Logo

Dollar uch yildan beri ilk marta 11 800 so‘mdan pastga tushdi

Bugun 17:412 daqiqa

So‘mga nisbatan dollar kursi ketma-ket to‘rtinchi ish kuni pasaydi. So‘nggi to‘rt ish kunida kurs 143,01 so‘mga, yilning ilk ish kunidan beri esa 1,7 foizga qadrsizlandi. 20-avgustdan amal qiladigan yangi rasmiy kurs — 11 794,88 so‘m. Bu 2023 yil 10-avgustidan beri eng past ko‘rsatkich

Dollar uch yildan beri ilk marta 11 800 so‘mdan pastga tushdi

19-avgust kuni valuta birjasidagi savdolar yakunida dollar kursi 25,52 so‘mga yoki 0,22 foizga pasaydi. Markaziy bank 20-avgustdan amal qiladigan yangi rasmiy kursni 11 794,88 so‘m etib belgiladi.

Bu dollar kursining 2023 yil 10-avgustidan beri ilk marta 11 800 so‘mdan pastga tushishidir. O‘sha kuni rasmiy kurs 11 667 so‘m edi. 11-avgustda esa kurs birdaniga 408,03 so‘mga oshib, 12 075,03 so‘mga yetgan. Shundan keyin 20-avgustga qadar dollar kursi 11 800 so‘mdan pastlamagan.

Dollar so‘nggi to‘rt ish kunida ketma-ket arzonladi. 14-avgustda 11 937,89 so‘m bo‘lgan rasmiy kurs 143,01 so‘mga yoki 1,2 foizga pasaydi.

Joriy yilning ilk ish kuni — 5-yanvarda rasmiy kurs 12 004,41 so‘mni tashkil etgan. Shundan beri dollar 209,53 so‘mga yoki 1,7 foizga qadrsizlandi.

Dollar kursi O‘zbekistonda qanday shakllanadi?

O‘zbekistonda rasmiy dollar kursi Respublika valuta birjasidagi savdolar asosida belgilanadi. Banklar bu yerda xorijiy valutani sotib oladi va sotadi, kurs esa talab va taklif muvozanatiga qarab shakllanadi.

Import to‘lovlari va tashqi qarzlar bo‘yicha talabning ortishi dollarni qimmatlashtirishi mumkin. Eksport tushumlari, pul o‘tkazmalari va aholi tomonidan banklarga valuta sotilishining ko‘payishi esa bozordagi taklifni oshiradi.

So‘m nega mustahkamlanmoqda?

Markaziy bank dollar kursining so‘nggi kunlardagi ketma-ket pasayishiga aynan nima sabab bo‘lganini izohlamadi. Biroq yilning birinchi yarmidagi raqamlar bozorda valuta taklifi talabga qaraganda tezroq o‘sganini ko‘rsatmoqda.

Yanvar—iyun oylarida xorijiy valutaga bo‘lgan umumiy talab 20 foizga oshib, qariyb 32 mlrd dollarni tashkil etdi. Markaziy bank operatsiyalarini hisobga olmaganda, valuta taklifi esa 31 foizga ko‘payib, 27,8 mlrd dollarga yetdi.

Aholi yarim yilda banklarga 12,3 mlrd dollar ekvivalentidagi xorijiy valutani sotib, 6,8 mlrd dollarlik valuta xarid qildi. Natijada jismoniy shaxslarning ijobiy valuta saldosi 5,5 mlrd dollarni tashkil etdi. Xalqaro pul o‘tkazmalari orqali mamlakatga kelib tushgan mablag‘ ham 9,3 mlrd dollarga yetdi.

Bu omillar ichki bozorda valuta taklifini ko‘paytirib, so‘mning mustahkamlanishiga yordam berayotgan bo‘lishi mumkin. Biroq joriy pasayishni faqat aholi ko‘proq valuta sotayotgani bilan izohlash to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Kursning keyingi yo‘nalishi import talabi, eksport tushumlari, pul o‘tkazmalari va Markaziy bank operatsiyalarining qanday o‘zgarishiga bog‘liq bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid