Logo

O‘zbekistonda yangi universitetlar ochilmaydi: vazir sababini aytdi

Bugun 19:371 daqiqa

Oliy ta’lim vazirininig fikricha, mavjud universitetlar quvvati yetarli.

O‘zbekistonda yangi universitetlar ochilmaydi: vazir sababini aytdi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov O‘zbekistonda hozircha yangi universitetlar ochishga ehtiyoj yo‘qligini ma’lum qildi. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.

Vazirning aytishicha, mavjud OTMlar quvvati mehnat bozori ehtiyojini qoplash uchun yetarli.

«Universitetlar sonini nomiga oshirib boraverish kerak emas. Hozir 56,7 balldan yuqori natija olganlarning barchasi oliy ta’limga kiryapti. Bu — 256 mingdan ortiq yosh degani. 56,7 balldan past natija olganlarni ham mavjud universitetlarimiz quvvati qabul qilib, o‘qita oladi. Bugun yangi universitet ochishga ehtiyoj yo‘q deb hisoblayman. Chunki u sifatsiz ta’lim beradigan universitetga aylanib qolishi mumkin», — dedi vazir.

Sharipovning fikricha, yangi OTM ochish o‘rniga kasbiy ta’limga ko‘proq e’tibor berish zarur.

Kasbiy ta’limga e’tibor

Vazir o‘rta bo‘g‘in mutaxassislariga talab yuqoriligini aytdi. Shu sabab bu yil 100 ta texnikumni xalqaro darajaga olib chiqish rejalashtirilgan.

«Ularni bitirgan yoshlar nafaqat O‘zbekistonda, balki 70 dan ortiq davlatda diplomi asosida ishlashi mumkin», — dedi Sharipov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim kasblarda maosh oliy ma’lumotli mutaxassislarnikidan ham yuqori. Jumladan, haydovchi va payvandchilarga xalqaro bozorda kamida 1500 dollar taklif qilinmoqda.

Vazirning aytishicha, kasbiy ta’limni tugatgan yoshlar keyinchalik suhbat asosida oliy ta’limga kirib, ikkinchi kursdan o‘qishni davom ettirishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid