Logo

O‘zbekistonda ilk pulli yo‘l qurildi. Prezident uni sinovdan o‘tkazdi

Bugun 19:332 daqiqa

Prezident Shavkat Mirziyoyev 35 kilometrlik «Urganch – Xiva» pulli avtomobil yo‘li orqali Urganchga qaytdi.

O‘zbekistonda ilk pulli yo‘l qurildi. Prezident uni sinovdan o‘tkazdi © Foto: president.uz

Bugun, 18-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotdan so‘ng yangi  «Urganch – Xiva» pullik avtomobil yo‘li bilan tanishdi va ushbu yo‘l orqali poytaxt Toshkentga qaytdi.

Yo‘lning asosiy xususiyatlari


Urganch aeroporti va Xiva shahri o‘rtasidagi yangi avtomobil yo‘li aholi va sayyohlar uchun xavfsiz, tezkor va qulay harakatlanish imkoniyatini yaratishga qaratilgan.

Loyiha doirasida 35 kilometr avtomobil yo‘li, 1 ta yer osti tunneli, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 15 ta ko‘prik va 106 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etildi.

Mavjud yo‘l orqali Urganchdan Xivaga yetib borishga 45-50 daqiqa vaqt sarflansa, yangi to‘rt tasmali magistralda bu vaqt 15-17 daqiqagacha qisqaradi. Yo‘l sutkasiga 30 mingdan ortiq transport vositasini o‘tkazish quvvatiga ega.

Transport oqimi va to‘lovlarni boshqarish sun’iy intellektga asoslangan raqamli tizimlar orqali amalga oshiriladi. Yengil va yuk avtomobillari, shuningdek, avtobuslardan to‘lov transport vositasini to‘xtatmagan holda elektron shaklda undiriladi.

Yo‘l bo‘yida xalqaro standartlarga mos xizmat ko‘rsatish va servis obyektlarini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.

Yo‘l qoplamasining yuqori qatlamlarida issiq iqlimga chidamli maxsus modifikatsiyalangan bitum aralashmasidan foydalanilgan. Qoplamaning umumiy qalinligi 87 santimetrni tashkil etadi.

Yangi magistral Urganch va Xiva o‘rtasidagi qatnovlarni yanada tezlashtirish va qulaylashtirish, sayyohlar uchun transport imkoniyatlarini kengaytirish hamda hududning yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Pullik yo‘llarning huquqiy asosi

Mamlakatda zamonaviy yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida joriy yilning 5-avgust kuni yangi tahrirdagi «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingan bo‘lib, unda pullik avtomobil yo‘llarini tashkil etishning huquqiy asoslari belgilab berilgan edi.

Qonunchilikka ko‘ra, bunday holatlarda haydovchilar uchun muqobil bepul yo‘l mavjud bo‘lishi asosiy shart hisoblanadi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Teglar

Mavzuga oid