Logo

O‘zbekistonda kichik va mikro GESlar qurilishini jadallashtirishning yangi tartibi va imtiyozlari belgilandi

Bugun 19:553 daqiqa

Rejalashtirilgan 3 mingta kichik va mikro GES qurish dasturining ijrosi ortda qolayotgani va Jahon banki mablag‘larining o‘zlashtirilishi sustligi sababli, investorlar uchun loyihalarni amalga oshirish shartlari qayta ko‘rib chiqildi.

O‘zbekistonda kichik va mikro GESlar qurilishini jadallashtirishning yangi tartibi va imtiyozlari belgilandi © flickr.com

O‘zbekistonda kichik va mikro gidroelektr stansiyalari (GES) tarmog‘ini rivojlantirish, sohaga xususiy investitsiyalarni jalb etish va byurokratik to‘siqlarni kamaytirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Bu haqda 2026 yil 19-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga sohadagi navbatdagi chora-tadbirlar yuzasidan qilingan taqdimotda ma’lum qilindi.

Tadbirkorlar va investorlar uchun aniq hamda barqaror shart-sharoit yaratish maqsadida endilikda auksionlarda loyihaning boshlang‘ich narxi bilan birga elektr energiyasini xarid qilish tarifining eng quyi chegarasi ham belgilanadi.

«Tariflar stansiya quvvatiga qarab tabaqalashtiriladi. Mazkur yangilik avvalroq «nol» qiymatda yutib olingan, ammo amalga oshirilmay qolgan loyihalar muammosini hal etishga xizmat qiladi», - deya xabar beriladi taqdimot yakunlari bo‘yicha.

Byurokratik jarayonlarni keskin qisqartirish maqsadida 100 kilovattgacha bo‘lgan mikro GESlarni loyihalash va qurish soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilishi tasdiqlandi. Quvvati 50 kilovattgacha bo‘lgan loyihalar esa shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi va davlat arxitektura-qurilish nazoratidan to‘liq ozod etiladi.

Shuningdek, qo‘shimcha suv bosimini hosil qilish uchun kanal, daryo va o‘zanlar konstruksiyasiga o‘zgartirish kiritishga ruxsat beriladi. Suv xo‘jaligi obyektlarida o‘z ehtiyojlari uchun kichik va mikro GESlarni hech qanday auksionsiz qurish imkoniyati ham yaratiladi. Loyihalar uchun joy tanlashdan tortib, ularni ishga tushirish va ekspluatatsiya qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qamrab oluvchi yagona raqamli platforma joriy etilishi qayd etildi.

Ta’kidlash joizki, o‘tgan yili qabul qilingan qarorga asosan xususiy sektor ishtirokida jami 164 megavatt quvvatli qariyb 3 mingta kichik va mikro GES qurish rejalashtirilgan edi. Biroq bugungi kunga kelib, jami quvvati 41,6 megavatt bo‘lgan bor-yo‘g‘i 64 ta loyiha ishga tushirilgan bo‘lib, bu umumiy belgilangan quvvatning atigi to‘rtdan bir qismini tashkil etadi. Tadbirda Jahon banki ishtirokida ajratilgan 150 million dollarlik imtiyozli resurslardan foydalanish jarayoni ham sust ketayotgani tanqid qilingan. Rejadagi qariyb 3 mingta loyihadan hozirgacha faqatgina 932 tasi bo‘yicha tashabbuskorlar aniqlangan, xolos.

Importga qaramlikni kamaytirish va 2030 yilga mo‘ljallangan maqsadlar


Sohadagi eng dolzarb muammolardan biri — importga yuqori darajada qaramlikdir. Hozirgi kunda kichik va mikro GESlar uchun zarur gidroagregat hamda butlovchi qismlarning 90 foizi xorijdan olib kelinmoqda. Ushbu muammoni hal qilish uchun shu kungacha 46 ta kichik va mikro GES qurgan «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati tajribasidan foydalanilishi, tadbirkorlarga loyihalash, qurilish-montaj va uskunalar yetkazib berish bo‘yicha kompleks xizmatlar ko‘rsatilishi ta’kidlandi. Mahalliylashtirish mumkin bo‘lgan agregatlar ro‘yxati shakllantirilib, investorlarga ularni O‘zbekistonda ishlab chiqarish bo‘yicha aniq takliflar beriladi, deyiladi xabarda.

Mamlakatdagi daryo va kanallar tarmog‘ining umumiy uzunligi 173 ming kilometrdan ziyod ekanini inobatga olib, betonlashtirilgan kanallarda stansiyalar qurish uchun ulkan salohiyat mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga ushbu obyektlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish va qo‘shimcha loyihalar zaxirasini aniqlash vazifasi yuklatildi.

Umumiy hisobda 2030 yilga qadar bunday stansiyalarning umumiy quvvatini 204,8 megavattga yetkazish rejalashtirilgan. Bu orqali yiliga 620 million kilovatt-soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Mazkur ko‘rsatkich 350 mingta xonadonni «yashil» energiya bilan ta’minlash, yiliga 187 million kub metr tabiiy gazni tejash hamda atmosferaga 311 ming tonna karbonat angidrid chiqarilishining oldini olish imkonini berishi ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida yangi o‘quv yilidan boshlab kichik quvvatli «yashil» energetika yo‘nalishlarida dual ta’lim tizimi joriy etiladi. Energetika korxonalari talabalar uchun bevosita amaliyot bazasi sifatida xizmat qiladi.

Davlat rahbari belgilangan loyihalarni jadallashtirish, xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish, mablag‘lardan samarali foydalanish va uskunalarni mahalliylashtirish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Teglar

Mavzuga oid