashri xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar 15 yoshga to‘lmagan bolalarga xizmat ko‘rsata olmaydi. 15–18 yoshdagi foydalanuvchilar uchun shaxsiy ma’lumotlarni himoya qiluvchi maxsus xavfsizlik rejimi yaratilishi kerak.

Ijtimoiy tarmoqlarda akkaunti bor foydalanuvchilar 2027-yil 31-martgacha o‘z yoshini tasdiqlashi shart. Buning uchun Turkiyaning «e-Devlet» davlat elektron xizmatlari platformasidagi maxsus identifikatordan foydalaniladi.

O‘smirlar uchun yangi qoidalar

Yangi talablar ijtimoiy tarmoqlarning o‘smirlar haqida to‘plangan ma’lumotlardan foydalanishini ham cheklaydi. Jumladan, platformalar ushbu ma’lumotlar asosida boshqa akkauntlarni tavsiya qila olmaydi. O‘smirlarning profillarini boshqa foydalanuvchilarga tavsiya qilish ham taqiqlanadi.

Bundan tashqari, bolalar akkauntlarini telefon va elektron pochta kontaktlari, boshqa ilovalardagi do‘stlar hamda obunachilar ro‘yxati bilan bog‘lashga ruxsat berilmaydi. Platformalar bunday ma’lumotlarga kira olmaydi va ulardan foydalana olmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Avstraliyada ham 2025-yil 10-dekabrdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi cheklangan.

Teglar